Shamʼi shafoat

0
209
marta koʻrilgan.

Turkumdan

 

OLGʻIR

Eplamagan bu toʻnka toʻrt amalni,

Diplom oldi qilib turfa amalni.

Erta asov-mansab tutar bahsda ham,

U birinchi egarlaydi amalni.

 

ENA SUTI

Tugʻilgandan tirik tomoq “em” deydi,

Iygan koʻksin tutib ena “em” deydi.

Ena suti – besh yil emgan bolaning

Yuz yil bedard yashashiga em deydi.

 

BU BOZOR

Bu bozor – nafs bozori – tomoshadir,

Bozordan toshib yolgʻon tom oshadir.

Nogahon toʻgʻri kirsa kuni bitar,

Insof xor, bunda faqat taʼma – shoddir.

 

TUSH

Umrning tong, shomi bor, oʻrtasi tush,

Tushgacha komil kasbni jilovlay tush.

Tushgacha ulgurmasang murodingga,

Soʻng imkon yetar-yetmas, armonli tush.

 

OʻGʻILGA DUO

Quvonch edi kecha seni “toy-toy”lar kun,

Bugun esa kelin sepin toy-toylar kun.

Erta bir kun oʻgʻlingning bosh tovogʻiga

Nasib etsin elga qurda “ot, toy”lar, kun.

 

TOʻLA EKAN

Yer degani moʻjiza yertoʻla ekan,

Bor jonlining rizqiga Yer toʻla ekan.

Koʻkartirib, yashartirib, soʻngi hukmi:

Joning olib, taningni yer – “toʻla!” ekan.

 

BIR USTOZ

Isteʼdodni bu ustoz chop-chop qiladi,

Chopqilari shogird shashtin chopqiladi.

Kissasida talanti bor talantsizning

Joʻqiychasin ustoz silliq chop qiladi.

 

ADOSI YOʻQ

Hurlarning ham unday nozi adosi yoʻq,

Adosida vaʼdasi bor, adosi yoʻq.

Koʻchasida kuydim degan gadosi koʻp,

Ammo bizdek yonayotgan adosi yoʻq.

 

UMR YOʻLI

Ilk aytganim, oʻrganganim “a” sasidir,

Balki shu sas borliq soʻzlar asosidir.

Koʻp asosni oʻqib, uqib suyanganim –

Bugun tolning bir omonat asosidir.

GUL LAB

Jon gulobin ichmish ruxsoring gullab,

Jonga jonmish gulobli joming gul lab.

Men jon uchun gulob deb lab ochguvchi,

Dardim koʻzim gulobi qoʻymish gullab.

 

OYDIN KELAJAK

Dedim bir kun sheʼr bitib yuz, qoshingga:

“Ey, Oy, yulduz yoʻldosh darkor qoshingga”.

Bugun ikkimizga oydin kelajak –

Oq yoʻrgakda oydek chehra, qosh, “inga”.

 

OTALAR YODI

Bolam deya kuyib-pishsa otamiz,

Bu nechun deb oʻylamapmiz o, tamiz.

Ota boʻlib bilgach ota qadrini

Otalar yodiga oʻzni otamiz.

 

ONA BU

Baxting suyib deydi: “Baxtli on-a bu!”

Tuban ketsang kuyib deydi: “O, na bu?!”

Har qadaming qalb toshi-la tortuvchi –

Bebaho bir suyanchigʻing ona – bu.

 

YeYDI

Oʻljasini ilon avval chaqib-yeydi.

Boltayutar toshga tashlab-chaqib yeydi.

Hasad rostni mahkamaga chaqib-yeydi,

Miskin topsa oʻz koʻnglini choq qib yeydi.

 

TANDIR

Bu olam yulduz, quyosh nonli tandir,

Ollohu olam balki bitta tandir.

Yer tanho bu tan ichra, Odam tanho,

Koinot kori yolgʻiz haqqa tandir.

 

MANZARA

Koʻl boʻyi, kechar kunlarim, boqaman,

Goh odam, goh qush boʻlib, goh baqa man.

Yeru koʻl mavjim girdi koʻkdan qaytar,

Bir taskin nido boʻlib: “Men baqoman!”

 

SEN

Ki sening topmoq orzung ul koʻki toq,

Top avval oʻz chistoning juftmi yo toq.

Topmasang qilma minbaʼd toqating toq,

Magaram topsang faqat qalbingga taq.

 

VIDO

Osmonimda bitta oʻzing aylan, Oy,

Oyruxsor, yulduz koʻzingdan aylanay.

Mening Yer dostonimni tinglar esang,

Xokimdan ungan gʻarovni ayla nay.

 

KELAJAKKA MAKTUB

Yozma hech unut, qolar noma yonda,

Nomai nomdor yozsang nom ayon-da.

Soʻzingni: “Kelajakka maktub” deb yoz,

Avlodlar desin: “Bizning namoyanda”.

 

Shafoat RAHMATULLO TERMIZIY

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 11-12-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.