«Sevgi bir daryodir, hamisha bedor»

0
392
marta koʻrilgan.

* * *

 

Meʼmormiz,

Tunlardan yaratamiz tong,

Qoʻlimizda topar zamona sayqal.

Umrimiz mazmunin topganmiz shundan,

Bunyod etmoq bizga amali azal.

 

Neki mavjud yerda qoʻllar hikmati,

Uning qudratiga shak keltirmam, yoʻq.

Hatto zaminga ham singgan xizmati,

Usiz boʻlar edi nursiz va sovuq.

 

Buyuk ijodkordir ajdodim, asli,

U neki tiklamish, bari bemisol.

Ajabkim, yaratib sigʻingan oʻzi,

Dahosi qoshida oʻzi boʻlgan lol.

 

Necha madrasayu niliy xonaqoh,

Goʻri Mir, muhabbat qasri – Tojmahal

Vazmin tashlab turar yillarga nigoh,

Inson zakosiga tiklangan haykal.

 

Avlodlar oqimi tinmas bir nafas,

Har avlod yaratar oʻz dunyosini.

Unda yangrab turar kelgusidan sas,

Hech narsa toʻsolmas shod sadosini.

 

Shu sado chorlagay birday, doimo,

Goʻyo ufqlarda porlagan mayoq.

Yuraklarda ortar hayotiy ziyo,

Tugʻilar qurmoqqa orzu, ishtiyoq.

 

Meʼmormiz,

Umrimiz har bitta kuni

Istiqbol yoʻlida bir gʻisht boʻlajak.

Vaqt kelar,

Farzandlar toʻplashar uni,

Tiklanar ulardan buyuk kelajak.

 

Umriboqiy tutlar

 

Qadimiy tutlar bor Qashqadaryoda

Saratonda berar hayotbaxsh soya.

Barglari shivirlab mayin saboda

Moziydan soʻylaydi ajib hikoya.

 

Ne-ne ofatlarni oʻtkazgan boshdan,

Yillar sinovidan oʻtolgan omon.

Yemrilardi hatto boʻlsa ham toshdan,

Sabotidan goho qolaman hayron.

 

Qadrdon, mehribon bir doʻstimiz bor,

Vohani boshidan to oxir kezgan,

U deydi: “Tutlarga baxsh etgan mador

Qizilishton degan nodir qush ekan.

 

Daraxt qurtlarini u qilar nobud,

Ofatlardan asrar bir tabib misol.

U bor joyda yashnab oʻsar har bir tut,

Koʻkka boʻy choʻzadi bilmasdan zavol…”

 

…Bu soʻzlar…

Uygʻotadi dilimda hayrat,

Tutga qiyoslayman hayotimizni.

Unda ham turfa xil ofatlar qat-qat,

Biz qaydan topamiz najotimizni?

 

Qurtmijoz kimsalar uchragay goho,

Gʻururu mehrni kemirishga shay.

Yuksalish, oʻsishga chorlasa ziyo,

Ular ildizlarga tigʻ urar atay.

 

Ehtimol, bizga ham shunday jonsarak

Qush kabi tinchimas zotlar koʻp zarur.

Ular shu hayotga misoli tirgak,

Davrimiz ham shundan nurafshon erur.

 

Omon boʻlsin yurtga fidoyi jonlar,

Safimizda ular bor ekan toki,

Abadiydir qutlugʻ maʼvo, makonlar,

Vatanday sabotli tutlar ham boqiy.

 

* * *

 

Sevgi bir maʼvodir,

Ogʻushi bahor,

Tunlar koʻz ilinmas goho shavqidan.

Necha bor sevsang ham – yonishlar takror,

Iztirobi shirin uning zavqidan.

 

Sevgi bir roʻyodir

Lazizu yiroq,

Tashnalarga firib berguvchi sarob.

Garchi intilursan u tomon mushtoq,

Bir umr yetolmay chekursan azob.

 

Sevgi bir dunyodir

Sirli, behudud,

Unda bor ayriliq, unda bor visol.

Qirgʻinlar koʻrsada, boʻlmagan unut,

Koinot singari qadim, bezavol.

 

Sevgi bir ziyodir

Insonga hamroh,

Dillarga berguvchi harorat va nur.

Usiz boʻlar edi odamzod gumroh,

Yetimday notavon qolardi shuur.

 

Sevgi bir daryodir

Hamisha bedor,

Asrlar armoni obihayot u.

Uni tatiganlar boʻlur baxtiyor,

Undan bahramand qalb tirikdir mangu.

 

* * *

 

Hayot nihoyasiz tuyular goho,

Kunlarin qadrini anglamas inson.

Sham kabi eriydi umr bu asno,

Axir, tin olgaymi yugurik zamon?

 

Umrning har kuni Olloh neʼmati,

Orzu-umid ila, zavq ila yasha.

Ezgu maqsadlardir hayot hikmati,

Manzil sari intil toʻsiqlar osha.

 

Har kuningni yasha soʻnggi kun yangligʻ,

Dilingda qolmasin oʻkinch va armon.

Gʻamlar sancholmasin yuragingga tigʻ,

Soʻng damda alamdan oʻrtanmasin jon.

 

Qut shamollari

 

Tongga qadar qildi toʻpolon,

Eshik, romni zirillatdi hut.

Goʻyo qaytdi qadimiy toʻfon,

Hazin ingrar hovlidagi tut.

 

Nihollarning bardoshin sinar,

Uchiradi har xoru xasni.

Goho horib, boʻgʻiq xoʻrsinar,

Qanotida koʻklam nafasi.

 

Novdalarni qitiqlar mayin,

Jonzotlarga baxsh etar jurʼat.

Shalolalar toshgani sayin

Uygʻonadi mudroq tabiat.

 

Esavering hut shamollari,

Qish zahrini zamindan quving.

Bulutlarni haydab sarsari,

Koʻngillarning zangini yuving.

 

Chiroy ochsin bu ona diyor,

Quyoshida erib ketsin gʻam.

Har kunida barq ursin bahor,

Nurli boʻlsin bahori mudom.

 

Sakkizlik

 

Bu koʻhna dunyodir, koʻplardan oʻtgan,

Bunda qorishiqdir quvonch ila gʻam.

Hayot lazzatiyu zahrini totgan

Sen birinchi emas, oxirgisi ham.

 

Oʻzing bos, zafarlar zavq bergan onda,

Omad yuz burganda boshing qilma xam.

Oddiy bir yoʻlchisan, katta karvonda,

Birinchi emassan, oxirgisi ham.

 

* * *

 

Hayot deganlari goʻyo bir bozor,

Unda inson boʻlib yashash ham hikmat.

Kunlar marjonining ne qiymati bor

Uni bezamasa nurli muhabbat?

 

Nosir MUHAMMAD

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–5

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.