Shotutlar qon boʻldi, uzumlar mayiz…

0
117
marta koʻrilgan.

Tahririyatimizga sheʼriy mashqlarini joʻnatadigan yoshlarimiz koʻp. Bir juft boʻlsa-da, sheʼrlari jurnal sahifalarida chop etilishini xohlaydilar. Ammo, nimayam derdik, hali “obi tobiga” yetmagan mashqlarni eʼlon qilib, yosh niholga ziyon, oʻquvchiga malol yetkazgimiz kelmaydi.

Fargʻona viloyatidan kelgan navbatdagi maktub esa birdan eʼtiborimizni tortdi. Avvalo, oʻta ixchamligi va noodatiyligi, qolaversa, sheʼrlardagi samimiyatu yangi ifodalari bilan. Maktubga ham, sheʼrlarga ham ortiqcha izoh, sharh bermasdan, eʼtiboringizga havola qilishni maʼqul topdik.

Tahririyatdan

 

 

***

Bundan oʻn yil oldin

Suqilgan koʻchat

Yerda ildiz otib,

Hosil bergandir.

 

Bundan oʻn yil oldin

Tugʻilgan goʻdak

Suyak-eti qotib,

Botir boʻlgandir.

 

Bundan oʻn yil oldin

Dorilfununda –

Kunlar uzunmidi,

Yilga nisbatan?!

 

Bundan oʻn yil oldin…

Yomgʻirli tunda

Behad suluv eding,

Agar… Eslasang…

 

 

Soʻnggi daraxt

 

Bir daqiqa olmasang nafas

Va oʻpkangga bormasa havo.

Koʻzing irgʻib, koʻkarib, noxos

Tipirchilab qolarsan, ammo…

 

Dahshatlisi, sogʻ aql bilan

Tanazzuling anglagan holda.

Oʻy surarsan, ildizim silab

Bir qoʻlingda zanglagan bolta.

 

 

Idil

 

Bunda…

Osmon pastlab ketganday…

Bulutlarga yetguday qoʻling.

Ogʻir toshlar tushar yelkangdan,

Xayolingga kelmaydi oʻlim.

 

Goʻyo qadim zamondan beri

ovloq goʻsha yoqib qolgan-u

qaynoq qumga bagʻrini berib

uzun boʻlib yotib olgan suv.

 

 

Sen

 

Sen sira ham avtobusda yurmaysan.

Odam zich joylarda yoʻqliging aniq.

Issiq nonga navbat kutib turmaysan,

Bozorga tushmaysan savat koʻtarib.

 

Chetlanib oʻtasan xiyobonlardan,

Hayvoniy ehtiros sen uchun emas.

Va tagʻin bachkana riyokorlardan

Nafratni yashirish qoʻlingdan kelmas.

 

Qoningda magʻrurlik azaliy, tugʻma.

Garchi yursang hamki yupun, ochiqqan,

Arzon kafelarda yutmaysan luqma

Ming bir kas ogʻziga tiqqan qoshiqdan.

 

Koʻnglingni behuzur qiladi dayus,

Behayo koʻzlarning taʼqibi zimdan.

Sevgingga munosib yigit yoʻq, afsus,

Senga noloyiqman hatto oʻzim ham.

 

 

Oniy manzara

 

Koʻngilga qoʻshiq ham sigʻmaydi gohi,

Kamiga yoʻl tirband, vaqt esa tigʻiz.

Bir oniy lahzada tortding nigohim,

Deraza oldida oʻyga tolgan qiz.

 

Saharlab shaharga oshiqqan qancha,

Begona taqdirlar kelar yuzma-yuz.

Sen esa qoʻlingni qovushtirgancha,

Oʻtkinchi kaslarga boqarding maʼyus.

 

Nelarni oʻylading subhi sodiqda?

Oʻychan koʻzlaringda sinarkan ziyo.

Bu hissiz gavdalar qogʻoz qolipday,

Nochor koʻrindimi pulga oʻch dunyo?

 

Ehtimol, xonangga toʻlgan bemaza,

Noxush xayollarni quvmoq istading?

Shundan parda yigʻiq, ochiq deraza,

Yomgʻirda yuzingni yuvmoq istading?

 

Lekin nega sen-la xayolim bandi,

Bu gʻussa qayerdan – oʻzim bilmayman.

Shaharda adashgan boladek gangib,

Yoʻlning oʻrtasida nega yigʻlayman?!

 

Men ham bir oʻtkinchi… Senga yetti yot,

Lekin bu iztirob, bu yosh… gʻalati.

Endi xotiramdan oʻchmas umrbod,

Deraza oldida turgan holating.

 

 

Seni kutdim

 

Eng yaxshi kunlarni yashadim yolgʻiz,

Dalli tugʻyonlarni jilovda tutdim.

Shotutlar qon boʻldi, uzumlar mayiz…

Seni kutdim.

 

Hushimdan ayirdi rayhon boʻylari,

Boshimdan gul elab bahorlar oʻtdi.

Keyinni oʻyladim, seni oʻyladim…

Seni kutdim.

 

Qizlarga qoʻl berib koʻrishsam bormi,

Haqqingga xiyonat qilganday xuddi.

Vijdonim qiynaldi, ogʻridi jonim,

Seni kutdim.

 

Tirik jon bormikin holim tushungan?

Koʻrmagan insonni qizgʻondim, kuydim!

Seni izlab bormoq imkonsiz, shunga,

Seni kutdim.

 

Bilaman, bir kuni kelarsan yoʻqlab,

Kelmay ilojing yoʻq! Bu azal hukmi!

Oʻshanda eng soʻnggi kuchimni toʻplab,

Nihoyat aytarman,

Men seni kutdim.

 

 

* * *

 

Qanday tez oʻtdi bolalik!

Quyosh toʻgʻri koʻzimga botar.

Yalpiz tergan qizlar bolali,

Shumtakalar boʻlibdi ota!

 

Bir mahallar bu mahallada,

Bolakaylar chopib yurardik.

Tashvish degan gap yoʻq kallada,

Koʻchalarda yotib yurardik.

 

Bu yoʻllardan oʻtganda har gal,

Dimogʻimda rayhonlar isi.

Birga oʻynab katta boʻlganday,

Sen yodimga tushganing qiziq.

 

Jamoliddin Badalov

1989 yili tugʻilgan. Fargʻona davlat universitetining filologiya fakulteti talabasi.

 

“Yoshlik”, 2018/3

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.