Sevgiga toʻymasdan, toʻymasdan sheʼrga…

0
425
marta koʻrilgan.

* * *

 

Bu yorugʻ dunyodan yashab oʻtaman

Sevgiga toʻymasdan, toʻymasdan sheʼrga.

Bir tiniq tabassum bilan tutaman

Jonimni Ollohga,

jismimni yerga…

 

 

ESHAKNI ESLASH HAQIDA

 

Men

qachon

nodonni

soʻkmoqchi

boʻlsam,

sen

shunda

esimga

tushasan,

eshak…

 

 

AYOL SUYMAGAN ERKAK

 

Ayol suymagan erkak –

Ayol suymagan erkak…

 

 

***

 

Yoʻqotgan pulini izlaydi kimdir,

Yoʻqotgan yoʻlini izlaydi kimdir.

Pulga ham, yoʻlga ham solmasdan nazar,

Yoʻqotgan koʻnglini izlaydi kimdir.

 

 

HALI OʻLMAGAN ODAM

 

“Boshiga tosh bilan bir ursam…”,

deb oʻylaydi kimdir men xaqimda.

“Boshini bagʻrimga bossam…”,

deb oʻylaydi kimdir men haqimda.

Men esa

koʻtarib yuraman

oʻsha –

ming marta tosh tegib yorilgan,

issiq bagʻirlarda dimiqqan,

hamma uchun qiziq

boshimni…

 

 

TAʼRIF

 

Yerda tortish kuchi bor, toʻgʻri!

Allaqachon isbotlagan fan.

Ammo oʻsha quvvatning toʻri –

Oʻzbekiston atalgan maskan!

 

 

BAHOR

 

Yerning siynasidan toshdi harorat,

Haykal daraxtlarga takror kirdi jon.

Tomlarning labida turib omonat,

Yalqov mushuklar ham boshladi figʻon…

 

Shifokor quyoshning malham tigʻlari

Bemor jussasini uzdi toʻshakdan –

Ana, koʻtarildi bugʻdoy tugʻlari

Chorbogʻda qor bosib yotgan xashakdan…

 

Oʻchoqlar ogʻziga islanib qaytdi

Moʻrilar boʻgʻzidan tutgan tutunlar.

Eshitdim – Xudoga shukrona aytdi

Oxiri koʻrinib qolgan oʻtinlar…

 

Tuproq koʻpchib berdi yetilgan qizday,

Chapani ketmonga boqdi suzilib…

Boʻgʻotda xanjarga aylangan muzda

Qartaygan qish joni ketdi uzilib…

 

 

BIRINCHI SEVGIM

 

Yuragimga larzalar solgan

vulqonimsan, birinchi sevgim.

Oʻsmir yoshim ogʻzida qolgan

tolqonimsan, birinchi sevgim…

 

Kuygan mening yuragim, kuygan,

gʻam dilimga choʻgʻdan togʻ uygan…

Yoʻlbarslarga yedirib qoʻygan

jayronimsan, birinchi sevgim…

 

Xotiramni titganim-titgan,

Kelishingni kutganim-kutgan,

Ummonlarning tubi berkitgan

marjonimsan, birinchi sevgim.

 

Qayda oʻtgan yoshlikning yoʻli?

Koʻrinadi na oʻng, na soʻli…

Sen ham meni izlagan koʻngli

vayronimsan, birinchi sevgim…

 

Yoqtirmagan yoriga yoqqan,

Koʻzidan yosh shashqator oqqan,

Shafqatsiz bu taqdirga boqqan

jononimsan, birinchi sevgim…

 

Hayronimsan, birinchi sevgim,

Nolonimsan, birinchi sevgim,

Yuragimda ogʻrigʻi qolgan

armonimsan, birinchi sevgim…

 

 

MEVASIZ DARAXT

 

Uygʻotarkan uni ham bahor,

Yashil libos qilarkan sovgʻa,

“Gulladim-ku!” deydi baxtiyor,

“Meva-chi?” deb qilmaydi gʻovgʻa.

 

Qani, endi soʻz senga, gapir,

Shukrona shu emasmi axir…

 

 

SIZ ShOSHILMANG…

 

Siz shoshilmang,

oshiqmang buncha,

Hali baho berishga erta.

Shoir

hamma kabi

buguncha

Kuymalanib yuribdi yerda.

 

Sabr qiling,

dunyodan oʻtib,

Singib ketgach tuproqqa jismi,

Dilingizni sogʻinchi tutib,

Tilingizga toʻladi ismi…

 

 

OQ AYIQ

 

Ummon…

Ummon…

Qulochlari

cheksiz yoyiq…

Bahor kelib,

Eriyapti uning muzi…

Ummonning qoq oʻrtasida

bir oq ayiq

Holsiz suzib borayotir

yolgʻiz oʻzi…

 

Tirikchilik

shoʻrlikni shu holga solgan –

Baliqmi yo

bir baloni kelgan koʻzlab.

Sohil esa

ancha olis,

olis qolgan…

Toparmikin

endi uni

qayta izlab…

Eh, oq ayiq,

Uh, oq ayiq…

Oh, oq ayiq…

Ketmasaydi

adogʻi yoʻq suvda oʻlib…

Goʻl boʻlmasa,

Sohillarni badar qoʻyib,

Muzga ishonch bogʻlaydimi

kelib-kelib?

 

Oq ayiqqa

koʻnglim juda achishyapti…

Qolarmikin

cheksiz ummon ichra

omon…

U esa muz parchasiga yopishyapti,

Meni shu muz eltadi deb

sohil tomon…

 

 

ONA YURTGA TAʼRIF

 

Yerda tortish kuchi bor, toʻgʻri,

Allaqachon isbotlagan fan.

Ammo oʻsha quvvatning toʻri –

Oʻzbekiston atalgan maskan!

 

 

XALQ ShOIRI

 

Xalq shoiri xalq yukini yelkalaydi,

Yana yuking boʻlsa ber deb erkalaydi.

Xalq shoiri xalqdan ayro boʻlgan kuni –

Joni chiqmay turib tirik oʻlgan kuni…

 

 

NAVROʻZIM

 

Kel-yey, tenglik kuni, qutlugʻ adolat oni, Navroʻzim!

Adolatli diyorimning aziz mehmoni, Navroʻzim!

 

Sochib kel qir-adirlarga boychechak, lolaqizgʻaldoq,

Yashillik istagan yerning oʻzing boʻl joni, Navroʻzim!

 

Taqib olsin tovon oʻpgan sochiga tol popuklarni

Qoshi oʻsma suvin ichgan elim jononi, Navroʻzim!

 

Sumalak sayli boshlansin shahar-qishloq aro yoppa,

Ki birday qaynasin toʻq oshiyon qozoni, Navroʻzim!

 

Seni qoʻlga kiritguncha ulus qancha jafo chekdi…

Shukur, hurlikka ham yetdi ketib armoni, Navroʻzim!

 

Bahor boʻyin olib kelsin chugʻirlab ikki qaldirgʻoch,

Navolarga yana toʻlsin uyim ayvoni, Navroʻzim!

 

Oʻzing malham-davodirsan sogʻingan barcha dillarga,

Oʻzing qayta yaralmoqning goʻzal imkoni, Navroʻzim!

 

Sening manguliging istab Bahodir ham tilak qildi,

Qoʻlida xush sumalakka toʻla finjoni, Navroʻzim!

 

 

KOʻNGLI KIR KIMSAGA

 

Yomonlikni koʻzlayverib,

Pakkanggayam yetibsan –

Hammadan kir izlayverib,

Oʻzing kirlab ketibsan…

 

Bahodir ISO

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.