Sevgidan yaralgan qaqnus yuragim

0
231
marta koʻrilgan.

Sen kelsang

 

Zimiston kulbaning darichasidan

Kirib kelganidek oftobning nuri,

Saharning ayni shu daqiqasida

Anglangani kabi koʻklam sururi,

 

Sen kelding. Hayotdan zerikkan xona

Lahzada koʻnglimdek ketdi yorishib.

Tuygʻular kurtakdek koʻz ochdi yana,

Nafasim bahoriy boʻyga qorishib.

 

Ne tongki, sunbula chogʻida hamal

Xonamga ulashdi fayzu tarovat.

Koʻzlarim koʻzingga tushgani mahal

Qalbimning qaʼriga yetdi harorat.

 

Nigohi sehrli, nurli malagim,

Gulga aylanadi kaftingda maysa.

Sevgidan yaralgan qaqnus yuragim

Kul boʻlar isming aytmayin qoʻysa.

 

Tashrifing men uchun shodlik ayyomi,

Ey mening baxtimdan oʻtlugʻ nishonam.

Hech qachon tushmasin ayriliq shomi,

Yogʻdularga toʻlsin koʻngil – ishqxonam!

 

 

Arazing

 

Arazing til uchida,

Yolgʻon araz urasan.

Bilman-ku, ichingda

Meni yaxshi koʻrasan.

 

Boring, deysan oʻpkalab,

Qoling, deydi nigohing –

Talpinadi ikkala

Boladek begunohing.

 

Qoshing oʻsma bargiday,

Kipriklaring qayrilma.

Senginadan oʻrgilay,

Menginadan ayrilma.

 

Koʻzlaringdagi choʻgʻing

Yashirib ne etasan.

Kelganida achchigʻing,

Shirin boʻlib ketasan.

 

Qalbing ayladim asir,

Kim qutqarib oladi.

Qutulsang ham baribir,

Koʻngling menda qoladi.

 

Qoshing oʻsma bargiday,

Kipriklaring qayrilma.

Senginadan oʻrgilay,

Menginadan ayrilma.

 

 

Eng zerikarli kun

 

Koʻcha butkul huvillab qoldi,

Chiqmagansan bugun uyingdan.

Borliq ogʻir xayolga toldi –

Parishondir sening oʻyingda.

 

Avtobuslar, metro poyezdi

Sudraladi garangsib boshi.

Yer bagʻrini beayov ezdi

Zerikishning zil-zambil toshi.

 

Daydib yurar ayoz sargʻarib,

Xira tortgan qunishib quyosh.

Maʼyus turar daraxtlar gʻarib,

Osmon tayyor toʻkmoqqa koʻzyosh.

 

Har bir lahza asrlarga teng –

Kalavada qotgan tugunday.

Insoniyat tarixida eng

Zerikarli kun oʻtdi shunday.

 

 

Azizim

 

Muhabbatlaridan toʻlmaydi koʻnglim,

Yengil izhorlardan zerikkanman xoʻp.

Garchi chiroyiga termulgancha jim

Umringni sovursang arziydigan koʻp.

 

Qancha yonib suysam – shuncha suyuldim,

Siyqa takrorlarda qayraldi tilim.

Faqat senga boqib toʻxtab-tiyildim,

Bildimki, yolgʻiz sen bezavol gulim.

 

Koʻnglimni oʻzimdan avvalroq bilgan –

Ey latif moʻjiza, beadoq sehr.

Dunyoni koʻzimga charogʻon qilgan

Quyoshu oy emas, sen bergan mehr.

 

Nelar ushoqladi qaygʻularimni,

Buyuk tugʻyonlarim qaylarga ketdi?

Butun hislarimni, tuygʻularimni

Siniq ifodalar chalajon etdi.

 

Muhabbat maʼnisiz, hammasi yolgʻon –

Meni shu hukmga undaydi hayot.

Lekin dil uzmayman sendan hech qachon,

Azizim, sevgilim, ey adabiyot.

 

 

Qalb

 

Muqaddas maskan bor qalbning toʻrida –

Kavsarga ishora, ravzaga nishon.

Tangri tajallisi qatra nurida,

Ziyoga talpinib yashaydi inson.

 

Har qachon saxovat aylasa qay zot,

Bir qadam tashlaydi oʻsha maʼvoga.

Koʻnglini hasaddan etolsa ozod,

Yaqinlashib borar buyuk samoga.

 

Doʻstining aybini kechirsa darrov,

Gina, kin saqlamay jismu jonida.

Gʻiybatga gung boʻlsa, tuhmatga soqov,

Soʻzi ravon kelar Tangri yonida.

 

Muhtojga qoʻl tutsa, tashnalarga suv,

Manzilga damo-dam ketib boradi.

Rost soʻzni aytarda bilmasa qoʻrquv,

Analhaq baxtiga yetib boradi.

 

Duogoʻy chollarning nasihatidek

Bu gaplar shunchaki aytishga oson.

Koʻpga nasib etmas ijobati lek,

Hamma yoʻl boshida shayton bor, shayton.

 

Uning hiylalari – ishrat, siymu zar,

Bandaga mangu baxt ato etguday.

Koʻksida zarracha nafsi boʻlsa gar,

Hatto farishtalar ogʻib ketguday.

 

…Takror chorlayverar ravzai rizvon,

Visoli eng oliy saodat demak.

Qalbining toʻriga yetolsa inson,

Bu dunyo jannatga aylanar beshak!

 

 

Azizbek ANVAR

1983 yili tugʻilgan. Oʻzbekiston Milliy universitetida tahsil olgan. “Birinchi kitobim” ruknida “Yaxshi kunlar”, sheʼriy toʻplami chop etilgan. Soʻngra “Seni yaxshi koʻraman juda”, “Osmonning oxiri” kitoblari nashr qilingan.

“Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan.

 

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.