Sharqiy qirgʻoq

0
555
marta koʻrilgan.

Shoir! Ey, tinchimas olovli yurak!

Adolat yulduzi senga mayoqdir.

Haq yoʻlda fidoyi askarsan, demak,

Sening qarorgohing – sharqiy qirgʻoqdir.

 

Kanada turkumidan

 

KALGARIDA SOAT OʻN IKKI

 

– Kalgari – kovboylar vatani,

Kovboy – choʻpon,

Mening otimJan,

Avtobusga marhamat, qani,

Qolgan gapni yoʻlda aytaman. –

Yel nam ajriq hidin ufurar,

Qamashtirar koʻzni oppoq tosh.

Moviy koʻkda

Charaqlab turar

Biz bir hafta sogʻingan quyosh.

Beton yoʻldan uchamiz yeldek,

Tinglab jazning shoʻx-shaddod kuyin.

– Mana, doʻstlar,

Shaharga keldik.

Soatlarni toʻgʻrilab qoʻying,

Kalgarida hozir oʻn ikki.

Hamma soat milin suradi.

Oʻzgarmasdan

Faqat meniki,

Toshkent vaqti bilan yuradi.

Togʻ oshganda,

Ummon oshganda

Goh soatga qarab qoʻyaman,

Tongotar payt boʻlsa Toshkentda,

Dilda sahar zavqin tuyaman.

Kalgarida

Oʻn ikki hozir,

Sadoqatli soatim mening –

Mintaqalar osharak oxir,

Toshkent, yetdi vaqtingga sening.

Ona shahrim –

Senda yarim tun.

Farq bu yurtdan oʻn ikki soat.

El uyquda,

Sheʼr ahli uchun

Ayni mehnat

Boshlangan fursat.

Kalgarida esa tush payti,

Charaqlaydi tikkada oftob.

“Bozurgoniy” qoʻshigʻin aytib

Keng daladan boramiz shitob.

Ajab,

Kovboylar makonida

Kovboylardek qadam tashlayman.

Yer sharining ters tomonida

Toshkent vaqti bilan yashayman.

1977

 

 

AUKSION

 

– Kep qoling, yutadi ish bilgan! –

Birjada qaynaydi ehtiros.

Ulgurji savdoga qoʻyilgan

Ikkita gʻunajin, bir novvos

Charx urib aylanar

Maydonda,

Sharaqlar kovboyning qamchisi.

– Kep qoling! Olmagan armonda, –

Chaqirar bozorning jarchisi.

Biznesmen labida sigara,

Qoʻlida titraydi chek qogʻoz.

– Kep qoling, opqoling, mol sara! –

Birjada qaynaydi ehtiros!

Yonadi xaridor koʻzlari,

Gʻanimat har lahza, har bir on.

Quloqda jarchining soʻzlari,

Yurakda hayajon, hayajon!

Lovullar elektron chiroqlar.

Auksion turfa bir jahondir.

Savdoga qoʻyilgan buzoqlar

Bu jahon ishiga hayrondir.

1977

 

 

ARSLON OʻRGATUVCHI

 

Vankuver tomoshagohida

 

Panjarada

Olov halqa yonar charsillab,

Arslon uzra –

Uzun qamchi oʻynar qarsillab.

Yoldor yirtqich

Egasiga sovuq tikilar,

Naʼrasidan

Tomoshagoh larzaga kelar:

– Ojiz odam!!

Bas, boshimda qamchi oʻynatma!

Koʻksimdagi

Uxlab yotgan hisni qoʻzgʻatma!

Haddan oshma!

Oʻz boshingga oʻzing yetarsan,

Etlaringni

Nimta-nimta qilsam, netarsan!

Koʻrib qoʻy,

Bu panjalarni siynangga solsam,

Shuhratparast yuragingni

Sugʻurib olsam,

Yiltiragan badaningdan

Tirqiratsam qon,

Najot bermas –

Senga qarsak chalgan olomon.

Bor!

Olovdan sakramasman!

Boʻlma ovora!

Bilasanmi –

Men kimmanu sen kim, bechora!

Men – toʻqaylar shohi,

Tutqun boʻlsam-da agar,

Sen-chi, – noʻnoq masxaraboz,

Pastkash bozingar!

Shuhratga mast,

Oʻz holini bilmagan basir!

Nomard taqdir

Meni qildi qoʻlingga asir!

Halol kuchga zavol bergan,

Hiylaga qudrat, –

Meni bandi qafas etgan

Dunyoga laʼnat!

Ey, ivishiq koʻkragini

Zavq bilan kerib,

Sher zotini masxaraboz

Qoʻliga berib,

Mard holidan

Rohat olib qilgan xandalar,

Laʼnat sizga,

Tomoshabin, gumroh bandalar!

Panjarada

Olov halqa yonar charsillab.

Arslon uzra

Uzun qamchi oʻynar qarsillab.

Yoldor yirtqich

Egasiga sovuq tikilar –

Oʻrgatuvchi

Asta uning yoniga kelar.

Qulogʻiga bir soʻz aytar

Egib qomatin:

– Nodon dema,

Men bilaman arslon qudratin.

Sen toʻqaylar podshosisan,

Men – bechoraman,

Hamla qilsang,

Bir lahzada tilka-poraman.

Falak ishi –

Bizning bunday turfa sheriklik,

Menga qamchi,

Senga qafas berdi tiriklik.

Sen tantisan,

Nazdingda men quv, dogʻuliman.

Asli oʻsha tiriklikning

Sendek quliman.

Menga nedir olomonning

Olqish, qarsagi,

Sening har bir oʻtli naʼrang –

Menga tarsaki.

Netay, men ham egalik qul,

Boshda xoʻjam bor,

Gʻazab qilsa,

Koʻzlarimga dunyo boʻlar tor.

Menda-ku dard, isteʼdod bor,

Bor andak sehr,

Hech boʻlmasa, hayvonotga

Shafqatu mehr.

Tomoshagoh egasi kim

Mening qoshimda!

Ammo qamchi oʻynatar u

Doim boshimda.

Holatimni tushun,

Isyon qilma, birodar,

Charx oldida ikkimiz ham

Asli barobar.

Garchi arslon oʻynataman,

Garchi men – Odam,

Oy soʻngida qand kutaman

Xoʻjamdan men ham.

Goh jonimdan oʻtsa zulm,

Naʼra tortaman,

Lekin bundan

Faqat boshga balo ortaman.

Bu soʻzlarga chidolmadi,

Toʻlgʻondi arslon:

– Boʻldi, bas qil!

Yuragimni qon qilma, inson!

Oʻt olsin bu charxi falak

Rizqu roʻzini!..

Arslon olov chambarakka

Otdi oʻzini.

1977

 

 

ALISHER NAVOIY KEMASI

 

Azaliy davrada charx uradi yer,

Mushtariy azaldek chaqnab turipti…

Besh asr soʻngida buyuk Alisher

Bahri muhit aro kezib yuripti.

 

Tiriklikda charxdan topmagan omon,

Boshiga gʻam gardin yogʻdirgan falak –

Dahr aro tanhoyu zoru sargardon

Qalqib bormoqdadur beorom yurak.

 

Achchiq toʻlqinlarga koʻkrak uradir

Umrida halovat topolmagan jon,

Jahon ummonida kezib yuradir

Dolgʻali ham sokin jahoniy ummon.

 

Ulugʻvor bastida oʻychan bir shukuh,

Kilkidan toʻkilgan gʻazaldek boqiy,

Besh asr soʻngida kema boʻlgan ruh,

Besh qitʼa oralab kezar Navoiy…

 

Hayajon koʻnglimda, hayrat aqlimda,

Olis qirgʻokdaman – bu nechuk timsol!!

Yarim ming yil osha oʻzga iqlimda

Bundoq uchrashuvni kim etmish xayol.

 

Azaliy davrida charx uradi Yer,

Mushtariy azaldan chaqnab turipti.

Maxshargacha uygʻoq buyuk Alisher

Jahon ummonida kezib yuripti.

1977

 

 

UNUTISH QOʻShIGʻI

 

Yoʻl chetida behol yotibman,

Ne boʻldi, deb soʻrar kishi yoʻq,

Ishim yoʻqdir bu olam bilan,

Bu olamning menda ishi yoʻq.

 

Dunyo uchun faqat pul boʻlsin,

Adlu insof, diyonat esa…

Menga desa, borliq kul boʻlsin,

Men yoʻq boʻlay dunyoga desa.

 

Jonim bor-u, yuragim oʻlgan,

Ochiq turib koʻrmaydi koʻzim.

Qarindoshlar mendan qutulgan,

Qutulganman doʻstlardan oʻzim.

 

Toʻydim borliq, yoʻqlikni koʻrib,

Tiriklik har koʻyga boshladi.

Oxir mening suvimni soʻrib,

Danagimni tuflab tashladi.

 

Ne naf oʻkinch,

Ne foyda alam,

Dardlarimni jim yutmoqchiman.

Dunyo meni unutdi, men ham

Endi uni unutmoqchiman.

 

Bilagimda ignalar izi,

Dori meni elitgan, mastman.

Nedir zamon, makon sezgisi,

Bu yermi yo koʻkmi, bilmasman.

 

Qachon, qayda kimdan tugʻildim,

Men kim, nedir vatanimga nom,

Bas, bilmasman,

Bilib ne qiddim,

Kechgan boʻlsam baridan tamom.

 

Koʻtaraman balandga holsiz

Ilma-teshik boʻlgan bilagim.

Unutishni kuylayman yolgʻiz,

Yolgʻiz shudir mening maslagim.

 

Yoʻl chetida behol yotibman,

Ne boʻldi, deb soʻrar odam yoʻq.

Olamuchun yoʻqman tamoman,

Bunday olam men uchun ham yoʻq.

1977

 

 

KOʻChA CHETIDAGI AYOL

 

Bu dunyoda hamma narsa

sotiladi,

Martaba ham, isteʼdod ham,

eʼtiqod ham.

Hayot oʻzi har bir mulkni

narx qiladi,

Mening mulkim – qizil yuzim,

oppoq tanam,

Husnim borki, olamda men

boʻlmasman xor,

Men emasman shoʻrlik, baxtsiz,

yo devona.

Oʻzgalarning hunaridek

hunarim bor,

Mehnatim – aysh,

xizmat joyim –

ishratxona.

Oʻylab koʻrsa, ezgulik ne,

axloq nedir?

Toʻgʻrilik ne, poklik nadir

bu jahonda?

Ular bari asli nisbiy

tushunchadir.

Oʻzgachadir har insonda,

har zamonda.

Ajdodlaring koʻrmagan bu

tomoshalar,

Bu kitoblar, bu sanʼat,

bu davru davron…

Sen oʻtmishning koʻzi bilan

boqsang agar,

Mahkumadir bugun har bir

qizu juvon.

Shafqat bilan boqma,

shafqat tilamasman,

Qismatimdan yoʻkdir aslo

shikoyatim,

Puling boʻlsa kel,

yoʻq boʻlsa – imlamasman,

Nakd dollarga sotiladi

inoyatim.

Qonuniydir, kasbimning yoʻq

uyat, ori,

Ozod yurtda meni taʼqib

qilolur kim?

Aslin olsang, bu oʻlkada eng yuqori

Kursilarda oʻltiribdi

hamkasblarim.

Boyvachchalar ularga pul

sarf qiladi.

U janoblar oldida men

pok bir sanam…

Bu dunyoda hamma narsa sotiladi,

Mening molim – qizil yuzim,

oppoq tanam.

1977

 

 

* * *

 

Zamin otli bir Sayyorani

Ikki boʻlak qilib soʻydilar.

Gʻarb dedilar bitta porani,

Bir porani Sharq deb qoʻydilar.

 

Taqdir yana ming parcha etdi.

El-elatlar va dinlar aro –

Dona-dona sochilib ketdi

Anor kabi kesilgan dunyo…

1977

 

 

ShARQIY QIRGʻOQ

 

Ivan NOVIKOVga

 

“Tabiat qonuni,

Qayda bor qirgʻoq,

Bilmadim, fanda ne bois omillar,

Sharqiy sohillardan hamisha tikroq,

Balandroq boʻladi gʻarbiy sohillar.

 

Necha daryolarni kuzatib yurdim,

Hech yerda istisno topmadim biroq.

Gʻarbiy sohillarda tepalar koʻrdim,

Sharqiy sohillarni koʻrdim yotiqroq.

 

Boqib koʻnglimchoʻkdi necha martaba,

Nega bunda qilding, charxi kajraftor?

Bir sohilga berib yuksak martaba

Boshqa bir sohilni qilding xokisor?

 

Aslida zamin bir, tengdir sohillar,

Nohaqlik emasmi, garduni zolim!..

Qayda qirgʻoq koʻrsam,

Olovli yillar,

Qonli kechuvlarga uchar xayolim.

 

Biz doim borganmiz kuch chiqar yoqdan,

Oʻlimning yuziga tik boqib har gal.

Yov esa yuksaqdan, gʻarbiy qirgʻoqdan

Qattol va beshafqat yogʻdirgan ajal.

 

Biz sharkdan borganmiz, sharqiy sohillar

Toʻpga nishon boʻldi, tekis va yaydoq.

Biz boʻlsak – fidoyi joni sabillar

Tikka boraverdik, tanimiz bayroq.

 

Daryo boʻlib oqdi daryoda xunlar,

Doʻzax olovida bamisli dunyo.

Minglardan yuz qoldik, yuzlardan oʻnlar,

Qirildik, orqaga qaytmadik ammo.

 

Bizga dushman edi hiyla va hadik,

Yoʻq edi mardlikdan oʻzga himoyat.

Yov oʻqi tugadi, biz tugamadik,

Gʻarbiy sohillarni oldik nihoyat”.

 

Sadosi zaminu koʻkni titratib

Poyezd Budapeshtga tezlab borardi.

Belorus hamrohim,

Jangchi va adib

Menga xotiralar soʻzlab borardi.

 

Sariq sochlariga oq oralagan,

Moviy koʻzlarida tubsiz bir xayol.

Tirik yursa edi Yesenin agar,

Bugun boʻlar edi balki shundoq chol.

 

U soʻzlar,

Tirilib kelarlar goʻyo

Birga qonli jangga kirgan oʻrtoqlar.

U soʻzlar,

Qalbimda beradi sado

Faryod chekib yotgan sharqiy qirgʻoqlar.

 

Mana, men yuksalib

Gelert togʻiga,

Fidolar qabriga egarkanman bosh,

Qarayman Dunayning u qirgʻogʻiga,

Nogoh koʻz pardasin qoplab kelar yosh.

 

Sharqiy sohil yotar tinch va beozor,

Kech qachon hech narsa koʻrmagan goʻyo,

Goʻyoki boʻlmagan u qonli bahor,

Ohista chayqalib oqadi daryo.

 

Holbuki, qirgʻin jang davom etmoqda,

Holbuki, qurbonlar ruhi uygʻoqdir.

Hamon yov qoʻrgʻoni gʻarbiy qirgʻoqda,

Hamon bizning maskan sharqiy qirgʻoqdir.

 

Dardlar girdobida charx urar zamin,

Majruh siynasidan silqib oqar qon.

U har kun, har lahza minglab odamin

Sharqiy qirgʻoqlarda bermoqda qurbon.

 

Bombay, Madorasda odam tumonat,

Yaratgan bandasi misli tuprokdir.

Ochlik har soniya ming jonga ofat,

Jizgʻanak koʻchalar – sharqiy qirgʻokdir.

 

Nogoh gumburlaydi Xayfon osmoni,

Yuragin changallab qolar bir ayol.

U sharqiy sohilning bitta qurboni,

Tiriklayin topgan yosh joni zavol.

 

Hamon qitʼalarda yoʻkdir sukunat,

Hamon jabhalarda uygʻokdir gʻanim.

Jafokash dunyoda, azaliy qismat,

Sharqiy qirgʻoqdadir mening vatanim.

 

Dunyoda bor ekan nohaqlik, zulm,

Dunyoda bor ekan asorat, jafo,

Jangdamiz, bir boshda bor bitta oʻlim,

Sharqiy sohillarda jonimiz fido.

 

Shoir! Ey, tinchimas olovli yurak!

Adolat yulduzi senga mayoqdir.

Haq yoʻlda fidoyi askarsan, demak,

Sening qarorgohing – sharqiy qirgʻoqdir.

 

Zulm qoʻrgʻoniga qila ber hujum,

Bilki, biznikidir, nihoyat, zafar.

Dunyoda bor ekan eng soʻnggi mazlum,

Sharqiy sohillarda oʻchmas mashʼallar.

1979

 

 

AFGʻON ShOIRLARIGA

 

Bas, tarki qafas et, amri bukunning,

Havolan, koʻklarni kuchgil, yuragim.

Toʻlqinlari osha koʻhna Jayxunning

Afgʻon diyoriga uchgil, yuragim.

 

Kandahor yoʻllari,

Mozori sharif,

Bobolar qadami tekkan muqaddas –

Qadim Hirot aro tanho bir gʻarib

Maqbara qoshida tiz choʻk bir nafas.

 

Assalom aytginu bir quchoq gul tut

Buyuk shoirini sevguchi jondan –

Sevgisi behudud faxri behudud,

Tilagi behudud Oʻzbekistondan.

 

Soʻng shoir doʻstlarim yoniga borgin,

U yurtda bor mening dildosh doʻstlarim.

Yuragim, sen oʻzni anordek yorgin,

Dona-dona sochib tashla soʻzlarim.

 

Ayt ularga mening hamnafasligim,

Dildagi beriyo muhabbatim ayt.

Aytgin xiyonatga koʻl bermasligim,

Qondoshlik hissiga sadoqatimayt…

 

Ozodlik yoʻllari boʻlmagay ravon,

Tayyor dasturlar yoʻq saodat uchun.

Bu yoʻlda kurash bor, zafar va armon,

Ishonch bor, shubha bor, yanglish va tugun.

 

Olam uzra esgan tong nafasining

Qushlar halovatin buzgani kabi

Ne ajab inqilob zilzilasining

Markazida boʻlsa shoirlar qalbi.

 

Osonmas, osonmas shoir yurakka,

Unda tumanlarning dardi, ohi bor,

Unga bu dunyoda yashash murakkab,

Chunki shoir qalbning ishtibohi bor.

 

Ey, siz, mening afgʻon shoir doʻstlarim,

Qalbimni qalbingiz bilan ulayman.

Sizga hurriyatning mushkul yoʻlida

Bardamlik tilayman, qudrat tilayman.

 

Dunyoda bor boʻlsin adolat va sheʼr,

Erku birodarlik doim bor boʻlsin.

Roʻzi mahshargacha uygʻoq Alisher

Ruhi sizga bukun madadkor boʻlsin.

1979

 

 

SIRDARYo OʻLANI

 

Osmonoʻpar Tiyonshonning qorisan,

Koʻhna Jayhun yoʻldoshisan, yorisan.

Ona vodiy hayotisan, borisan,

Quvonchisan, alamisan, zorisan,

Oqib turgin, qurib qolma, onajon.

 

Tuman asr kechmishidan daraksan,

Yurtim uchun ham tomir, ham yuraksan,

Nega bukun bemadorsan, halaksan?

Sen bizlarga axir mangu keraksan,

Oqib turgin, qurib qolma, onajon.

 

Sen borsanki, keng vohada hayot bor,

Demak, yurtning labida bol, nabot bor,

Senda elim sabotidek sabot bor,

Sobit boʻlgin, Ona soydan najot bor,

Oqib turgin, qurib qolma, onajon.

 

Sen paxtasan, olma, anor va nursan,

Oʻzbek uchun surursan hamgʻurursan.

Oʻzni yerga tomchi-tomchi berursan,

Daryo emas, xalq timsoli erursan,

Oqib turgin, qurib qolma, onajon.

 

Men bolangman, nido boʻlay sen uchun,

Bir jalgʻadek davo boʻlay sen uchun,

Kerak boʻlsa, fido boʻlay sen uchun,

Mayliga, men ado boʻlay sen uchun,

Oqib turgin, qurib qolma, onajon.

1979

 

 

ShOIRLIK

 

Ustoz Mirtemirni izlab

 

Shoirlik – bu shirin jondan kechmakdir,

Limmo-lim fidolik mayin ichmakdir.

Shoirlik – jigarni ming pora etmak,

Bagʻir qoni bilan satrlar bitmak.

Oʻzni tomchi-tomchi, zarra va zarra

Elga qurbon qilib, eng soʻnggi karra

Armon bilan demak: “Ey ona yurtim,

Kechir, xizmatingni qilolmay oʻtdim”.

Shundoq yashar asli sohibi ijod,

Shundoq yashab oʻtdi Mirtemir ustod.

1980

 

 

MUHARRIR

 

Nega hadeb menga tanbeh berasan,

Nega oʻz holimga qoʻymaysan, axir!

Nega har soʻzimdan ayb qidirasan,

Beomon, noinsof, qattol muharrir.

 

Har soʻzim maʼnosin qirq xilda chaqib,

Goh nolali deysan, gohi tumtaroq.

Aytgin, ey, kattakon koʻzoynak taqib,

Nimalar izlaysan sheʼrimdan, oʻrtoq!

 

“Xolis” xizmatingni, birodar, qoʻygin,

Iltimos, kerakmas menga yordaming.

Ming xil taftishlardan, rost aytsam, toʻydim,

Jonga tegib boʻldi qizil qalaming.

 

Qachon bu zulmdan boʻlurman ozod,

Qachon tugar ekan bedodlik, axir!

Afsuski, hech kimga deyolmayman dod,

Chunki, men oʻzimman oʻsha muharrir…

1980

 

 

KEChIKISH

 

Na toʻyu na aza,

na ish, na bayram,

Hech qayga,

hech qachon,

hech bir holatda –

Vaqtida kelmagan

bu shoʻrlik odam,

Bir soat kechikar

kami, albatta.

Unda sira ayb yoʻq,

yugurik davr

Mos kelmadi uning

sustkash joniga.

Taqdir kechiktirdi,

bir soat nadir,

Kamida bir asr

oʻz zamoniga.

1980

 

 

TOʻY OQSHOMIDA

 

Ikki oshiq oʻxshar yulduzlar aro

Uchib yurgan yondosh sayyoralarga.

Sevgi fazosida ular bor tanho,

Ne parvo yerdagi ovoralarga.

 

Ular bizdan olis qilmoqda parvoz,

Somon yulduzlari kumush poyandoz…

Siz, tavanxonada, yangalar, jonboz

Chuchvara uyasiz togʻoralarga.

 

Ularning qalbida ilohiy tuygʻu,

Qudrati oliyga turar roʻbaroʻ,

Siz esa, notiqlar, qandoq jazo bu,

Hadeb pand oʻqiysiz bechoralarga.

 

Sevgi – yaproqlarning shitirlashidir,

Sevgi – yulduzlarning shivirlashidir.

Sevgida samoviy sukut yaxshidir,

Siz karnay qoʻshasiz nogʻoralarga.

 

Intizor jonlarga bering al-amon,

Muhabbat arshida ursinlar javlon.

Ey, sen, goʻzal singlim, oshiq ukajon,

Oq yoʻl, saodatli sitoralarga!

1980

 

 

GʻAFLAT

 

Tabiatga deylik tashakkur,

Bosh egaylik unga, albatta,

Noqisligi uchun tafakkur,

Boʻlganimiz uchun gʻaflatda.

 

Sevinamiz borligimizdan,

Doʻstlar bilan qilamiz huzur,

Ular oʻyi nihondir bizdan,

Biz bilmaymiz… Shunga hamshukur.

 

Muqaddasdir biz uchun vafo,

Tabarrukdir maʼsum ahdimiz,

Ne ekanin aldamchi dunyo

Anglamaymiz – bu hambaxtimiz…

 

Bu dunyodan ketarmiz bir kun,

Bizga ayon, ammo qay soat?

Bexabarmiz…

Odamzod uchun

Gʻaflat oʻzi buyuk saodat.

1980

 

 

* * *

 

Sovuq chordoqlarda quvgʻindi, shumshuk,

Och oʻlim vahmida yashab har nafas,

Taqdirdan noliydi egasiz mushuk,

Xonaki qavmiga qiladi havas.

 

Bu esa uxlarkan tinch va beparvo,

Bosh qoʻyib bekaning issiq toʻshiga,

Xayolida kezar boʻgʻotlar aro,

Yovvoyi ozodlik kirar tushiga.

1980

 

 

KOʻHINUR*

 

Qay makonda, qay zamonda

Bino boʻlding, Koʻhinur?

Qay baxtsiz kun Hindistonda

Paydo boʻdding, Koʻhinur?

 

Qadimlikda kim muqaddam,

Olammi yo senmiding?

Azimlikda kim muazzam,

Odammi yo senmiding?

 

Qay kun senga tengsiz jilo

Sehrin berdi tabiat?

Odamzodga molu dunyo

Mehrin berdi tabiat?

 

Bogʻlandilar to insonlar

Javohirga jon bilan –

Xazinalar va imonlar

Olud boʻldi qon bilan.

 

Buncha jozib, buncha sohir,

Yakto boʻlding, Koʻhinur?

Sohibingga avval-oxir

Balo boʻlding, Koʻhinur.

 

Sening uchun jangga kirdi

Fuqarolar, hojalar.

Bir-biriga qilich urdi

Mahoraju rojalar.

 

Jigar jigar koʻzin oʻydi.

Doʻst qasd doʻsti joniga.

Farzand qoʻlin boʻyab koʻydi

Oʻz padari qoniga.

 

Qay bir mulkka oshno boʻlding,

Gʻorat boʻlding, Koʻhinur.

Qay bir yurtda paydo boʻlding,

Ofat boʻlding, Koʻhinur.

 

Odam nasli jondan kechib

Nega boʻldi senga rom?

Oʻlar chogʻi seni ichib

Najot topmas tashnakom.

 

Hech kim seni tishga bosib

Davo topmas ochlikka.

Umri bitgan seni osib

Qayta olmas yoshlikka.

 

Seni asrab koʻkraklarda,

Zar tojlarga taqdilar.

Gʻaznalarda, choʻntaklarda

Seni pulga chakdilar.

 

Asli seni qilsa hadya

Bir och hindi gadoga,

Menga toshmas, non ber deya,

Nola qilar xudoga.

 

Qiyosi yoʻq bu jahonda

Olmosmiding, Koʻhinur?

Bir tosh esang, Hindistonda

Qolmasmiding, Koʻhinur?

 

Qoʻshin tortib Hindistonga,

Gʻolib ketdi Nodirshoh,

Seni “haqqi al-amon”ga

Olib ketdi Nodirshoh.

 

Mulki hindga qayta kelding,

Qayta ketding Ajamga.

Oshno etib har gal elning

Qismatini alamga.

 

Oxir seni oldi Shimol

Magʻlub hindning bojida.

Olovlanding xotin-qirol

Viktoriya tojida.

 

U ham seni taroshlatdi,

Oʻz didiga qildi mos.

Misli gʻarbga quyosh botdi,

Parvin qoldi koʻzda yosh…

 

Sunʼiy qudrat inʼom qilgan

Beniyozsan, Koʻhinur,

Hatto yarimhusning bilan

Beqiyossan, Koʻhinur.

 

Firʼavnlar, shahanshohlar

Ketdilar ham yoʻq boʻlib,

Nigohlarni to bu chogʻlar

Yondirasan choʻgʻ boʻlib.

 

Chang boʻldilar koʻk barobar

Chang koʻtargan lashkarlar.

Kayxisravlar va Dorolar,

Iskandardek sarvarlar.

 

Sen deb tuman jonni tikkan

Qattol sohibqironlar,

Sen deb ota qonin toʻkkan

Ul valiahd oʻgʻlonlar –

 

Adam sari ketdi bari,

Sen omonsan, Koʻhinur.

Men deganga vaqt singari

Beomonsan, Koʻhinur.

 

Buncha zoʻr deb ishqi zarning

Balki hayron boʻlarsan,

Senga mehr qoʻyganlarning

Ahvolidan kularsan.

 

Sen kularsan, o, yana kim

Boʻlur menga ega, deb.

Odamzodga qonli yoʻlim

Saboq boʻlmas nega, deb.

 

Sen kularsan, kulgulikdir

Senga bizning tilaklar.

Chindan hayron boʻlgulikdir

Biz ishongan ertaklar.

 

Asli bu charx goh oʻng qolib,

Ters aylanar gardundir.

Kimlar esa bugun gʻolib,

Erta bir kun zabundir.

 

Sen zabunlar sanogʻini

Oʻylarmisan, Koʻhinur?

Ming yillarning sabogʻini

Soʻylarmisan, Koʻhinur?

1980

 

 

QALB ShUNDAY UMMONKI…

 

Qalb shunday ummonki, uning bagʻrida

Dahshatli dolgʻalar silsilasi bor.

Qalb shunday zaminki, otash qaʼrida

Vulqonlar otguvchi zilzilasi bor.

 

U bir sayyoradir, Yerdek shafaqgun,

U bir olamdirki, bilmas nihoya.

Uni mehvaridan chiqarmoq uchun

Atomjangi emas, bir soʻz kifoya.

1981

 

 

TABIAT VA QIZALOQ

 

Biyron qizchamyomgʻir yoqqan kun

Yolvoradi xoʻrsinib ogʻir:

“Endi birpas oʻynab kelayin,

Ayting, dada, yogʻmasin yomgʻir!

 

Kutib qoddi yashil koptokcham,

Hay-hay nimcham zerikdi yomon.

Yigʻlayapti qoʻgʻirchogʻim ham,

Yomgʻir tinsin, aytin, dadajon!

 

Buvim derlar duo qilib: “Tin!”

Dehqonlarga qiyin boʻlarmish,

Yomgʻir tinsa – plan toʻlarmish,

Ayting, dada, yomgʻir yogʻmasin!”

 

Shirinim, haq soʻzlaring bari,

El zori bor buving zorida.

Sen oʻylaysan, falak ishlari

Dadajoning ixtiyorida.

 

Shunday boʻlsa, men oʻzim bilib

Bulut koʻzin oʻymasmi edim.

Yurt boshiga hech oʻchmas qilib

Quyosh yoqib qoʻymasmi edim?!

 

Qizalogʻim, bilmaysan hali,

Muammosi olamning – olam.

Ojiz charxga toʻzim bergali

Dadang nadir, insoniyat ham.

 

Izmimizda emas bu dunyo,

Samovatga oʻtmas soʻzimiz.

Bilki, undan najot yoʻk aslo,

Bizga najot… faqat oʻzimiz.

 

Shuncha qaygʻu senda ham, qizim,

Xafa boʻlma, baland koʻtar bosh.

Oʻzbek degan xalq bor, yulduzim,

Qalbi uning millionlab quyosh.

 

Uni tarix qilgan imtihon,

Tabiatning sinovi nadir.

Unga faqat sen boʻlgin omon,

Jonu qalbin sen qilgin qadr.

 

U buyuk xalq. Yuki ham buyuk,

Qanoati bilmas nihoya.

Ishon, qizim, hech qanday bulut

Xalq boshiga sololmas soya.

1982

 

 

MAKSIM GORKIY BILAN SUHBAT

 

Vafo qildi anduh olami kimga?

Kimga baxsh etdi u umrlik safo?

Ey, zahmat sohibi, bolaligimga –

Goʻdak alamlaring boʻldi oshno.

 

Betinch yuragimga dorilfununda

“Dorilfununlaring” solganda gʻulu,

Men ham oʻz diyorim vodiylarinda

Piyoda kezmoqni qilganman orzu.

 

Ustoz, sen bir inson umri muqaddam

Xato qilgan eding, izlab xudovand.

Ne tong, daholarning xatolari ham

Mayda rost yoʻllardan yuz karra baland.

 

Ishondim, dunyoga kelgan kunidan

Bashar izlamabdi besabab iloh.

Men bugun qoʻrqmasman din afʼyunidan,

Xudosi yoʻqlardan qoʻrqaman biroq.

 

Mana, u qarshimda oʻltirar hozir,

Qalbida his, koʻzda maʼnosi yoʻkdir.

Bersang, bu dunyoni yutmoqqa qodir,

Chunki yuragida xudosi yoʻkdir.

 

Shohmi u, gadomi, kulolmi, zargar,

Yoʻlga solgan chogʻi shayton nidosi,

U qaysi taftishdan qoʻrqadir, agar –

Qoʻrqmoqqa boʻlmasa dilda xudosi?

 

Doʻzax oʻtlarining ming bitta shaklin –

Koʻrsatib ming bir xil yonishi bilan,

Lol qilmoq boʻlgan kim odamzod aqlin,

Boʻyla nomuborak donishi bilan?

 

Kim u zar qasdida, dunyo qasdida

Vahshat xanjarini qayragan jallod?

Muqaddas tuygʻusi yoʻqlar dastida

Jonsarak ohudek boʻlmish odamzod.

 

Ustoz, sen bir inson umri muqaddam

Xato qilgan eding izlab xudovand.

Ne tong, daholarning xatolari ham

Mayda rost yoʻllardan yuz karra baland.

 

Men haq bildim qalbim eʼtiqodini,

Olamga ezgulik ziyosi toʻlsin.

Imon deng, vijdon deng, mayli, otini, –

Lekin odamzodning xudosi boʻlsin.

1982

 

 

KELAJAKKA MAKTUB

 

Ivan Vasilyevich – dahshatli podshoh

Gʻazabi junbushga kelganda nogoh,

Temir aso bilan urib oʻgʻlini,

Farzand qoni bilan boʻyab qoʻlini,

Oʻzi dahshat ichra lol qotdi bir dam…

Rosa yarim asr

Shundan muqaddam

Oʻzga mamlakatda oʻzga bir tojdor –

Ul ham behush yotgan oʻgʻli uzra zor

Koʻkka qoʻl choʻzgancha chekardi figʻon:

“Mening jonimni ol, ey, parvardigor,

Ammo farzandimni qoldirgin omon!”

Mirzo Bobur ohi falakka yetti,

Humoyun koʻz ochdi.

Soat-basoat –

Hayotga qaytdiyu oʻgʻlon salomat,

Otani xastalik toʻshakka eltdi.

Sokin shiftga boqib yotar Boburshoh,

Umri bitganidan yuragi ogoh.

Sohibi saltanat, sohibi qalam,

Koʻnglida shukrona va bitmas alam.

Shukrkim, kuymadi farzand dogʻida,

Alamkim, oʻlmadi yurt tuprogʻida,

Shukrkim, baytlarda nomi qolajak,

Alamkim, zobit der uni kelajak.

Shukrkim, bu yurtni qiloldi obod,

Alamkim, muhtojlik boʻlmadi barbod.

Gadolar yurtidir bu gavhar tuproq,

Shu bois shukridan alami koʻproq.

Boshida valiaxd oʻltirar yolgʻiz,

Yosh kelmas koʻzlari moʻltirar ojiz.

Rangpar chehrasida uning shoh Bobur

Benajot saltanat ramzin koʻradi.

Mana,

Toʻplab soʻnggi sabotni shoir,

Asta qoʻl uzatdi,

Qalam soʻradi.

Shoir: “Qalam”, dedi.

Yangi bir gʻazal,

Yangi ruboyimi kelar dunyoga?

Yoʻq,

Xat yozar boʻldi shoh Bobur bu gal,

Maktub bitar boʻldi oʻris podshoga:

“Foniy bu dunyoda xoliqi kudrat

Podsholar amrini qilmishdir vojib,

Sizga Rus tojini kiydirgan qismat

Bizga Hind taxtini koʻrmish munosib.

Baxtmi bu, baxtsizlik – Ollohga ayon,

Ne boʻlsak, haq amri ifodasidir.

Va lek ellar aro jangu al-amon

Endi biz podsholar irodasidir.

Bu gʻamlik, bevafo foniy olamni

Tark etmoq muhaqqaq shohu gadoga.

Faqat ezgu ishlar nasli odamni

Margʻub etguvsidir ikki dunyoga.

Koʻp koʻrdi bu zamin ofat va qiron,

Tinglamoq chogʻidir adolat sasin.

Ey, xalqi beshumor, yurti bepoyon –

Buyuk shoh, bogʻlaylik doʻstlik rishtasin.

Men – saltanat shohi, yoʻq, sargashta jon

Haqiqat izlagan dunyoda yakka.

Mashriq siynasidan silqib yotar qon,

Shoir qalbi ojiz malham boʻlmakka.

Umrim poyonida men koʻrgan najot

Qismat sahrosida balki sarobdir.

Ammo niyat qildim oʻqib salovat,

Pok niyat oʻzi ham oliy savobdir.

Emdi bu jahonga bir qudrat kerak,

Jahoniy zulmatni yengmoqqa qodir.

Sizga tilaguvchi tangridan koʻmak:

Imzo – Zahiriddin Muhammad Bobur”.

Olis Rossiyaga yetib keldi xat,

Necha togʻlar oshib, dengizlar oshib,

“Sizga Rus tojini kiydirgan qismat

Bizga Hind taxtini koʻrmish munosib…”

Qaysi Hind?

Qaysi taxt?

Bu qanday diyor?

Nechuk imperiya? Xitoymi, moʻgʻul?

Moskva knyazi – magʻrur hukmdor

Bir daqiqa boʻldi xayolga mashgʻul.

Soʻng tasalli topdi:

“Bor boʻlsa bordir,

Dunyo keng, ellar koʻp, bilmoq dushvordir.

Knyaz gʻofil esa maʼzur –

Bu maktub

Unga tegib qoldi tasodif faqat.

Unga tegib qoldi xatolik oʻtib

Olis kelajakka joʻnatilgan xat.

1982

 

 

TUSHLIK TANAFFUS

 

Sokingina yashar edi u,

Na shodligi ayon, na dardi.

Tongda toʻgʻri ishga boraru

Oqshom toʻgʻri uyga qaytardi.

 

Ulfati yoʻq, koʻcha kezmagan,

Maishat ne – bilmagan odam.

Birov sezib, birov sezmagan

Borligiyu yoʻqligini ham.

 

Bir moʻminga doim bir qotil

Esh boʻlganday yorugʻ dunyoda,

Manglayiga bitgandi xotin,

Azroildan oʻn bor ziyoda.

 

Choʻntagiga erning toʻr xalta,

Qulogʻiga solib olam gap,

Roʻyxat qogʻoz bilan, albatta,

Kuzatardi har kun ertalab…

 

Sodda, noshud, oriq, kichkina…

Har kun uyda oʻltirib oqshom,

Gazetdan koʻz olmay tinchgina

Eshitardi xotindan dashnom.

 

Tiriklikning tashvishu gʻami

Hammani ham qilgandek ado,

Soʻndi bir kun umrning shami,

Bu olamdan ketdi benavo.

 

Xotin koʻzni ochib gʻaflatdan,

Bildi – suyanch togʻi yoʻqoldi.

Shaddod xotin shunda dafʼatan

Mushtiparga aylandi qoldi.

 

Shudir asli hayot qonuni,

Ne yoʻqolsa – aziz, mukarram.

Sham koʻtarib,

Arafa kuni

Qabristonga yoʻl oldi u ham.

 

Qudrat tilang endi sabriga,

Uni kutar bunda turfa hol,

Qotib qoldi!

Eri qabriga…

Sham yoqardi oʻzga bir ayol.

 

Lol qotdi u.

Toʻplab nihoyat

Bor makriyu irodasini,

Yashiroldi koʻzdagi hayrat

Va hayajon ifodasini.

 

Ayol sari yurdi beparvo,

Salom berdi.

Soʻrab kechirim,

Dedi koʻngil olganday goʻyo:

– Kim boʻladi bu odam?

– Erim.

 

“Erim”. Bu soʻz xotin koʻksiga

Olovli oʻq boʻlib sanchildi.

Endi bildi,

Uni er nega –

Xush koʻrmasdi,

Ha, endi bildi.

 

Nahot, shunday beozor odam…

Nahot, boʻlgan boshqa xotini…

Mana, endi shundan keyin ham

Oqlab koʻring erkak zotini.

 

Qani, shu payt goʻrni ochsayu

Bevafoni tutsa soʻroqqa.

Soʻng eriga qoʻshib mana bu –

Megajinni koʻmsa tuproqqa.

 

E voh, ayol gʻazabidan ham,

Makridan ham asra, xudoyim!

Yondirsa-da ichini alam,

Savol soʻrar yana muloyim:

 

– Bolalar-chi?

– Qolmadi yodgor,

Menga uning yodi kifoya.

Gʻayri odat bu ishq – betakror,

Eshitsangiz, qilay hikoya:

 

Men u bilan tushlik chogʻida

Oshxonada dastlab koʻrishdim.

U stolning nariyogʻida,

Men bu yokda oʻtirgancha jim –

 

Ovqatlandik.

Ertasiga ham,

Indinga ham shu boʻldi takror.

Yettinchi kun deganda ilk bor

 

“Yaxshimisiz” dedi bu odam.

Tanishuv kun boʻldi u bizga,

Salomlashib yurdik necha kun…

Kechirasiz, ne boʻldi sizga?

 

Titrayapsiz, singiljon, nechun?

– Hechqisi yoʻq, sovqotdim bir oz.

Davom eting.

– Xullasi kalom,

Bir-birovga oʻrgandik oz-oz,

Bir-birovga bogʻlandik tamom.

 

Shunday ekan qismat xohishi,

Men ham edim kimsasiz, tanho.

U kamina beozor kishi

Yuragimga boʻldi oshino.

 

Men-ku yolgʻiz edim,

Na otam,

Na onam bor, na oilam bor.

Yolgʻiz ekan dunyoda u ham,

Farzandlar gʻoʻr, xotin – dilozor.

 

Sodda, nochor, koʻrimsiz, ammo –

Qalbi uning bir olam edi.

Teran fikrat, hislar musaffo,

Fidoyilik jamuljam edi.

 

E voh, qadrin bilmadi dunyo,

Tuproqdagi dur edi bu zot.

Mening zulmat hayotim aro

Yarq etgan bir nur edi bu zot.

 

Dardlashardik bechora bilan,

Ikkimizda nadomat, afsus,

Gʻam-anduhlar izhori bilan

Oʻtar edi tushlik tanaffus.

 

U soʻzlardi, men tinglar edim,

Men yigʻlardim, kuyardi u ham,

Gohi uzoq oʻltirardik jim,

Koʻzimizga choʻkib tubsiz gʻam.

 

Mening koʻzimderdi:

“Ey aziz,

Qayda eding oʻttiz yil avval?”

Uning koʻzi derdi:

“Foydasiz…

Bu olamda baxt yoʻq mukammal”.

 

Mening koʻzim derdi:

“Men muhtoj

Qidirgandim seni bir umr”.

Uning koʻzi derdi:

“Ne iloj,

Kech boʻlsa ham koʻrishdik, shukr”.

 

Soʻrsalarki, qay vaqt saodat

Boʻlgan sening umringga oshno?

Derdim: Besh yil –

Har kun bir soat,

Faqat tushlik tanaffus aro.

 

Oʻzga makon, oʻzga zamonda

Mavjud boʻlgan olis yulduzlar

El koʻzidan pinhon osmonda

Koʻrishgandek faqat kunduzlar –

 

Biz ham shunday yashadik besh yil.

Bu hamturmush…

Mana, nihoyat,

Judo boʻldik…

Bor gap shu, singil,

Tamom boʻldi dardli hikoyat.

 

Oqshom choʻkar,

Tushar qorongʻu,

Xazonlarni supurar shamol.

Yarimta oy, surgancha xayol

Sokingina taratar yogʻdu.

 

Qabristonda qolmagan odam,

Huvillagan sukunat aro –

Bir qabr uzra yonar ikki sham,

Ikki ayol yigʻlar besado…

1982

 

 

GʻAZALNI SEVGAN QIZ

 

Sen kulib turibsan,

Har qanday shoir

Koʻzlaring oʻtida erib ketadi.

Hofizi Sheroziy tirilib hozir,

Xolingga dunyoni berib ketadi.

Notoʻkis olamning toʻkis va tugal

Ijodi senmisan, moʻjiziy talʼat?

Seni paydo etib buncha mukammal,

Hayrat qilmasmikin oʻzi tabiat,

Oʻlmas shoirlarning oʻlmas qalami

Oʻlmas baytlar bitsa sen uchun, joiz.

Ammo sheʼriyatning tashbeh olami

Kamoling oldida naqadar ojiz.

Gʻazalni sevibsan.

Senga munosib

Gʻazal bor ekanmi yorugʻ dunyoda?

Shoir baxtli edi bir tashbeh topib,

Shu kulib turganing qilsa ifoda.

Ming yil balki seni qildilar taʼrif,

Gohi oy dedilar, gohida quyosh.

Olam kitobini koʻrdim axtarib,

Hech shoir qalbingga topmabdi qiyos.

Qoshingga yoy nisbat, sochingga zanjir,

Parilarga nisbat jodu va sehring.

Bayt yoʻkdir olamda qilgʻuvchi tasvir

Oddiygina mehring, fidoyi mehring.

Gʻazalni xushlabsan,

Singlim, tashakkur,

Har koʻngil senigdek ishqiboz boʻlsin.

Senga biror satrim boʻlolsa manzur,

Oyogʻing ostiga poyandoz boʻlsin.

1982

 

 

SALBIY HAYAJON

 

Buncha ham yarashiq oq xalatingiz,

Opajon deyinmi yoki ayajon.

Bul ajab til bilan shirin aytdingiz:

 – Sizga mumkin emas salbiy hayajon.

 

Ajabo, qidirsa butun dunyoni,

Topilar ekanmi shunday bir odam –

Yarashsa yuziga gʻazab tugʻyoni,

Yoqsa yuragiga anduh bilan gʻam.

 

Ne iloj, bizdamas ixtiyor biroq,

Nur va soyalardan bahs qilmoq abas.

Qoʻshib bir kaft hasad va bir kaft nifoq,

Odamzod loyini qorgan biz emas.

 

Biz emas, bu dunyo yaralgan vaqtda

Gʻisht qoʻygan vafosiz, bemehr, yolgʻon.

Xiyonat zarbi u – bizning lugʻatda,

Sizning tilda esa – salbiy hayajon.

 

Gʻiybatdir, boʻhtondir, shubhadir, kindir,

Balokim, qoʻl siltab ketmoq muammo.

Infarktdan yugurib qochmoq mumkindir,

Oʻzimizdan qayga qochurmiz ammo?

 

Hayot ustozidan yolborib soʻrab,

Asrlar oʻrgandik dunyo hikmatin:

Oʻrgandik andisha poʻstiga oʻrab

Alamni ogʻudek yutmoq sanʼatin.

 

Goh xayol qilaman, taskin bor dilda,

Pushkin bu dunyodan ketdi bearmon.

Agar oʻlmaganda shoir duelda,

Uni oʻldirardi salbiy hayajon.

 

Oʻylayman gohida, oʻshal mashʼum kun

Mahmudning dorida soʻnmasa joni,

Salbiy hayajondan borliqqa butun

Tirqirab ketardi Mashrabning qoni.

 

Har inson zotida oʻzga bir matlab,

Har inson zotida oʻzgacha qismat.

Mendan har narsani qilingu talab,

Koʻru kar boʻlmoqni soʻramang faqat.

 

Axir, bizga azal orzu – yaratmak

Oʻzga bir jahonu, oʻzga bir inson.

Hayajon chekarmiz, toki kelajak –

Bilmasin, nimadir salbiy hayajon.

1982

 

 

* * *

 

Qulluq qil demasman.

Yurt tuprogʻin oʻp,

Unga qullar emas, fidolar kerak.

Uning senu mendek shoirlari koʻp,

Buyuk elga endi daholar kerak.

 

Qaddingni baland tut,

Boʻlma sertaʼzim,

Choʻqqi boʻlolmasang, mahkam qoya boʻl,

Pillapoya boʻldim senga, azizim,

Sen ham gal kelganda pillapoya boʻl.

 

 

VIRUSLAR

 

Professor Shabot XOʻJAYEVga

 

Doktor xonasida hamma narsa oq,

Tong nur talashadi oq tuslar bilan.

Oq xalatdek soch ham oqarmish bundoq

Olisha-olisha viruslar bilan.

 

Sizga havas qildim, doktor, menga ham

Moʻjiziy bu hikmat berilsa edi.

Siz doru surgandek, men qalam sursam,

Eng mudhish viruslar qirilsa edi.

 

Koʻlmaklar quridi, toʻqaylar yondi,

Tarix arxivida bezgaklar bukun.

Lekin qonimizga kirgan – soxtalik

Aʼzoi tanimiz qaqshatar butun.

 

Safsata qasriga meʼmor ustodlar

Mohi Xossadagi tovuslar misol,

Nopok sarmoyadan semirgan zotlar

Bagʻoyat urchidi viruslar misol.

 

Mansab savdosi ham klassik virus,

Kiritsa arziydi tibbiy darslikka.

Sharsimon virusni mumkin oʻldirish,

Chora yoʻq yumaloq xudparastlikka…

 

Insof, diyonatni, oru nomusni

Sariq chaqaga ham olmasa inson,

Oltin dardi kabi sariq virusni

Yoʻqotmoq mushkuldir – gepatit oson…

 

Yoʻtalsiz hech yerda ishing bitmasa,

Koʻk qogʻoz tutmasang – koʻrolmasang kun,

Bundoq koʻkyoʻtalga chora etmasa,

Koʻkarib, oʻpkalar qurishi mumkin.

 

Yulgʻichlik har lahza lol qilar bizni,

Grippdek unda ham ming bir xil tus bor.

Doktor, ochib koʻring daftaringizni,

Bundoq joni qattiq qanday virus bor?

 

Bu ne dard – minbarga chiqqan beibo

Chiroylik yolgʻonga qarsak urishlar.

Soxtalikning iliq muhiti aro

Yayrab koʻpayadi manfur viruslar.

 

Doktor, quloq tuting! Momoguldirak!

Havo tozarmoqda – virusga qiron.

Salom senga, oppoq, tiniq kelajak,

Olqish boʻlsin senga, uygʻongan boʻron.

1984

 

 

DEHLI AEROPORTIDA BOʻLGAN VOQEA

 

Tashqari qirq sakkiz daraja…

“Boing”

Bombay parvoziga turar edi taxt.

– Janob, yukingizni bu yoqqa qoʻying,

Oʻzingiz bu yerdan oʻting, marhamat.

 

Uzun miltiq osgan soqchilar ogoh,

Bamisli lokator koʻz, quloqlari.

Bezovta chirillab qoldi-ku nogoh

Elektron nazorat qoʻngʻiroqlari.

 

Hamrohim xijolat.

Boshin tebratib

Chala inglizcha uzr ayta-ayta,

Soʻnggi chaqagacha choʻntak boʻshatib,

Magnit qopqasiga yoʻl olar qayta.

 

Lekin qoʻngʻiroqlar tinchisa qani,

Taxlikalik yonar qizil chiroqlar.

– Nima yashirgansiz, shoir ogʻayni?

Hazil qilishadi hamkasb oʻrtoqlar.

 

Polismenga esa kulgi begona,

Paypaslab tintuvga boshlar badgumon.

Hech narsa topolmas va lekin yana

Qoʻngʻiroq chirillar. Nozirlar hayron.

 

Shunda tarjimonga der keksa shoir:

“Tushuntir, hech narsa yashirganim yoʻq,

Sergak apparati ilgʻagan temir –

Koʻkragim ostida qolib ketgan oʻq.

 

Qirq yil yashayapman oʻsha oʻq bilan,

Borligin bildirar bahor chogʻlari…

Qaysi yurtga qadam qoʻymay, dafʼatan

Bong urar nazorat qoʻngʻiroklari.

 

U menga Smolensk jangidan yodgor,

Urush oʻchmas qilib qoldirgan dastxat.

Ayt, uzr na darkor,

Afsus na darkor,

Menga achinmasin –

Ishonsin faqat”.

 

Biz ketdik.

Oʻchmasdan qizil chiroqlar

“Hushyor!” yozuvida pirillab qoldi.

Nazoratgoh ichra bor qoʻngʻiroqlar

Xuddi joni bordek chirillab qoldi.

1985

 

 

YURTIM BOLASI

 

Oʻzbekiston xalqi oʻn sakkiz millionga yetganda

 

Oʻn sakkiz ming olam sevinch, nolasi

Hayrati, umidi, alami bilan

Sen dunyoga kelding, yurtim bolasi,

Oʻn sakkizinchi million raqami bilan.

 

Onang Oʻzbekiston seni oʻradi

Yanvar dalasining oq yoʻrgagiga.

Senga alla aytdi keksa samovot

Egilib zaminning belanchagiga.

 

Hozir kimdir senga tikmoqda libos,

Kim sen yashar uyga ilk gʻisht qoʻymoqda.

Kichkina joningga lekin qay ranim

Yuz ming megatonlik bomba quymoqda.

 

Sertashvish asrda dunyoga kelding,

Ona yurtingga hech boʻlmagan oson.

Bukun ham bir qoʻlda seni ardoqlab,

Bir qoʻli boshingda ushlagan qalqon.

 

Maqsad manziliga yoʻl mushkul, olis,

Jannat boʻlgancha yoʻq bu aziz tuproq.

Falak toqidagi yulduzlar qancha,

Koʻksimizda umid yuz karra koʻproq.

 

Men ham umid bilan tongda sheʼr bitdim,

Sen – yangi mehmonning bahonasida,

Oʻn besh yoshga kirib oʻqirsan shoyad

Ikki minginchi yil ostonasida.

 

Hozir esa yigʻla, qichqir, ovozing

Taralsin dunyoning har toʻrt yogʻiga.

Murgʻak vujud bilan bong ur til boʻlib

Boqiy omonlikning qoʻngʻirogʻiga.

1985

 

 

VATAN SOGʻINCHI

 

Chet ellarda xizmat qilayotgan oʻzbek birodarlarimga

 

Qay oliy makonga safar qilmayin

Qay yiroq sohilga eltmasin qismat,

“Assalomalaykum!” deya jilmayib

Bir oʻzbek qondoshim qarshilar albat.

 

Bizlar Kolomboga qoʻnganda sahar,

Ilk bor u qarshilab parvona boʻldi.

Shunda rutubatli, badboʻy bu shahar

Koʻzimga charaqlab Fargʻona boʻldi.

 

Madorasda tilmoch ul oʻzbekzoda

Barobar soʻzlardi sakkiz tilda ham.

U oq xalat qiyib dorushshifoda,

Afgʻon bolasiga qoʻyardi malham.

 

Nur qasrini tiklab Furot uzra u

Arab xonasiga yoqardi quyosh.

Paxta oʻstirardi Nildan olib suv,

Qalbida Afriqo filicha bardosh.

 

Misrda Yusufdek boʻlib koʻrindi,

Yamanda u menga tuyuldi Hotam.

Bu ayon tuygʻudir – na qilsa endi

Olovdek tashlanar koʻzga oʻz odam.

 

Bukun olis yoʻldan qaytganim chogʻda

Ilk satrimda sizni qildim mukarrar –

Ey, siz, jondoshlarim, yurtdan yirokda

Yurtning xizmatiga bogʻlangan kamar!

 

Bilaman, ne azob yuki hijronning,

Ne darddur oy-yillar boʻlmoq intizor.

Bilaman, sogʻinchi Oʻzbekistonning

Koʻzingiz tubida hamisha bedor.

 

U jahon ichida bitta jahondir,

Bir koʻrgan umrbod qilgusi havas.

Yerning tortish kuchin yengmoq osondir,

Ona-Yer mehridan uzilib boʻlmas.

 

Doʻstlarim, har qayda boʻling salomat,

Omon qayting uyga olis makondan.

Tilagim, hech qachon, hech qachon qismat

Bizni ayirmasin Oʻzbekistondan.

1986

 

 

YANGI YIL SHEʼRI

 

Inson feʼli ajabdan ajab,

Yoʻqdir unga mezonsiz olam.

Yulduzlarni oʻlchar botmonlab,

Qarichlaydi cheksizlikni ham.

 

Oʻzi ega, oʻzn qul mangu

Oʻzi topgan akndalarga,

Ne dey, hatto mangulikni u

Boʻlib chiqqan daqiqalarga.

 

Daqiqadan soatlar yigʻnb,

Kunlar tuzib oy jam qiladi.

Yigʻlamaydi umr oʻtdi deb,

Yil oʻtdi deb bayram kiladi.

 

Koʻpaysa-da, ajinlar harchand,

Oqarsa-da, yillardan boshi,

Quvonadi – koʻpaydi farzand,

Sevinadi – ulgʻaydi yoshi.

 

Bu tuganmas orzu havasda

Bor umidbaxsh imonga asos:

Inson oʻlmas.

Asta va asta

Boqiylikka oʻtadi, xolos.

1987

 

 

GEORGIY AʼZAMOV XOTIRASIGA

 

Tundek qaro etib yuragimni ham

Xabar yetib keldi kechasi.

Mening Jora ismlik ukam,

Tojixon akaning kenjasi…

 

Qadam koʻygan eding shaxmat shohining

Karorgohi ostonasiga.

Otang maglayiga sigʻmading,

Sigʻmading oʻzbekning peshonasiga.

 

Qayta turilarmi oʻgʻlon seningdek,

Qancha yuksak edi tilaging.

Yuragi yorilib ketgan lochindek

Balandlikdan nogoh kulading.

 

Muxlis edim, har bir gʻalabang

Menga edi misoli toʻydek.

Sen muzaffar ketding, biz esa, attang,

Bizlar seni boy berib qoʻydik…

1987

 

 

DEVONA HAQGOʻY

 

Yana sening toʻning yelkangda,

Sigʻmay qolding bu dargohga ham.

Labda achchiq qimtilgan handa,

Tashqariga qoʻyasan qadam.

 

Tuqqaningga yoqmas toʻgʻri gap,

Shuni anglab yetmagan boʻlsang,

Bu dunyoda shuncha yil yashab

Diplomatlik atalgan adab

Koʻchasidan oʻtmagan boʻlsang, –

Koʻngildagi gapingni qachon

Kimga qanday soʻzlamoq kerak,

Oʻzingga ne foyda, ne ziyon.

Anglamagan boʻlsang gar, demak –

 

Ayb oʻzingda,

Toki bu dunyo

Tili burrolarga yor ekan,

Manmanliqdek tuzalmas savdo

Odamzod boshida bor ekan,

 

Toki boshliq zoti ekan haq,

Gapi gapu soʻzi soʻz ekan,

Toʻrdagilar hokimi mutlaq,

Pastdagilar yumuq koʻz ekan, –

 

Peshonangga bitilgan attang,

Yengilmoq bor doimo jangda.

Mudom sening qoʻlingda pattang,

Mudom sening toʻning yelkangda.

1987

 

 

* * *

 

– Orol oʻlayotir,

Sir oʻlayotir,

Oʻlayotir zahardan tuproq.

Shoir bunga qarshi ne qilayotir?

– Shoir daftarida kattakon soʻroq.

 

U faqat qichqirar:

Bundoq boʻlmaydi.

Alam bilan yosh toʻkar, biroq

Uning koʻzyoshidan Orol toʻlmaydi,

Faqatgina yer boʻlar shoʻrroq…

1987

 

 

DORILFUNUNGA

 

Yana yigirmaga – yigit yoshimga

Uzoq yillar oʻtib qaytgan bu kunim,

Taʼzim qilib keldim sening qoshingga

Azizim, munisim, dorilfununim.

 

Nedirsan? Olisga undagan sado,

Yo olis yillardan chorlagan unim.

Seni sogʻinaman va tirikman to

Senga intilaman, dorilfununim.

 

Bolangman, bor hali oʻzingga hamdam

Shoʻxlik, erkalagim, andek jununim.

Kim boʻlsam, ne boʻlsam va qayda boʻlsam,

Sen meni tergab tur, dorilfununim.

 

Hayot beshafqatdir, yashash murakkab,

Yozolmay goh dilga choʻkkan tugunim,

Iltijo qilarman, bedor yurakka

Qudrat ber, yoshligim – dorilfununim.

 

Hali bu olamga savolim koʻpdir,

Xayolim qushida yoʻq lahza qoʻnim.

Yana shamchirogʻing kerak boʻlibdir,

Yoʻlimni yoritgin, dorilfununim.

 

Sheʼru ishq, baxt, quvonch – dunyo biri kam,

Faqat eʼtiqodim – tanho butunim.

Qalbim tubidagi eng yorugʻ nuqtam –

Senga talpinaman, dorilfununim.

 

Ezgulik sogʻinchi oʻrtab koʻnglimni

Bosh urib qoshingga kelgan bu kunim –

Sidqimni qabul et, tark etma meni,

Azizim, munisim, dorilfununim.

1987

 

 

QUROLSIZLANISH

 

Bir oʻrmonda yashar edi ikki qabila,

Dinozavr, mamont ovlab birlikda omon.

Ne boʻldiyu bir ov loshi taloshi ila

Ikki tomon jangta kirda qattol, beomon.

 

Til-zabonsiz vahshiy toʻda, yovvoyi ajdod

Qon isidan mast – bir-birin qirib tashladi.

Bu qirgʻinda omon qolgan ikki odamzod

Bir-biriga qarab asta yura boshladi.

 

Ana, ular bir-birini oʻldirar hozir,

Yer yuzida inson nasli tugaydi butkul.

Shu payt nogoh biri toʻxtab qoldi-yu, orir –

Choʻqmorini sekingina yerga qoʻydi ul.

 

Raqibi-chi? U ham sezdi bu ne ishora,

Qoʻlidagi qirra toshni nariga otdi.

Ikkov qoʻlni qoʻlga berdi, shundan ilk bora

Hayvonlikdan ozod boʻldi insonning zoti.

 

Million yillar oʻtdi, odam nasliga, ajib,

Tarix boʻldi insonlikdan ortga tislanish.

Xaltasiga tosh yigʻdiyu boʻlmadi nasib

Insonlikka qaytib yana qurolsizlanish.

 

Taqdir hukmi ila yana keldi roʻbaru

Oʻsha vahshat oʻrmonida timsol ikki jon.

Bukun bir bor gʻolib keldi insoniy tuygʻu

Toshni yerga otmoq boʻldi ikkala tomon.

 

Bu yangi bir tarix boʻlgay! Qani, biryoʻla

Ushalsa ming yillik orzu, tuzalsa yanglish.

Nasib boʻlsa shubha toʻla, dushmanlik toʻla

Yuraklarga yovuzlikdan qurolsizlanish.

 

Muzlar erir, inson nasli boʻlmagay harif,

Mehru insof ust boʻlgayu kinlar ost boʻlgay.

Olqish senga odamizod, ey zoti sharif,

Insonlikka qaytgan kuning, shoyad, rost boʻlgay.

1988

 

 

* * *

 

Kajfeʼl, kajraftorlar tarbiyasiga

Kajdumlar qismati ibratdir ayon.

Jaholat avjida oʻz miyasiga

Nish urib qoʻyadi baʼzida chayon.

1988

 

 

QARSAK HAQIDAGI SHEʼRGA JAVOB

 

Men sheʼr yozsam,

Oʻqisam uni,

Tinglaganlar qarsak chalmasa.

Biror kimsa biror soʻzini

Yodida ham saqlab qolmasa.

 

Faqat bittagina boʻz oʻgʻlon

Uyga qaytgach, yigʻlasa toʻlib.

Yigʻlab-yigʻlab tong boʻzargan on

Uygʻonsa u Alpomish boʻlib.

1988

 

 

QALIN PULI

 

Qalin puli – uch ming. Ming – kizi uchun,

Yana ming – sandiri, kiygizi uchun.

Xoʻsh, yana ming nega? Har lahza senga

Sanchib turadigan bigizi uchun.

 

1988

 

Erkin VOHIDOV

 

Sheʼr dunyosi” (“Sharq” nashriyoti, 2001) kitobidan

 


* Koʻxinur— Hindistondan inglizlar olib ketgan mashxur gavhar.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.