Shunchalar poyonsiz ekan bu ochun

0
390
marta koʻrilgan.

KOINOT SIRI

Bizni qiziqtirar koinot siri,

Oʻsha yoqlarda ham bormikan hayot?

Birov “Bordir” – desa, “Yoʻq” – deydi biri,

Lekin ikkisi ham hanuz beisbot.

 

Aslida, mantiqqa bogʻliq bu jumboq,

Kutish ishtibohlar qoʻzgʻar odamda.

Kimdir ezgulikni yoʻq deydi mutloq,

Holbuki, yaxshilar koʻpdir olamda.

 

NASIHAT

Qaysidir zamonda donishmand bir zot

Boshqalar qatori kechirmish hayot.

 

Koʻribdi boyligu toʻqchilikni ham,

Koʻribdi muhtojlik, yoʻqchilikni ham.

 

Shoir aytganiday, yashash hajrida

“Goh aql oʻrnini bosgay tajriba”.[1]

 

U hayot sabogʻin shundoq deb bilmish,

Bir kun shogirdiga nasihat qilmish:

 

– Boʻtam, Alloh aylab baxtga muyassar,

Hazrati Xizrga yoʻliqsang agar,

 

Avvalo, muborak qoʻllarini oʻp,

Qutlugʻ izlarini – yoʻllarini oʻp.

 

Tila tilagingni, desalar shoshma,

Boshlarin qotirib haddingdan oshma.

 

Sira ikkilanmay murodingga koʻch,

Eng avval soʻragin bilagingga kuch.

 

Kuch seni xor qilmas aslo, hech qachon,

Xohla, qilich chopgin, xohla, chop ketmon.

 

Oʻrtaga chiqsang gar polvon boʻlgaysan,

Olqishu sovrinlar bilan toʻlgaysan.

 

Polvonning bir umr oʻchmagay shoni,

To kuchi bor ekan – butundir noni.

 

Ikkinchi tilakni ayt desalar boz,

Ovoz soʻra albat, ha, yangroq ovoz!

 

Balki boshliq boʻlib koʻkrak kergaysan,

Oʻsha ovoz bilan buyruq bergaysan.

 

Gulduros naʼrangni eshitgan zamon,

Jim boʻlib qolgaydir har qanday inson.

 

Ovozning yana bir xislati bordir,

Hofiz boʻlib olsang, nafi bisyordir.

 

Toʻyu tomoshaning toʻri seniki,

Barcha davralarning qoʻri seniki.

 

Oʻzi oqib kelar shuhrat va boylik,

Koʻrdingmi, hayoting qandoq chiroylik!

 

Xullas, turmushingni oʻylagin, boʻtam,

Insholloh, birovdan boʻlmagaysan kam.

 

Xizr yoʻldosh ekan – yoʻqdir muammo,

Uchinchi tilaging turibdi, ammo.

 

Gapni har yoqlarga endi burmagin,

Ortiqcha narsani soʻrab yurmagin.

 

Gohi kerak boʻlar u koʻhna naql,

Mayli soʻray qolgin ozgina aql.

 

2011 yil 1 may

 

APOKALIPSIS

Junbushga kelmoqda zamin betoʻxtov,

Goʻyo boshlangandek mudhish bir oʻyin.

Yonib ketayotir oʻrmonlar lov-lov,

Qitʼalarni bosar ajdardek quyun.

 

Zilzilalar tinmas, oʻkirar vulqon,

Otilar jahannam oʻti – lavalar.

Bu holning qoshida ahli Yer hayron,

Hayrondir muftiylar, ravvin, lamalar.

 

Cheksiz koinotning tirik vujudi

Balki toʻlgʻonmoqda zamonlar oʻtib.

Balki ummon boʻlgay togʻlar hududi,

Vaqt inson xohishin turmaydi kutib.

 

Balki milyard yillar ostonasida

Bundan battarrogʻin koʻrgandir zamin.

Balki Yaratgan ham koshonasida

Ortigʻin yoʻqotib, butlaydi kamin.

 

Lekin ne boʻlsa ham inson zotini

Soʻngsiz savollarga koʻmgay ushbu hol.

U faqat bilgaydir oʻz hayotini,

Chorasiz qolgaydir kelganda zavol.

 

Dafʼatan ayqashib yer bilan osmon

Doʻzaxning beshafqat shamoli yelsa,

Deysan, o, kibrga berilgan inson

Sen uni toʻxtatgin, qoʻlingdan kelsa.

 

Kerak boʻlarmikan bizning bu ashʼor,

Kimdir tursa agar koʻzlarin yoshlab.

Inshoolloh, rahm etgay Qodiri Gʻaffor,

Bandasin kulfatga qoʻymagay tashlab.

 

Shunchalar poyonsiz ekan bu ochun,

Uning na boshi bor va na adogʻi.

Samoda bir yulduz topsa ham yakun,

Kamayib qolmaydi uning sanogʻi.

 

Intiho yoʻq erur boqiy qudratda,

Mutlaq, abadiydir “Boʻl!” degan kalom.

Kim ketsa, oʻsha chogʻ, shaksiz, albatta,

Yangi bir zuryodga qoʻyilgaydir nom.

 

Ammo yuraklarda bordir bir alam,

U bois tugamas tashvishlar, gʻamlar.

Zamin talvasasi bosilganda ham

Bir-birin tinch qoʻymas, afsus, odamlar.

 

2011 yil 17 may

 

OʻYIN

Sochimni taramay taragunimcha

Boshimni ular tark eta boshladi.

Tegramga qaramay qaragunimcha

Doʻstlarim birma-bir keta boshladi.

 

Bunchalar chopagʻon boʻlmasa umr,

Bu otni toʻxtatib qololmagaysan.

Gohida berilgan salomga bir qur

Ulgurib alik ham ololmagaysan.

 

Fursating yetmaydi, atrofga qarab

Telpakni qoziqqa hatto ilishga.

Vaqting topilgaydir lekin, voajab,

Kimningdir dilini vayron qilishga.

 

Kimgadir kel deding ertaga shu payt,

Yaxshilik qilishga demak koʻngling toʻq.

Ertan sening uchun mavjudmikan, ayt,

Mavjud boʻlganda ham balki oʻzing yoʻq.

 

Umidni Allohga aylab havola

Balki termulgaysan koʻkka bedarmon.

Misoli oʻyinni buzdi bir bola,

U boshqa oʻyinga endi andarmon.

 

2011 yil 27 iyun

 

AVLODLAR

Bolaligim oʻtgan u chekka qishloq,

Koʻchasin oralab kezaman tanho.

Yoʻl usti, soʻraydi bir bola shu choq:

– Kimning hovlisini izlaysiz, bobo?

 

Men-ku erinmasdan kimligimni ham

Bolaga aytishim mumkin shu joyda.

U meni tinglar yo tinglamas, qaydam,

Buning barchasidan unga ne foyda.

 

Axir oʻtib ketdi necha oʻnlab yil,

Oʻsha kezlarimni eslayman hamon.

Endi begonaman, garchi bu manzil

Menga ham boshpana boʻlgan bir zamon.

 

Bolaga baribir beraman savol

Ota-bobolarin soʻrab atayin.

Qay biri oʻzimga xeshdir ehtimol,

Va lekin koʻplarin yoʻqligi tayin.

 

Bola eslab qolar balki bu holni,

Otasi choyini shopirar ekan.

Bola der: – Koʻchada koʻrdim bir cholni,

Xuddi oʻzimizday gapirar ekan.

 

2011 yil 3 iyul

 

SURAT

Biror surat chizsak eskilar shu on,

– Bas qil, gunohiga qolma, derdilar.

Sendan jonin soʻrar har bir tirik jon,

Jonlining suratin solma, derdilar.

 

Oʻsha aqidalar endi koʻp yiroq,

Bilgayman lof bilan rostning farqini.

Mendan-ku musavvir chiqmadi, biroq

Boshimga koʻtargum rassom xalqini.

 

Behzod chizib ketgan ajib chamanda

Hanuz aziz zotlar yurgan kabidir.

Siz “Mona Liza”ga boqing, chamamda,

Joni oʻzi bilan turgan kabidir.

 

Buyuk sanʼat bilan faxr etar jahon,

Goʻzallik mulkining ganjidir bari.

Lekin xayolimdan ketmaydi hamon

Oʻsha eskilarning oʻsha gaplari.

 

Bir kun suratingni chizgum muqarrar,

Mehnatim behuda ketmasmi ekan.

Sening ham joningni soʻrashsa agar,

Mening muhabbatim yetmasmi ekan.

 

2011 yil 4 iyul

 

HASSA VA QALAM

Tiriklik meni ham izmiga solgan,

Hoyu havaslarning koʻpi yoʻqolgan.

Endi tinch yur sen ham, axir qoʻlimda

Faqat bir hassayu qalamim qolgan.

 

2011 yil 6 iyul

 

SINGIL

Boʻritosh Nosirovaga

 

Quyosh botib ketgan, shom edi qaro,

Xayoliy maktubni yoʻlladim senga.

Qadimiy Nasafning gumbazi aro

Yilt etgan shuʼladek koʻrinding menga.

Yiroqda boʻlsang ham, goʻyo samodan

Kelgandek, mehringni ilgʻaydi koʻngil.

Men uchun qachondir Orif bobodan

Yodgor qolgandeksan, Boʻritosh singil.

 

Kun kecha ayrilmay yurgan doʻstlar ham

Oʻylab salomlashgan paytlar koʻp boʻldi.

Faqat sendaylarni eslaganim dam

Qalbimning qaysi bir kemtigi toʻldi.

 

Senday singillari boʻlmasa agar

Hatto bahodirlar qolgay parishon.

Koʻkda-ku malaklar bordir muqarrar,

Ular zaminda ham mavjuddir, ishon!

 

Boshingga oʻragan shu harir roʻmol

Ezgulik tugʻiga yalov boʻlgulik.

Shukr, singillar bor sendek barkamol,

Oʻchgan oʻchoqqa ham olov boʻlgulik.

 

2011 yil 4 iyul

 

MEROSIYLIK

Zuhro nega yashnaydi,

Yarqiraydi nega oy.

Ularning ham olamda

Egasi bor hoynahoy.

 

Oftobning mahobatin

Koʻray desang sen agar,

Shom choʻkkanda kunbotar

Shafagʻiga sol nazar.

 

Kimdir yaxshi soʻz bilan

Taʼriflasa biror on,

Bu kabi maqtovlardan

Taltayib ketma, inson.

 

Magar taʼma yoʻq ekan

Savobu imdodingda,

Shundoq bir xislat oʻtgan,

Demakki, ajdodingda.

 

Qayga borma, topilgay

Albatta, odam nasli.

Firibgar ham yangidan

Paydo boʻlmagan asli.

 

Ular ham suyak surib

Kelayotir azaldan.

Hattoki joy olishgan

Qasidayu gʻazaldan.

 

Oʻylab koʻrsang, iymonga

Tegishlidir bu kalom:

“Qadim oʻzbek xalqisan” –

Degandi Gʻafur Gʻulom.

 

Faxr eturman shu elga

Men ham farzand erurman.

Bobolarga tutashgan

Bitta dilband erurman.

 

Oʻrnim bordir olamda

Oʻzgalardek barqaror,

Bobolar tufaylidir

Menda ne fazilat bor.

 

Bir zamon oʻtgan edi

Shoir Turdi Farogʻiy,

Bitta edi u zotning

Armoniyu firogʻi.

 

U zamon xalqqa shoir

Birlashgin, degan edi.

Qay qavmdan boʻlsang ham

Sirlashgin, degan edi.

 

Nur sochib turgan kabi

Oʻsha quyosh, oʻsha oy,

Xalqimning tayanchidir

Asli iymon, hoynahoy.

 

Dafʼatan tutilganda

Osmonning oftob, mohi,

Oʻsha shoir Turdini

Eslab qoʻyaman gohi.

 

Bitta deb bildim doim

Qadim oʻzbek yerimni,

Bagʻishladim men unga

Madhiyamni – sheʼrimni.

 

Bu elni olam aro

To abad tanho dedim.

Kichkintoy vakilin ham

Payt kelsa daho dedim.

 

Chunki u mening uchun

Tuganmas armon erur,

Buyuk Vatan qurgali

Ulugʻ bir imkon erur.

 

2011 yil 16 avgust

 

ZAR VA ZIYo

Hikoyat

 

Bu dunyoda zar qadrin

Bilmaganlar nodondir.

Zarni ziyo degan-chi

Nodondan ham yomondir.

 

Allaqaysi zamonda

Katta bir boy boʻlarkan.

Zari koʻp-u, ilmi yoʻq,

Shundan u or qilarkan.

 

Umr tegirmon emas,

Aylanmaydi qaytadan.

Aqling toʻlishgan bilan

Ozayib borar badan.

 

Xudo berib oʻsha boy

Farzandga ham boy ekan.

Uning uch oʻgʻli bor-u,

Bari erkatoy ekan.

 

Oʻyladi boy bir kuni:

– Men-ku oʻtdim besavod.

Zora farzandlarimga

Yuqsa ilm va ijod.

 

Axir oʻqsiz ovlayman

Uchib yurgan gʻozni ham.

Boyligim bor, yollayman

Eng oʻjar ustozni ham.

 

Boyning yoshlik chogʻidan

Ajib feʼli bor edi.

U sanʼatni sevardi,

Qoʻshiqqa xushtor edi.

 

Zoʻr hofizni bir kuni

Qoshiga chorladi boy.

Qoʻyniga qoʻlin solib,

Ogʻzi-burnin qildi moy.

 

Dedi: – Dongdor etgansiz

Hatto qalmoq, moʻgʻilni.

Hofiz qilib bergaysiz

Bizning katta oʻgʻilni.

 

Kun ketidan kun oʻtdi,

Oqib turdi boylik ham.

Ustoz hofiz ter toʻkdi

Shogird uchun chinakam.

 

Va lekin chumolidan

Fil yasab boʻlmas ekan.

Hattoki, jun arqonga

Qil yasab boʻlmas ekan.

 

Katta oʻgʻil aslida

Yoqtirardi qimorni.

Behudaga erta-kech

Qiynar edi dutorni.

 

Bir kech ulkan saroyda

Oʻtar boʻldi zoʻr bazm.

Unga katta oʻgʻil ham

Borishga qildi jazm.

 

Boy oʻtirar, koʻnglida

Umidi bordir, illo.

Shuncha sarfu xarajat

Bekor ketmas, inshollo.

 

Yonida chaqasi yoʻq

Kuychilar ham chiqdilar.

Bashang, yalang, xilma-xil

Toʻychilar ham chiqdilar.

 

Bosh hakam xonning oʻzi,

Jiddiy boqar, kulmaydi.

Afsuski, bunday zotni

Sotib olib boʻlmaydi.

 

Oxirida saman ot

Kimgadir beshak tegdi.

Afsus, afsus, oʻgʻilga

Oddiy bir eshak tegdi.

 

Boyning endi tamoman

Hafsalasi pir boʻldi.

Yutqizgani bir boʻlsa,

Ketqizgani bir boʻldi.

 

Dedi: – Endi yoʻq chora,

Alamni kimdan olay.

Yaxshisi, hofizlarni

Tinglamay qoʻyaqolay.

 

Endi oʻrtanchi oʻgʻil

Turar edi navbatda.

Bor unga tavajjuhi,

Ishonchi ham, albatta.

 

Tuppa-tuzuk yigit u,

Kam-koʻsti qolmagan-da.

(Baʼzan qoʻshiq aytishin

Hisobga olmaganda).

 

Unutilib ketadi

Maqtaganing, urganing.

Bu dunyodan oʻtsang ham,

Turaberar qurganing.

 

Hassani bir yoʻqotdim,

Bu yogʻini bilaman.

Oʻrtanchi oʻgʻlimni men

Katta meʼmor qilaman.

 

Shundoq deya, boy yana

Zarini ishga soldi.

Meʼmor degan hujjatni

Oʻgʻil qoʻliga oldi.

 

Boy dedi: – Oʻgʻlim, faqat

Savob yoʻlin tutgaysan.

Koʻprik qurgin, ustidan

Avval oʻzing oʻtgaysan.

 

Oʻgʻil bilmas bu ishning

Toʻgʻri-yu xatosini.

Bir kuni koʻprik yasab,

Chorladi otasini.

 

Jam boʻlgandi elu-yurt,

Meʼmor xursand oʻzicha.

Qadam qoʻydi koʻprikka,

Koʻpchilikning koʻzicha.

 

Obbo, koʻprik degani

Moʻrt boʻlmasa bunchalik.

Uning holi yoʻq ekan

Bir qadam qoʻygunchalik.

 

Sinib ketdi bor budi,

Qasir-qusur, haloplab.

Meʼmor quladi oʻzi,

Soy suviga shaloplab.

 

Boy shoʻrlikni qora ter

Bezgak kabi bosgandi.

Ikkinchi umidin ham

Shu koʻprikka osgandi.

 

Yoʻliqqandi dardga u,

Yuragi ham oʻynardi.

Bir kuni qandi oshsa,

Bir kun bosim qiynardi.

Mol dunyoning agarda

Shu boʻlsa karomati,

Yaxshisi, jonni olgin,

Kelgin, goʻr qiyomati.

 

Lekin inson zotiga

Hamishalik umid yor.

Boymi u kambagʻalmi

Tiriklikdan umidvor.

 

Endi kenja oʻgʻilning

Kasbi ham unga bogʻliq.

Qadimgilar aytgandek

Avvalo tani sogʻliq.

 

Oʻnta doʻxtir yasashga

Qurbim yetar, dedi u,

Oʻnta hamyon, mayliga

Ketsa ketar, dedi u.

 

Varrakboz oʻgʻilchani

Shaharga joʻnatdi boy.

Oʻlik-tirik sovgʻaning

Sanogʻi yoʻq, hoynahoy.

 

Yana yillar oʻtdilar

Goh chopib, goh imillab.

Boy ham yurdi kun sanab,

Hamma yogʻi simillab.

Eng katta tabiblarning

Muolajasin oldi.

Biri issiqqa tiqsa,

Biri sovuqqa soldi.

 

Kenjatoy oʻgʻilni ham

Boyning zari oʻqitdi.

Doʻxtirlikning yasama

Savatlarin toʻqitdi.

 

Bir kun oʻgʻil otaga

Maqtab iqtidorini,

Ichkizib qoʻya qoldi

Allaqanday dorini.

 

Kim bilsin, boy shoshdimi,

Yoki birov shoshirdi.

Oʻsha fursat bechora,

Omonatin topshirdi.

 

Masal emas bu gaplar,

Yoyinki asal emas.

Kambagʻal salomatu

Boy boʻlgan kasal emas.

 

Aslida zar qadrini

Bilmaganlar nodondir,

Zarni ziyo deganlar

Nodondan ham yomondir.

 

2011 yil 22 iyun

 

 

Abdulla ORIPOV,

Oʻzbekiston Qahramoni,

Xalq shoiri

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 10-son

 

[1] A.Pushkin satridan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.