Shayx Najmiddin Kubro ruboiylaridan

0
179
marta koʻrilgan.

1

Chun har neki yoʻq… yoʻqdir u – bodi havas,

Chun har neki bor, bori – nuqsonu shikast.

Bilgilki, u yoʻq deganlari – bor, hayot,

Bilgilki, u bor demishlari – yoʻq, abas…

 

2

Yoʻlingda samar hadis va afsona emish,

Koʻyingda kezib el bari devona emish,

Savdoying ila men kabi ming dilsoʻxta

Kaʼba sarimas, ozimi butxona emish…

 

3

Xoshoki, koʻngil sendin judoligʻ istar,

Bir oʻzgasi birla oshnoligʻ istar.

Har kimsaki doʻsti bor – kechar mehringdin,

Koʻyingdaki kim kechar – gadoligʻ istar…

 

4

Chun haq va talab yoʻliga kirmoq joiz,

Dunyo etagin tutib, yugurmok joiz.

Koʻrmoqqa oʻzingni saʼy etgil, zero,

Olam koʻzi birlan uni koʻrmoq joiz…

 

5

Ishq yetsa koʻngilga, dilga u dard aylar,

Dardi dili mard mardni boz mard aylar.

Oʻz otashi ishqida yonar ul, vale

Doʻzaxni chu oʻzgalar uchun sard aylar…

 

6

Ey vasling oʻlib maoyina dushmani dil.

Kim yelga ucharmish ul hama xirmani dil.

Ul damki sanamlar yuziga termulsang,

Bilgilki, gunoh ostidadir gardani dil.

 

7

Ul boda ichib demasmen: hushyor boʻlayin,

Bul mastlig aro nainki bsdor boʻlayin.

Bir jomi tajalliyi jamoling menga bas,

Yoʻqligu borlikdin bezor boʻlayin…

 

8

Chun nonga chekib toatu taqvoi,

Soʻng suprada it oldiga qoʻysam oni,

Ul it agarchi och erur, zindoniy,

Nomus yuzidan ogʻziga olmas oni…

 

9

Ey dil, diyonatda ajab rasvosen,

Insof bila ayt, ishqqa nechuk oshnosen?

Ishq otashi tez erur, sendek suv emas,

Tuproq chu boshingtak-ki yetar, bilgosen…

 

10

Ay tun, qorongʻu tun, sahar boʻlgaysen,

Bu dardi dilimga sen samar boʻlgaysen.

Ay subh, otlanib kelarsan, oyo

Maqsudi dilim sari xabar boʻlgaysen…

 

11

Ul dev ichimdadir, chu pinhon ermas,

Kim bosh koʻtarib yurmagi oson ermas.

Iymonini ming martaba talqin qildim,

Ul kofir oʻzi, asli musulmon ermas…

 

12

Har lahza bu mardonayu farzona koʻngil,

Yongay sening ishqing bila jonona koʻngil.

Bir lahza muhabbat mayini tark etsam,

Toʻlgay shu jigar qoniga paymona koʻngil…

 

13

Bul shoʻxu parishonligimiz boisi ul,

Oshuftayu hayronligimiz boisi ul.

Har kokili toriga necha dil boylab,

Chun gʻunchai xandonligimiz boisi ul…

 

14

Darvesh eliga aylama taʼn: xor ular,

Har nechaki bor ular, chunin bor ular.

Bilmoq tilaging esa ular aslida kim –

Olam mayini buyurki, xummor ular…

 

15

Yuzing, malagim, olamoroyi hama,

Vasling tunu kun, bas, tamannoyi hama.

Xushdir menga el oldida ohlar urishim,

Lek elga yoqar ohi hama, voyi hama…

 

16

Bir kun koʻrasenki, men bejondirmen,

Tegramda xaloyiq toʻla afgʻondirmen.

Qabrim boshiga kelib oʻtirgil, aytgil:

Oʻldirdim oʻzim, vale pushaymondirmen…

 

17

Vasling ila toleim fuzundir kechasi,

Hajring bila bori diyda xundir kechasi.

Ay, zulfing oʻlib misoli kun soʻnggida shom,

Voy, ikki yuzing misoli kundir kechasi…

 

18

Sofiy boʻlibon bir kecha noloi – giryon,

Qoʻzgʻol ba hazrati xudovandi jahon,

Qon-yosh toʻkibon qoʻlingga xanjar olgil,

Soʻng urgil uni oʻzingga, tark et makon…

 

19

Chun sharbati ishqing bila dil mast boʻlgay,

Ham hajru firoqing ila ul past boʻlgay.

Ilking uzatib, sen bu yiqilganni koʻtar,

Nest boʻlgan oʻshal tan va koʻngil hast boʻlgay.

 

20

Ul silsilamoʻi ohudin qoʻrqarmen,

Ul nozu karashma, kulgudin qoʻrqarmen.

Har kimsaki koʻrqadir yomon koʻzlardin,

Men bechora shu chashmi jodudin qoʻrqarmen…

 

21

Har necha umrga mehri jon boʻldi talab,

Paydo va nihonga begumon boʻldi talab.

Koʻngil eshigin ochdiyu lekin koʻrgil –

Ul qaydayu bizga ne makon boʻldi talab…

 

22

Oy yuzli sanamlarki, chu oftob siypa,

Ul asli chigillardin emish, oʻylagin-a .

Koʻngil olishar va jonga xanjar solishar,

Ul jumla balo boʻlsa alardin ne gina…

 

23

Ey roziqi moru moʻru zogʻu bulbul,

Kul boʻldi hama ul senga boʻlganlar qul.

It panjasiga bahona bergan ssnsan,

Sendadir oʻsha ne qilsa totoru moʻgʻul.

 

24

Har sabzaki suv yaqosida yuz ochmish,

Bir ruhi farishtadir magar, koʻz ochmish.

Bir xoki parivashki, yomon qoʻyma qadam.

Bu goʻshaki chun lolavu nargis ochmish…

 

25

To ahli faqirga xamnishin etmishsen,

Bemunisu tolei zabun etmishsen.

Kim bunga yetishdim senga oshnoligʻ ila.

Aytgil, nega inchunin etmishsen…

 

Jamol Kamol tarjimalari

 

“333 ruboiy” (Toshkent, “Musiqa” nashriyoti, 2007) kitobidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.