Shamol bilan koʻkni kez

0
110
marta koʻrilgan.

 Sinfdoshim

 

Kitobdan uzmay koʻzin,

Unutib hatto oʻzin,

Eshitmay biror soʻzim,

Sochin oʻynab oʻtirar.

 

Bir qatorda partamiz,

Har kun doska artamiz,

Qoldi deganda yolgʻiz,

Sochin oʻynab oʻtirar.

 

Baʼzan juda shoʻx, shodon,

Baʼzan serkulgi, gapdon,

Goh jim qolib, nogahon,

Sochin oʻynab oʻtirar.

 

Yoʻtalaman atayin,

Jilmayar mayin-mayin,

Yoqtirishim bilmayin,

Sochin oʻynab oʻtirar.

 

Koʻnglimda yoʻq hech kirim,

Sinfdoshim – shirin sirim,

Bilsangiz, ayting, u kim,

Sochin oʻynab oʻtirar?

 

Bulut

 

Koʻkda ogʻir kezingan bulut,

Qay yurtlardan kelib qolding, ayt?

Qoʻy, yigʻlama, gʻamlaring unut,

Hozir ayni quvnaydigan payt.

 

Quyosh bilan oʻynab, yayragin,

Shamol bilan koʻkni kez gʻir-gʻir.

Koʻzyosh toʻkib ado boʻlmagin,

Oʻynaganing qoladi, axir.

 

Oltin baliq

 

(Pushkinga)

 

Oltin baliq men senga

Hanuz qoyil qolmayman,

Cholga toʻlovlaringni

Aslo oqlay olmayman.

 

Menimcha, shart emasdi

Ne tilasa kampirsho,

Ogʻzidan chiqmay turib,

Barin aylamoq bajo.

 

Qasr ustiga qasr,

Uy-u saroylar qurib,

Bechora baliqchini

Qoʻyding-ku yugurtirib.

 

Toʻrga ilashmay qolgur,

Nafsni etmayin oʻpqon,

Togʻorani yamasang,

Olam edi guliston.

 

Oltin baliq qalbimni

Koʻpdan oʻrtar bir savol.

Javob bersang degandim,

Agar kelmasa malol?

 

Aytganing, aytgan ekan,

Uchqur ekan omading:

Toʻrga nega tushding-u,

Nega qochib qolmading?

 

Toshpoʻlat

 

Kuchlilardan kuchli sanar

Toshpoʻlat oʻzin,

Isbotlamoq boʻlar bizga

Chinligin soʻzin.

 

Yoʻl chetida yotgan boʻlsa

Xarsangtosh, gʻoʻla,

Irgʻitadi dast koʻtarib

Uni bir yoʻla.

Kafti bilan qoq ikkiga

Boʻladi gʻishtni,

Jimjiloqda mixni bukib,

Der: – Shu ham ishmi?

 

Qoyil qolib, hurmatlardik

Biz uni juda,

Bir kun bilib qoldik bari

Ekan behuda…

 

…Avtobusda qaytar edik

Uyimiz tomon,

Qoʻl koʻtarib, yoʻldan chiqdi

Toʻrt-besh otaxon.

 

Bizlar darrov joy boʻshatib,

Desak: – Marhamat!

Oyna tomon yuzin burib

Oldi Toshpoʻlat.

 

Bor-yoʻgʻi qirq daqiqalik

Yoʻl edi manzil –

Doʻstimizning qiligʻidan

Boʻldik mulzam, zil.

 

Toshpoʻlatning polvonligi

Ekan yolgʻon, puch –

Topolmadi tik turishga

U oʻzida kuch.

 

Abdurahmon AKBAR

 

“Sharq yulduzi”, 2011–2

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.