Shavqu armonim gʻazal

0
524
marta koʻrilgan.

Hayot ichra hayot boʻlding,

Qanot boʻlding, najot boʻlding,

Keturding ham safo menga,

Yeturding ham jafo menga.

 

 INSON

(Qasida)

 

Sobitu sayyorada

Inson oʻzing, inson oʻzing.

Mulki olam ichra bir

Hoqon oʻzing, sulton oʻzing.

 

Sobit oʻz maʼvosida,

Sayyor fazo dunyosida,

Koinot sahrosida

Karvon oʻzing, sarbon oʻzing.

 

Shams – dil taftingdadur,

Sayyoralar kaftingdadur,

Keng jahon zabtingdadur,

Bogʻbon oʻzing, posbon oʻzing.

 

Bu yorugʻ dunyo nadur?

Koshonadur, vayronadur,

Senga mehmonxonadur,

Mehmon oʻzing, mezbon oʻzing.

 

Bunda oq birla qaro,

Zulmat, ziyo, shohu gado,

Jang qilurlar doimo,

Ul yon oʻzing, bul yon oʻzing.

 

Sen balo, ham mubtalo,

Xayr ila kin, rostu riyo,

Fitnagar olamaro

Fatton oʻzing, qurbon oʻzing.

 

Goh adolat bogʻida,

Piri adovat gohida,

Oʻz diling dargohida

Shayton oʻzing, gʻilmon oʻzing.

 

Xormisan yo gulmisan,

Tojdormisan yo kulmisan,

Chugʻzmisan, bulbulmisan,

Nodon oʻzing, xushxon oʻzing.

 

Bu hayot oʻrmon ekan,

Jon borki, qasdi jon ekan,

Bunda qatl oson ekan,

Sirtlon oʻzing, jayron oʻzing.

 

Bu hayot ummon ekan,

Ummon abad gardon ekan,

Qatradek sarson ekan,

Sarson oʻzing, gardon oʻzing.

 

Mashʼali fikrat – sening,

Ham changali vahshat sening,

Gʻayratu gʻaflat sening,

Javlon oʻzing, uryon oʻzing.

 

Qildingu oyda xirom,

Ham yerda qon toʻkding harom,

Ushbu holindan mudom

Xandon oʻzing, giryon oʻzing.

 

Minding ilm narvoniga,

Chiqding funun osmoniga,

Bu jahon ayvoniga

Arkon oʻzing, vayron oʻzing.

 

Zarrani ijod etib,

Dahshat balo bunyod etib,

Oqibatni yod etib

Hayron oʻzing, hayron oʻzing.

 

Bogʻi arz obod erur

Sendin agar imdod erur,

Yoʻqsa u barbod erur,

Toʻfon oʻzing, toʻgʻon oʻzing.

 

Sen hilol, yulduz, salib,

Tavrot, Zaburdin yuksalib,

Boymisan yoki gʻarib,

Komron oʻzing, yakson oʻzing.

 

Kim farangi, kim habash,

Irq, qon talash, imon talash,

Shulmi insondek yashash,

Armon oʻzing, afgʻon oʻzing.

 

Mamlakatga mamlakat,

Millatga millat boʻlsa qasd,

Qilgʻuvchi soʻng oqibat

Armon oʻzing, afgʻon oʻzing.

 

Onaizoring – zamin,

Tanho yoʻgʻu boring – zamin,

Xasta bemoring – zamin,

Oʻgʻlon oʻzing, darmon oʻzing,

 

Bagʻrida yotquchi – sen,

Neʼmatlarin totquchi sen,

Tigʻ boʻlib botquchi – sen,

Paykon oʻzing, qalqon oʻzing.

 

Marsga toʻp otquvchi – sen,

Zuhroni uygʻotquchi – sen,

Uyquda qotquchi – sen,

Uygʻon oʻzing, uygʻon oʻzing.

 

Kelding olamga, demak,

Yetmas uni soʻrmak, yemak,

Yerni etmogʻing kerak

Boʻston oʻzing, rizvon oʻzing.

 

Soʻzga ham poyon boʻlur,

Yozsam yana devon boʻlur.

Rustami doston boʻlur,

Doston oʻzing, devon oʻzing.

 

Boʻlmasin subhing qaro,

Bor boʻl mudom borliq aro,

Oʻzni etgil doimo

Inson oʻzing, inson oʻzing.

 

Ey, sen Erkin, sen bukun

Yozding dilingdan bir tugun,

Sen kimu ne dahri dun,

Biyron oʻzing, nodon oʻzing.

1973

 

 

MUHABBAT BIRLA…

 

Muhabbat birla chekkan –

Gʻurbating rohat bilan tengdur.

Muhabbatsiz va lekin

Ishrating kulfat bilan tengdur.

 

Unga jonu jahonim

Boy berib olamda boydurman,

Sening, ey bemuhabbat,

Nusrating hasrat bilan tengdur.

 

Riyo ahlining aldoq –

Hurmatiga nafratim bordur,

Sening, ey doʻst, menga

Nafrating shafqat bilan tengdur.

 

Muhabbat otashini

Hech qachon doʻzaxga teng qilmam,

Nechunkim, menga nurli –

Talʼating jannat bilan tengdur.

 

Kechib qoʻy, oshiq oʻlgach,

Ikki olam mulkidan, Erkin,

Muhabbat ichra barcha –

Zahmating davlat bilan tengdur.

1973

 

 

SEVGI OTASHI

 

Qon emasdur jism aro ul,

Shuʼlasidur ishq oʻtin,

Moʻy emasdur tan uza bul,

Soʻxta jonimdan tutun.

 

Bilmadim, ul otash ichra

Oʻrtanib boʻlgumado

Yo samandardek chiqarman

Oʻt arosidan butun.

 

Mumkin ermas xas ichida

Choʻgʻni pinhon aylamak,

Ishq solib jismimga yongʻin,

Oshikor oʻldi bukun.

 

Ishqu hajr olamga meros,

Boʻyla merosdur azal

Bizga Farhoddan fidolik,

Bizga Majnundan junun.

 

Ishq bir oftobdur munavvar,

Zarradan Zuhro qadar –

Ul quyoshning tegrasida

Aylanurlar besukun.

 

Yor sevib, olding sen, Erkin,

Bu jahondin koʻp saboq,

Bundan ortiq qayda maktab,

Qaydadir dorilfunun?

1973

 

 

JON TALASH

 

Jon bilan dil oʻrtasida

Boʻldi ul jonon talash,

Ne ajab, oʻzbek uyida

Doimo mehmon talash.

 

Mulki dil jon xayli birlan

Yor taloshini qilur,

Qay zamon boʻlmish ikki el –

Oʻrtasida xon talash?

 

Jonu dil xunrezlik aylab

Boʻldi oxir tilka jon,

Dil esa majruh, anorning

Donasidek qontalash.

 

Jonu dil qildi taloshu

Bunda keldi ming balo,

Oʻrtada men mubtaloyu

Zoru sargardon talash.

 

Bu talosh vasfini bitsam

Lolazor boʻlgay zamin,

Soʻzlarim anjumi sigʻmay

Lavhai osmon talash.

 

Bilmam, ul oy jonu koʻngil –

Birla krlgay, yo ketur,

Vahki, qolmoq birla ketmok

Oʻrtasida jon talash.

 

Jon-ku, bir parvonadur,

Erkin, uni hech oʻylama,

Ishq bozorida boʻlsin

Sen bitar devon talash.

1973

 

 

QOʻLLAR

(Qasida)

 

Taningda kamtarin aʼzo

Bu qoʻllardir, bu qoʻllardir,

Mudom mehnat uchun paydo

Bu qoʻllardir, bu qoʻllardir.

 

Jahonda toki bunyodsen

Ki, nomi odamizodsen,

Yuraqdek tinmagan aslo

Bu qoʻllardir, bu qoʻllardir.

 

Hayot deb yerdan uzsang ham,

Najot deb koʻkka choʻzsang ham,

Tiriksan to senga oshno

Bu qoʻllardir, bu qoʻllardir.

 

Zamin bunyodi bu qoʻllar,

Uning barbodi bu qoʻllar.

Saodat ham buyuk savdo

Bu qoʻllardir, bu qoʻllardir.

 

Gʻazal baxsh etgan olamga,

Ajal keltirgan odamga

Bu tigʻdir, bu guli raʼno,

Bu qoʻllardir, bu qoʻllardir.

 

Sevar yorga gul uzgan ham,

Ochiq kaftini choʻzgan ham

Tilab xayru zakot tanho,

Bu koʻllardir, bu qoʻllardir.

 

Jahon daʼvosini etgan,

Jahondin lek ochiq ketgan

Skandar ilki bedaʼvo

Bu qoʻllardir, bu qoʻllardir.

 

Kulol aylantirar charxin,

Qaro loy sanʼat oʻlgay chin,

Bujur, lek sanʼati zebo

Bu qoʻllardir, bu qoʻllardir.

 

Tutibdur igna jonona,

Boʻlibdur sheʼr soʻzona,

Oʻzi oltin, ishi tillo

Bu qoʻllardir, bu qoʻllardir.

 

Ajab, nozik bu barmoqlar

Terib misqol qilur togʻlar,

Jahonda eng buyuk kimyo

Bu qoʻllardir, bu qoʻllardir.

 

Diyorimbir saxiy soqiy,

Orol unga mayi boqiy,

Siru mavjli Amudaryo

Bu qoʻllardir, bu qoʻllardir.

 

Qoʻyib nuqta qasidamga,

Boqarman tonggi olamga,

Quyoshdan shuʼlalarmu yo

Bu qoʻllardir, bu qoʻllardir.

 

Salom, oftob, salom, dunyo,

Salom, sheʼrim, seni tanho

Yurakmas aylagan insho,

Bu qoʻllardir, bu qoʻllardir.

1975

 

 

BIR QADAM

 

Ikkimizning oʻrtamizda

Yoʻl, diloro, bir qadam.

Shunchalar mushkulmi qoʻymoq

Senga, zebo, bir qadam.

 

Koʻzlarimning nuri boʻldi.

Yoʻlga poyandoz, kel,

Sen qasam ichdingmi yo, deb –

Qoʻymamaslo bir qadam.

 

Men seni Zuhroyu Oy deb

Iltijo qildim va lek

Sen yiroqsan, garchi menga

Oyu Zuhro bir qadam.

 

Parda ichra oftobim,

Yonida men nurga zor,

Tashnaman, qirgʻokdadurman –

Bunda daryo bir qadam.

 

Ne ilojkim, sevgi rasmi

Shul ekan taqdir azal,

Hech pisand ermas masofa,

Mushkul ammo bir qadam.

 

Intizorlik telba qildi,

Telbalikka yoʻq iloj,

Jonidan kechgan kishiga

Ikki dunyo bir qadam.

 

Bas, shikoyat qilma, Erkin,

Jurʼat aylab yoʻlga chiq,

Senga bir odim Samarqand,

Soʻng Buxoro bir qadam.

1976

 

 

* * *

 

Ajab, yoshlikni ne qildim –

Faqat orzuda oʻtkardim.

Hayot oldinda deb bildim.

Shu pok tuygʻuda oʻtkardim.

 

Hamisha nenidur kutdim,

Hamisha yoʻlga koʻz tutdim,

Umrning yarmini oʻtdim,

Shirin uyquda oʻtkardim.

 

Qoʻnib chekkamga oq tola,

Boʻlibman qirq yashar bola,

Ki, yoshlik ketdi, men vola,

Nahot, behuda oʻtkardim?

 

Sovir bir kun yurak qonim,

Kelar osudalik onim,

Ajab tugʻyonli davronim

Nechun osuda oʻtkardim?

 

Sevib, bilmay sevish rasmin,

Tilab hijronda yor vaslin,

Muhabbatning shirin faslin,

Koʻring, qaygʻuda oʻtkardim.

 

Qolib borliq oʻzi birlan,

Boqib hayrat koʻzi birlan,

Kunim sheʼr dilsoʻzi birlan

Yoniq joduda oʻtkardim.

 

Bas ey, bas, chekma afsus, dil,

Hamon orzu qil, orzu qil,

Umid – nur, qirqni men qoyil,

Faqat yogʻduda oʻtkardim.

1976

 

 

ShOIRA SAIDA ZUNNUNOVAGA

 

Hech otash dil bul yoniq

Dilcha boʻlurmi, hay-hay,

Hech biyron til bu jonsoʻz

Tilcha boʻlurmi, hay-hay.

 

Bu yurakning tugʻyoni

Vulqoncha boʻldi, qaydan?

Qoʻshiqlari daryoi

Nilcha boʻlurmi, hay-hay.

 

Nasrda buncha shiddat,

Nazmda buncha sanʼat,

Sheʼr bundoq qirq yorilgan

Qilcha boʻlurmi, hay-hay.

 

Ikki oʻn yetti yoshu

Bir oʻn olti koʻribsiz,

Mazmunda lek har kun

Yilcha boʻlurmi, hay-hay.

 

Saida soʻzi borliq

Olamni oʻrtaganda

Qanoatda Said Ahmad

Filcha boʻlurmi, hay-hay.

1976

 

 

FURSATING

 

Fursating yetmaydi doim,

Hech qachon yetgan emas.

Mehnating bitmaydi doim,

Hech qachon bitgan emas.

 

Chun zamondek bepoyondir

Koʻksing ichra orzu,

Fursatu orzuni quvlab

Hech kishi yetgan emas.

 

Intilar borliqni inson

Barkamol etmoq uchun,

Ne ajab, insonni borliq

Barkamol etgan emas.

 

Menda na borliq xayoli,

Menda na yoʻqliqqa gʻam,

Manglayimga chunki sheʼrdan

Oʻzga zar bitgan emas.

 

Vaqt kelar, mehnat bitar,

Boʻlgʻusi vaqt hambemalol,

Chunki u dunyoga hech kim

Ish olib ketgan emas.

1976

 

 

ShAHR ARO…

 

Shahr aro koʻzlardan oʻzga

Dilkusho maskan topay,

Unda oʻzni sen bilan

Bir jon koʻray, bir tan topay.

 

Necha kundirkim, yoʻqolmish

Dilda oromim, uni –

Bu kecha izlab sening

Jodu qarogʻingdan topay.

 

Tun qorongʻusida men

Soching shabistonin koʻray,

Tongotarda yuzlaringni

Tong kabi ravshan topay.

 

Men koʻngil koʻyiga kirsam,

Bilmayin bossamtikan,

Tush bilib, taʼbir etingkim,

Oʻngda bir gulshan topay.

 

Ayri til birlan riyo

Bersa menga yuz yaxshi doʻst,

Doʻst kerakmas, toʻgʻri soʻzlab

Bir halol dushman topay.

 

Neki maqsud bor koʻngilda,

Pok koʻngil birlan yetib,

Neki baxt topsam jahonda,

Bir oʻzing birlan topay:

 

Bir umr Erkin muhabbat

Otashida yonmasam,

Oʻtga chulgʻansin vujudim,

Qatlima gulxan topay.

1977

 

 

YOSHLIGIMDA…

 

Yoshligimda kelgan omad

Men uchun omad emas,

Yoshlik andoq baxt erurkim,

Oʻzga baxt hojat emas.

 

Neki tole boʻlsa, koʻrsam

Deyman ulgʻaygach yoshim,

Yoshligimga, chunki baxtni

Qadr etish odat emas.

 

Tong kuvonchi birla yayrab

Nurga chulgʻangan chogʻim

Men uchun shomi gʻaribon

Vaqt emas, soat emas.

 

Yoshligimda, ne taajjub,

Bilmasam doʻst kadrini,

Chunki yolgʻizlik, gʻariblik

Men uchun holat emas.

 

Tut qadah, doʻstim, tilarman

Soʻnggi qatra lazzatin,

Kim, bu lazzatsiz hayot ham,

Boda ham rohat emas.

1977

 

 

NAVOIY GʻAZALIGA MUXAMMAS

 

Ayriliq oni yaqindur, kema yoʻl bongin cholur,

Vah, meni tashlab firoqqa, yor yiroqqa yoʻl olur,

Jon borib jono bilan, sohilda bir jismim qolur,

Har qachonkim kemaga ul oy safar rahtin solur,

Mavjligʻ daryo kabi oshufta koʻnglim qoʻzgʻolur.

 

Men necha aytdim, koʻngul, jondin kechib yor sevma deb,

Soʻng yiroqqa ketsa tashlab, urma oh, dod dema deb,

Ketdi yor, bas endi, kim aytdi yoshingni tiyma deb,

Yigʻlama, ey koʻz, nedin sohilga chiqmas kema deb,

Kim yoshing daryosidur har sorikim el koʻz solur.

 

Yel turar, yigʻlar falak, bu guldurak ham barq dema,

Dardi hijronimni oʻkrab soʻzlar osmon har kima,

Jism aro jondek omonat chayqalib borgay kema,

Titrabon siymobdek koʻnglim, yetar jon ogʻzima,

Tund yel tahriqidin har damki daryo chayqolur.

 

Ey falak, bas, yigʻlama, yoʻq foyda, ul oy kemada,

Oʻrtada daryoyu men bu joyda, ul oy kemada,

Kelmas endi, oyda ne, ming oyda, ul oy kemada,

Sabr koʻngulda, koʻngil ul oyda, ul oy kemada,

Vahki, borib, termulib koʻz, mungrayib jonim qolur.

 

Taskinim shulkim, kema koʻzdan yoʻqolmabdur hali,

Bir nafas bor fursatim yor yoʻliga termulgali,

Oh, demay, saklab nafas, qoʻzgʻolmayin turdim, vale,

Dam tutilgandin oʻlar eldek yetibman oʻlgali,

Surmasin deb kemasin, baskim, nafaslar asrolur.

 

Ey shamol, jim tur, samo jim, mavjudot, bir lahza jim,

Tingla, olam, tingla, odam, sen agar boʻlsang-da kim,

Buldur ustoz pandi: siymin tandin oʻzga surma siym,

Kirma savdo bahriga olamdan istab sudkim,

Siym naqdi tushsa, lekin umr naqdi siygʻolur.

 

Sun qadah, bergil menga jonim haqin, ey piri dayr,

Kim qadahlar zarbidan chiqsin chaqin, ey piri dayr,

Bormi Erkinga ul ustozdin yaqin, ey piri dayr,

Gʻarq etar bahri fano gʻam zavraqin, ey piri dayr,

Ilgiga chunkim Navoiy boda kishtisin olur.

1977

 

 

BAHOR MUSTAZODI

 

Gul faslida soz oldi yana

ahli navolar,

kuy boshladi yona.

Ne tongki, goʻzal boʻldi jahon,

eru samolar,

har tilda tarona.

 

Koʻk birla zamin bir-biriga

oshiqu maʼshuq,

bir-birga tutashgan,

Sochmoqda u boron ila

jonbaxsh ziyolar,

ichmoqda bu qona.

 

Zumrad dalalar bagʻriga

oʻt qoʻydi shafaqgun

raqs etguvchi lola,

Yondirganidek bizni pari

mohi liqolar,

oʻt nasli – jonona.

 

Gul boshin egib jilmayadir,

baxtli kelinchak,

mashshotasi – oftob,

Bulbul tilida nola nadir,

zavqli sadolar,

bu – savti zamona.

 

Men ham qalamim qoʻlga olib

oʻy suradirman,

tashbih qidirurman,

Yurt shaʼniga yozmoq tilagim

hamdu sanolar

Shayxu Gʻafurona.

 

Ey sen, Vatanim, menga oʻzing

bitta jahonsan,

bir oʻgʻling erurman,

Jon boricha koʻnglimda senga

sidqu vafolar, –

sen menga yagona.

 

Men neki yozar boʻlsam, oʻzing

boisi nazmim,

madhim senga doim,

Bitdim yana, jonim, yuragim.

senga navolar,

gul fasli bahona.

1980

 

 

PIYOLA

 

Chinni zavodi qizlariga

 

Tuproq oʻzi ne aslan,

Undan guvola boʻlgay,

Jonon qoʻlida tuproq

Jonon piyola boʻlgay.

 

Bir kosa ichra lim-lim

Tillo suvidur oftob,

Tekkach piyolaga nur –

Zarnaqsh tola boʻlgay.

 

Tong unga bergay oqlik,

Solgay bahor gullar,

May noʻsh etib shafaqgun

Bechora lola boʻlgay.

 

Yoʻq, ul piyola ermas,

Sanʼat ekan mukammal,

Koʻrganda yetti iqlim

Hayronu vola boʻlgay.

 

Jonon piyola qilgan

Jonon qoʻlidan Erkin

May ichmasa dilida –

Oʻlguncha nola boʻlgay.

1982

 

 

OʻZIMGA SAVOL

(Mustazod)

 

Umring oʻtadir, sen na xayollar suradirsan,

Begʻam yuradirsan?

Maqsad ne, farogʻat koʻyiga yoʻl buradirsan,

Kimga joʻradirsan?

 

Ochilgali koʻz shartmi ekan toshga bosh urmak,

Soʻng koʻzni yashurmak,

Ne oʻy bila nodon toshiga bosh uradirsan,

Ne naf koʻradirsan?

 

Yillar koʻpi ketdi, ozi qoldi, ne qilolding,

Kim boʻla olding?

Qum ustiga sen boʻyla imorat quradirsan,

Hamaysh suradirsan.

 

Haddingni bilib chek qoʻy oʻyin, bazm, oʻtirishga,

Koʻz och, oʻtir ishga.

Koʻrsatmagay ul kunniki, sen oh uradirsan,

Hayron turadirsan.

 

Yigʻlab keladir ushbu jahonga aziz inson,

Kulgay u ketar on.

Shoyadki, hayot qarzin uzib ulguradirsan,

Qah-qah uradirsan.

1983

 

 

DOʻSTGA BIZ SOGʻAR UZATDIK…

 

Mehnatu zahmatda kechdi

Subh birla shomimiz,

Sidqdin chikdi yomonga

Oqibatda nomimiz.

 

Doʻstga biz sogʻar uzatdik,

Ol, dedik, doʻstlik uchun,

Zahr ila toʻldirdi ul doʻst,

Vah, koʻtargan jomimiz.

 

Biz yurakda mehru shafqat

Goʻshasin tiklab edik,

Qaysi uyga soya soldi

Bu koʻtargan tomimiz?

 

Qaysi doʻstning arpasin biz

Xomoʻrib qoʻygan edik,

Boshimizga urdi-ku, oh!

Pishmagan bu xomimiz!

 

Olam ahli ichra biz ham

Bosh tutib yursak edik,

Noumid shayton, demishlar,

Kelgay ul ayomimiz.

 

Ey, olis avlod, bilursan

Biz kimu armon nedir,

Bir zamon yetsa qoʻlingga

Dardli bu paygʻomimiz.

1988

 

 

YAXShIDIR ACHChIQ XAQIQAT

 

Yaxshidir achiq xaqiqat,

Lek shirin yolgʻon yomon,

Ul shirin yolgʻonga mendek

Aldanib qolgʻon yomon.

 

Umrimiz aldoq jahonda

Aldanib oʻtgay, va lek

Soʻnggi qiynalgʻon yomondir,

Soʻnggi qiynalgʻon yomon.

 

Aytgali achchiq azobing

Boʻlsa dildosh yaxshidir,

Soʻz demay oʻtli alamni

Joningga solgʻon yomon.

 

Jonga solgʻon ham na sozdir,

Elga soʻylab men kabi

Shoiri devonai ishq

Nomini olgʻon yomon.

 

Gar qilich kelsa boshingga,

Qoʻrqma, Erkin, rostni ayt,

Yaxshidir achchiq haqiqat,

Lek shirin yolgʻon yomon.

1988

 

 

TURKISTON BOZORI

 

Bir doʻkon qurmoq kerakkim

Maqsadi sotmoq emas,

Ikki oyda boy boʻlay deb

Elni aldatmoq emas.

Ergash UCHQUN,

Amerikalik oʻzbek shoiri.

 

Bir bozor orzu qilurmiz,

Nomi “Turkiston” boʻlur,

Mashriqu Magʻrib elida

Shuhrati doston boʻlur,

Ul bozor ichra bari

Ahli jahon mehmon boʻlur,

Oʻzbeku turkman, tojik,

Qirgʻiz, qozoq mezbon boʻlur,

Bir tamosha qilgan odam

Lol boʻlur, hayron boʻlur.

 

Ul Brodvey koʻchasida,

Yo Bruklen yonida,

Shuʼbasi London, Parijning

Markaziy maydonida,

Gar nasib etsa kezarmiz

Dehli “Turkiston”ida,

Tol tagi choyxona-yu,

Choyxona dasturxonida

Bobur orzu aylagan

Qovun va shirmoy non boʻlur.

 

Ne boʻlur peshtaxtalarda?

Shohi atlas, beqasam.

Chust pichoq bergay, Buxoro –

Atlasu, turkman – gilam,

Oq momiq qirgʻizcha qalpoq,

Tojikiy zar doʻppi ham,

Jun chopon oqmullacha,

Jon rohati, silliq, shinam,

Barcha tillarda Navoiy

Sheʼridan devon boʻlur.

 

Kelsa kim hinddir, xitoydir

Yaxshi niyatlar bilan,

Bir piyola choy tutarmiz

Xush nazokatlar bilan,

Bir-birovga bokmas ellar

Kin, adovatlar bilan,

Bor masalkim, hamziyorat,

Ham tijoratlar bilan

Inshoolloh, bormogʻu

Kelmoq yana oson boʻlur.

 

Ne ajab, biz boshlasak,

Ulgʻaysa kundan kun bozor,

Yonimizga “Kavkaz”u

“Boltiq” kelib tursa qator,

Oqsa Xadson yonida

Toshqin Dunay ham mavjkor,

Bu jahonda baxtiyor kim?

Bagʻri kenglar baxtiyor,

Asli bozormas murod,

Diydor uchun imkon boʻlur.

 

Bu niyat chindir,

Demanglar, shoirona bir xayol.

Ikki ulkan yurt uchun

Bundoq bozordan ne malol?

Manfaat avvalda doʻstlik,

Soʻngra savdodir halol,

Sheʼru sanʼat ahliga yoʻq

Kuy, qoʻshiqdan oʻzga mol,

Bizga ham ul goʻshada

Chorpoyayu ayvon boʻlur.

 

Bir muxammas bitdi Erkin

Shoir Uchqunga javob,

Biz niyat qildik, bu niyat

Ezgudir, olijanob,

Har zamon shoir nidosi

Olam ahliga xitob,

Bu jahon bozorida

Elu elatlar behisob,

Turfa gullardan u shoyad

Bir butun boʻston boʻlur.

1989

 

 

AJAB ERMAS

(Zavqiyona)

 

Bu kunlar katta yoʻlda

Bir dovon boʻlsa ajab ermas,

Muqarrar ortida yoʻl

Keng, ravon boʻlsa ajab ermas,

Vatanga sidqu imon,

Imtihon boʻlsa ajab ermas,

Farovon yurtu olam,

Tinch jahon boʻlsa ajab ermas,

Biz etgan barcha orzular

Ayon boʻlsa ajab ermas.

 

Ne ishlar kechdi boshlardin,

U kunlar qaytmagay zinhor,

Ulugʻvor tanga endi

Nomunosib toʻn bichilmas tor,

Unut boʻlgay chekilgan dard,

Jarohat, kulfatu ozor,

Koʻngilda qolmagay hech dogʻ,

Gʻubordan toza boʻlmoq bor,

Bulut davron shamolida

Nihon boʻlsa ajab ermas.

 

Sen ey, sen ona yurtim,

Koʻhnayu yosh Oʻzbekistonim,

Hamisha sen oʻzingsan

Boisi ashʼoru dostonim,

Gʻururim, nomusim, shodlik, gʻamim,

Obodu payhonim,

Koʻtar boshingni magʻrur,

Haqlisan, shavkatli dehqonim,

Boshingda shisha yangligʻ

Osmon boʻlsa ajab ermas.

 

Qadim turkiy maqol bor:

Bel qolar, betkay ketar, derlar,

Umidli bu jahonda

El qolar, beklar ketar, derlar,

Qolar doʻstlik, sadoqat,

Taʼnayu keklar ketar, derlar,

Oqar oqquvchi daryo,

Xas-choʻpu chirklar ketar, derlar,

Bu kunlar eʼtiqodga

Imtihon boʻlsa ajab ermas.

 

Yaqin ikki minginchi yil,

Yorur yuz birla kirgaymiz,

Saxovat toʻla dasturxon,

Nonu tuz birla kirgaymiz,

Salimimon atalgan

Yoʻlchi yulduz birla kirgaymiz,

Haqiqatga, adolatga

Ochiq koʻz birla kirgaymiz,

(Ki Zavqiy orzu etgan

Zamon boʻlsa ajab ermas),

Yetib yetmishga Erkin

Navqiron boʻlsa ajab ermas.

1989

 

 

VATAN ISTAGI

 

Bu vatanda bir Vatan

Qurmoqni istaydir koʻngil,

Oʻzni ozod qush kabi

Koʻrmoqni istaydir koʻngil.

 

Bu Vatan timsoli boʻlsa

Tong quyoshi shuʼlavor,

Shuʼlalar qoʻynida charx –

Urmoqni istaydir koʻngil.

 

Ul Vatanga bayroq – insof,

Tugʻi sarhad muhri – mehr,

Sarhad uzra soqchidek

Turmoqni istaydir koʻngil.

 

Kim bu tuproq qadrin istar

Aylamoq tuproqqa teng,

Koʻziga tuproq bilan

Urmoqni istaydir koʻngil.

 

Ul Vatan yelkanlarini

Maʼrifat ummonida

Qiblai imon sari

Burmoqni istaydir koʻngil.

 

Bas, yetar yolgʻon saodat,

Yolgʻon erk, yolgʻon vatan,

Hurriyat zavqini chin

Surmoqni istaydir koʻngil.

 

Qutlugʻ istiqlol kunida,

Ey Vatan, bagʻringda shod

Erkin oʻgʻloning boʻlib

Yurmoqni istaydir koʻngil.

1990

 

 

HIJRON QUSHLARI

 

Tarki yurt etgan xazon

Faslidagi qushlarmikin?

Yo qirov tushgan boshim

Tashlab uchar hushlarmikin?

 

Qush kabi parvoz tilar koʻnglim,

Ki anda bir umid

Yor sayyodim sochini

Dom etib ushlarmikin?

 

Mulki hind ogʻushidir

Qushlar xayolida bu dam

Yo xayolimda qaro koʻz

Ochgan ogʻushlarmikin?

 

Toʻldirib osmonni hijron

Qushlari uchmoqdalar.

Voh, ular qushlarmikin,

Yo men koʻrar tushlarmikin?

 

Bosh olib mulki fanodin

Ketguchi jonlarmi yo

Tarki yurt etgan xazon

Faslidagi qushlarmikin?

1990

 

 

QILURMAN TAVBALAR

 

Qilurman tavbalar, garchi

Tazarrulik gunohim yoʻq.

Gunohim yoʻqligiga lek

Netay, isbot, guvohim yoʻq.

 

Eshitmas el figʻonimni,

Kelar olmoqqa jonimni,

Olurga lek yonimni

Mening bir xayrixohim yoʻq.

 

Na soʻz derman ochib ogʻiz,

Zabonsiz, kimsasiz, yolgʻiz –

Kelib choʻkdim qoshingda tiz

Boʻlak sendin panohim yoʻq.

 

Ishonching – menga rizqu roʻz

Zabun holimga solgin koʻz,

Toʻkarga yosh, deyarga soʻz

Ham oh tortarga ohim yoʻq.

 

Bu bandangda xatolik bor,

Xatolik – jonfidolik bor,

Shu bois koʻp judolik bor,

Gadolik boru johim yoʻq.

 

Qaro qoshingga boʻlmay zor,

Qorayguvchi ne shomim bor?

Yuzing yod etmayin zinhor

Oqarguvchi sabohim yoʻq.

 

Bu sarson yoʻlda behamroh,

Topolmam manzili dilxoh,

Muhabbatdan boʻlak, billoh,

Ilohim, sajdagohim yoʻq.

 

Bu olamdan uzib koʻngil,

Yonib ketsam, vujudim kul,

Unar ishq bogʻida bir gul

Bu kuldan, ishtibohim yoʻq.

1991

 

 

BOBIL MINORASI

 

Tushdi Azozil izmiga

Jonlar idorasi,

Boʻldi xayolda qurganim

Bobil minorasi.

 

Mehr-oqibat yoʻq el aro,

Yondi nifoq oʻti,

Bu oʻt emasmu, yo qayyum,

Doʻzax sharorasi?

 

Koʻzimga choʻkkan dard-alam

Bir kun ado boʻlur,

Ketsamyumub koʻz, umr axir

Qoshu koʻz orasi…

 

Kunlar oʻtar, kelar dedim

Bir yaxshi kun, va lek

Haq boʻldi, kun kundin battar –

Elning iborasi.

 

Bilmam, qarolik boshima

Qaydin, sabab nadir,

Koʻz qorasimu yo magar

Manglayning qorasi.

 

Erkin, ne boʻlsang boʻl, faqat

Ezgu niyatda boʻl,

Koʻringay umring ufqida

Umid sitorasi.

1991

 

 

DOʻSTGA DEGANIM

 

Inson tilini

Til bilar inson tushunibdir.

Dil dilni va lek,

Oʻylama, oson tushunibdir.

 

Rost soʻzni dedim:

Jonni qoʻyib oʻrtaga, ammo

Jon doʻst deganim

Vah, uni yolgʻon tushunibdir.

 

Achchiq esa ham

Chinni demak sharti sadoqat,

Doʻst anglamasa,

Yot buni qay on tushunibdir.

 

Mard mardni tanir,

Dardni bilar koʻksida dard bor,

Jon sadqasini

Joni fido jon tushunibdir.

 

Isyonli dilim

Anglamagay gʻofil odamlar,

Koʻnglimni faqat

Sohibi isyon tushunibdir.

 

Erkin, gʻazaling

Oqilu nodon uqib oldi,

Oqil oʻzicha,

Oʻzgacha nodon tushunibdir.

1991

 

 

KURASH OINI

 

Goh yengadi,

Goh yengiladi ulki, kurashgay,

Har kimga kurash

Oini maʼqulki, kurashgay.

 

Kuch sharti bilan

Sher ila sher jang qilar, ammo

Hiyla yoʻlida

Tulki bilan tulki kurashgay.

 

Goh oʻrtaru goh

Gʻarq etadir suv bila oʻtdek,

Jonim talashib,

Aqlu koʻngil mulki kurashgay.

 

Oʻz holim uchun

Bir kulaman, bir toʻkaman yosh,

Shoir dilida

Nola bila kulki kurashgay.

 

Bas, Erkin, xayol,

Qulni xayol oʻldirar ermish,

Oʻlmaslik uchun

Oʻy bila bor qulki kurashgay.

1991

 

 

KEChIR, Yo RAB!

 

Menga tosh otdi bir johil,

Kechir, yo rab, kechirdim men,

U quldir, bandai gʻofil,

Kechir, yo rab, kechirdim men.

 

Jahonda fitnalar bordir,

Adolat gohi nochordir,

Adolat qil, oʻzing odil,

Kechir, yo rab, kechirdim men.

 

Yomon boʻldim, yomon boʻldim,

Xato oʻqqa nishon boʻldim,

Xato qilgan emas qotil,

Kechir, yo rab, kechirdim men.

 

Gunohidan oʻt ul jonning,

Soʻziga kirdi shaytonning,

Koʻngil aldanmogʻa moyil,

Kechir, yo rab, kechirdim men.

 

Tutarman ul siniq odam

Siniq imoniga motam,

Diliga eʼtiqod jo qil,

Kechir, yo rab, kechirdim men.

 

U ham, men ham qiyomatda

Turarmiz lol xijolatda,

Boʻlib dargohingga doxil,

Kechir, yo rab, kechirdim men.

 

Kechir, yanglishmagan kim bor,

Mening ham koʻp gunohim bor,

Odamzod asli nokomil,

Kechir, yo rab, kechir, yo rab!

1991

 

 

KERAK BOʻLSA

 

Men bor, senga bir haqgoʻy –

Devona kerak boʻlsa,

Yoʻqman, tili qand nodoʻst

Parvona kerak boʻlsa.

 

Istarmi safo koʻngling,

Bor unda saroylarga,

Kel bunda, esang dardlik,

Gʻamxona kerak boʻlsa,

 

Hamdam oʻzim, ey oshno,

Malham soʻzim, ey oshno,

Ikki koʻzim, ey oshno,

Hayrona kerak boʻlsa.

 

Bergum na kerak senga,

Jon senga, yurak senga,

Zardobga toʻlib ketgan

Paymona kerak boʻlsa.

 

Bogʻimni makon etgan

Ey siz gala boyqushlar,

Koʻksimga qoʻning, Sizga

Vayrona kerak boʻlsa.

 

Vayron chamanim vodiy,

Koʻksimda uning dodi,

Faryodga qulogʻing och,

Fargʻona kerak boʻlsa.

 

Naylay, bu ogʻir soʻzlar,

Quvmang meni, ey doʻstlar,

Oqillar aro bitta

Devona kerak boʻlsa.

1991

 

 

YOʻQNI QANDOQ BOR ETAY?

 

Benajot koʻnglimni qandoq

Soʻz bilan izhor etay?

Qay iloj birlan ilojsiz

Holatimoshkor etay?

 

Necha zahmatlar chekib ham

Topmagach aqlu hushim,

Qilmangiz endi nasihat,

Yoʻqni qandoq bor etay?

 

Oshinolar qochdi mendan,

Yuz oʻgirdi gʻofil el,

Ne edi, ayting, gunohim,

Men uni takror etay?

 

Toʻgʻri soʻz tuqqanga yoqmas,

Haq ekan, e voh, netay,

Doʻstni dushman qildim, endi,

Dushmanimni yor etay.

 

Bul uqubat maskanidan

Bosh olib ketmoq kerak,

Oʻzni dalli, boshpanamni

Gumbazi davvor etay.

1991

 

 

DUR BOʻLIB TOMGAYMI SOʻZ…

 

Dur boʻlib tomgaymi soʻz

Kiprikka yosh inmay turib,

Marvarid bermas sadaf,

Sinmay turib, sinmay turib?!

 

El aro topgaymi qadrin

Soʻz koʻngil ummonida

Marvarid tutgan sadafdek

Oncha berkinmay turib?!

 

Bu zamon daryosi tezdir,

Ahli sheʼr istar zulol,

Soʻz netib ruhbaxsh boʻlur,

Dilkosada tinmay turib.

 

Qalb bu ohangar oʻchogʻi,

Unda soʻz soʻzonadir,

Qayda keskir boʻldi shamshir,

Oʻtga solinmay turib.

 

Ahli soʻz, gʻaflat elin siz

Uygʻoting bongsoʻz ila,

Kemangizga soʻnggi yoʻlning

Bongi cholinmay turib.

1991

 

 

SHEʼRIYAT

 

Sen ey umrim nahoridan

Azizu oshino menga,

Sahar choʻlponidek jozib

Sochibdirsan ziyo menga.

 

Hayot ichra hayot boʻlding,

Qanot boʻlding, najot boʻlding,

Keturding ham safo menga,

Yeturding ham jafo menga.

 

Sehrli may uzading sen,

Dilim tinchin yoʻqotding sen,

Meni oʻtlarga otding sen,

Bu ne gʻaybdin jazo menga.

 

Yoniq jonim aro jonlar

Qilur faryodu afgʻonlar,

Mudom koʻksimda isyonlar

Boʻlibdir yuz balo menga.

 

Dilim charchab xatolardan,

El ichra mojarolardan,

Qochar boʻlsam, nizolardan

Yana sen oshino menga.

 

Himoyatsiz zamon ichra

Xaloskor boʻl bu jon ichra,

Vafo qilmas jahon ichra

Oʻzing qilgʻil vafo menga.

 

Oʻtar gʻavgʻoli bu onlar,

Kelar osuda davronlar,

Zakiy erkin gʻazalxonlar

Berar bir kun baho menga.

1991

 

 

GULMIDI, RAYHONMIDI, JAMBUL

 

Gulzor ichida gulmidi, rayhonmidi, jambul,

Yo jambulu rayhonu gul uzguvchi sanam bul.

 

Valloh, bu sanam, odam emas, necha soʻz aytsam,

Odam deya bir boqmadi, e voh, ne odam bul?

 

Chaqmoq kabi bir lahza nasib etdi visoli,

Endi menga yor turk goʻzali hajrida gʻam bul.

 

Izlab necha kun shahrida ovora boʻlibman,

Istanbul emas, oshiq uchun jonga sitam bul.

 

Shul yoshda yonib sevgini nazm etsa ne aybkim,

Erkin yuragi ishq oʻtida kuyguchi sham bul.

1992

 

 

SEVGI KELSA

 

Sevgi kelsa qaddi yo ham yosh boʻlur,

Sevgisiz jonona haykaltosh boʻlur.

 

Mehri yoʻq dildorni quchma, toshni quch,

Tosh senga malham boʻlur, sirdosh boʻlur.

 

Sevgi faslida tikandan gul unar,

Sevgi koʻyida shamol farrosh boʻlur.

 

Koʻngli yotlar bazmi jamshidi – azob,

Yor bilan boʻl, qum yesang ham osh boʻlur.

 

Chin muhabbat ming jafoga dosh berar,

Lek xiyonatga u bebardosh boʻlur.

 

Bevafolikni yashirsang, yer koʻmar,

Lekin osmonlarda bir kun fosh boʻlur.

 

Gʻurbat ichra botdi magʻribga quyosh,

Ufq emas gulrang, bu qonli yosh boʻlur.

 

Ishq yoʻlin firdavs yoʻli deb anglagil,

Pok diling, Erkin, bu yoʻlda bosh boʻlur.

1992

 

 

JON TUGAMAYDIR

 

Olamda ayol madhiga doston tugamaydir,

Chun ishq tugamas, ishqdagi armon tugamaydir.

 

Nazm etdi tugal Hofizu Saʼdiyu Navoiy,

Ne qoldi, demang, shoiri davron tugamaydir.

 

Gar arsai ashʼor esa ishq bahsiga maydon,

Maydonda chavandoz koʻpu, maydon tugamaydir.

 

Husn ahli uchun boʻlmas ado nozu adolar,

Ishq ahli uchun nolayu afgʻon tugamaydir.

 

Har neki yonar, yoʻq boʻladir, lekin ajabkim,

Mangu yonarak ishq oʻtida, jon tugamaydir.

1993

 

 

SIR AYTAR GʻUNCHAGA GʻUNCHA…

 

Sir aytar gʻunchaga gʻuncha,

Koʻngil koʻngilni anglaydir.

Kabutarni kabutar oʻpgayu

Gul gulni tanlaydir.

 

Misoli ikki yulduzni

Qoʻshar taqdir yigit, qizni,

Agar yor anglamas bizni,

Iloj ne, shoʻr bu manglaydir.

 

Chamanlar ichra rang tanlab,

Parivashlar boʻyaydir lab,

Mening yorimlabin, yo rab,

Yurak qonimga ranglaydir.

 

Qoshi hamoʻsmadan zangor,

Dema zangor, erur zangbor,

Nechukkim qon toʻkib xunxor

Qilichlar boʻyla zanglaydir.

 

Gʻamu hajru jafolarda

Yonar bulbul navolarda.

U bulbulmas, samolarda

Mening dodimjaranglaydir.

1993

 

 

BEVAFO DOʻSTLARGA

 

Koshki, boʻlsaydim vafosiz

Oshinolardan boʻlak,

Oshinolar yoʻq, netay, bu

Bevafolardan boʻlak.

 

Bitmadi peshonamizga

Doʻsti sodiqkim, bu xil

Bizga beparvo, oʻziga

Mahliyolardan boʻlak.

 

Izladim, har necha, lekin,

Topmadim bir yangi doʻst,

Eski ul insofsiz, ammo,

Beriyolardan boʻlak.

 

Doʻst xato qilsin,

Qatoridan xato, lek, qilmasin,

Qilmadimbir ish agarchi,

Men xatolardan boʻlak.

 

Suhbatorolar, navolar

Qayda suhbatlar aro,

Gaplar ichra endi gap yoʻq

Narx-navolardan boʻlak.

 

To bu dam devona koʻnglum

Ul vafosizlarni der,

Ne qilayki, oshno yoʻq

Bevafolardan boʻlak.

1994

 

 

BIZ ANGLAMAGAN JAHON EKAN ISHQ

 

Oshiqlik ishi yomon ekan-ku,

Oshiqqa baloyi jon ekan-ku.

 

Ishq xanda boʻlib koʻngilga kirgach

Koʻngilda toʻla figʻon ekan-ku.

 

Vaslida quvonchi oshikoro,

Hijronda gʻami nihon ekan-ku.

 

Ishq dardu azobi, xajri bir yon,

Rashk otashi bir tomon ekan-ku.

 

Avvalda jahon koʻzingga gulshan,

Oxirda va lek xazon ekan-ku.

 

Ishq olami oʻzga olam erkan,

Biz anglamagan jahon ekan-ku.

 

Koʻngilni berib qoʻyibmiz oson,

Yor sevmaganing oson ekan-ku.

 

Har neki yonar, zamonki soʻngay,

Ishq otashi bezamon ekan-ku.

 

Bor boʻlsin omon u beomonim,

Dardi bila jon omon ekan-ku.

 

Bogʻlandim oʻz ixtiyorim ila,

Erkin boʻlishim gumon ekan-ku.

1994

 

 

EL NETIB TOPGʻAY MENI…

(Navoiy gʻazaliga muxammas)

 

Koʻnglim aytur, sevgi domiga asir tayyoraman,

Der koʻzim, hijron tuni zor yigʻlamoqdin qoraman

Jon degay, oʻt oraman, tan aytadir, ming poraman,

To muhabbat dashti bepoyonida ovoraman,

Har baliyat kelsa ishq oshubidin bechoraman.

 

Ul xazon faslidagi sargashta bir yaproq manam,

Ayrilibdurman chamandan, maskanim dashti adam,

Izlamang hargiz nishonim, topmagaysiz zarra ham,

El netib topgʻay menikim, men oʻzimni topmanam,

Boʻylakim ishqu junun sahrosida ovoraman.

 

Karbalo dashtida koʻrgan ohular birlan mani,

Angladi Majnun bilan bir jon mani, bir tan mani.

Yondi jon, bir laylivashning dardi kuydirgan mani,

Oh dudi ichra bir uchqun kabi koʻrgan mani

Bildikim, hijron tuniga kavkabi sayyoraman.

 

Qoshlaring hijronida yoydek egilsam ne ajab,

Gʻuncha laʼling ishqida bagʻrimni tilsam ne ajab,

Shamʼi husning shavqida oʻtga yoqilsam ne ajab,

Kecha oʻrtansam, sahar faryod qilsam ne ajab.

Ishq aro parvonayu bulbulga men hamkoraman.

 

Xoʻblar vasli gʻanimat, xizmatini ayla xoʻb,

Nuri diydang shamʼ etib tut, qomatingni ayla choʻb,

Borida qadriga yet, ketganda tuprogʻini oʻp,

Ey Navoiy, bordi deb ahbob taʼzir etma koʻp,

It kabi men ergashib ul korivonga boraman.

1995

 

 

MENDA BOR ISHQ ICHRA GʻAM…

 

Menda bor ishq ichra ham,

Hajr ichra dard ul oyda yoʻq,

Dardni dard bilmas kishiga

Soʻzlamoqdan foyda yoʻq.

 

Koʻz yoshim koʻrganda soy ham

Sharqirab kulsa ne tong,

Bor mening koʻksim aro

Toshqinki, hech bir soyda yoʻq.

 

Dard bilan qormish ilohim

Loyimiz taqdir azal,

Oʻzga dardin anglamoq lek

Biz qorilgan loyda yoʻq.

 

Olam ahli ichra dildosh

Izlama, kezma jahon,

Zarga zor har yerda bordir,

Zorga zor hech joyda yoʻq.

 

Mayli, zar sizlarga boʻlsin,

Menga zor ishq ichra bas,

Bu xazinam ahli dunyo

Ichra hech bir boyda yoʻq.

1995

 

 

UCH SOʻZDA BIR MAʼNO

 

Senga Olloh, Yor, Tangrim

Chiroy, Koʻrku Jamol boʻlmish,

Chiroy, Koʻrku Jamoling

Menga Orzu, Oʻy, Xayol bermish.

 

Jafo birla vafo ichra

Jahonu Ochinu Olam

Senu menga Yetuklik

Sarbalandiyu Kamol bermish.

 

Seni koʻrmishdi Aynu Chashmu Koʻz

Tush, Xob, Manominda

Labing, Laʼling, Dudogʻing

Bu na daryo deb savol bermish.

 

Qoʻling, Dasting, Yadingda

May, Sharob, Sogʻar tutib masrur

Lisoning, Til, Zaboningkim,

Asal, Shahd ila Bol bermish.

 

Oʻzingga, Vaslu Diydoringga yetmoq

Gar nasib ermas,

Menga Taqdir, menga Yozmish,

Menga Roʻzi zavol bermish.

 

Senga Erkin gʻazal bitmishki,

Shart uch soʻzda bir maʼno,

Dariy, turkiy, arobiyda

Suxan, Soʻzu Maqol bermish.

1995

 

 

RAQQOSA

 

Bazm aro noz birla jonon oʻynasa,

Ne ajab, jismimaro jon oʻynasa.

 

Silkinib gullar chamanda uygʻonur,

Qarsi barmoq birla xandon oʻynasa.

 

Oq nilufar suvda oqqandek erur,

Oq kiyib sokin xiromon oʻynasa.

 

Nogihon koʻnglimda yongay ming chiroq,

Nur sochib xurshidi tobon oʻynasa.

 

Davrada oʻynar pari, andoq boʻlur,

Oy toʻlib yulduzli osmon oʻynasa.

 

Koʻlda oqqush raqsi bundoq boʻlmagay,

Buncha boʻlmas togʻda jayron oʻynasa.

 

Oncha mushkoro emas gulshan aro

Yel turib jambulu rayhon oʻynasa.

 

Koʻz suzib koʻzimni xayratga solur,

Mast qilur boshimni maston oʻynasa.

 

Raqsini sogʻindi jon, oh kelsa-yu

Dil uyida boʻlsa mehmon, oʻynasa.

 

Zarra armon qolmagay koʻnglimda, yor –

Qolmayin koʻnglida armon oʻynasa.

1995

 

 

YOD ETING

(Qurbon boʻlgan askar nidosi)

 

Men qaro tuprokda yotgan oʻgʻlingizman, yod eting,

Intizor ruhim tilovat birla yoʻqlab shod eting.

 

Qolmisham olisda beqabru kafan, benom-nishon,

Xotirimga koʻnglingizda bir makon bunyod eding.

 

Har bahor qutlugʻ zafar ayyomida sayr etsangiz,

Lolalarga termuling, pokiza qonim yod eding.

 

Men hayotda bir farax koʻrmay hayotdan ajradim,

Baxtingiz qadrin biling, anduhingiz barbod eting.

 

Jangga kirdim, jon fido etdim vatan tuprogʻi deb,

Mehri jonimda tirikdur, siz uni obod eting.

 

Men olis ellarda qolgan oʻgʻlingizman, yod eting,

Intizor ruhim tilovat birla yoʻqlab shod eting.

1995

 

Erkin VOHIDOV

 

“Umrim daryosi” (“Sharq” nashriyoti, 2001) kitobidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.