Sen tong yangligʻ kelarsan

0
95
marta koʻrilgan.

Jiyanboy IZBOSKANOV

 

 * * *

Bir lahza men oʻzimni

Olma daraxti deb sogʻindim,

Mevalari shigʻil, bir jahon.

Kuz ham kelib qoldi shu lahza,

Ayamasdan kampirquyoshni

Yaltirar osmon.

Ey kuzgi shamollar

Kutaman, men jovdirab koʻzim

Sizlarni yillab.

Tebratinglar,

Mevalarim toʻkilsin endi:

“Toʻp-toʻp, toʻpillab!”

 

* * *

Sentyabrning keng dalalari

Tugʻilgan yurt, shoshilar quyosh.

Qandayin baxt, entikish bari –

Tanda jigar, umrga ehtiyoj.

Qoʻngʻir kuzning shamoli esib,

Oralaydi toʻlgʻin bogʻlarni.

Sirli tilda men-la tillashib,

Algʻov-dalgʻov etar jonlarni.

Pisqib turmush endi tutunday,

Haybatlanar jahlim ham shunda.

Eh, liraga soʻzsiz, butunlay

Aylanaman shu turishimda.

Suluv payti yaproq-xatlarning

Shingʻirlagan sentyabrim, sen.

Umrimdagi oltin paytlarning

Bilsam, zoʻr mazmuni ekansen.

Tugʻilgan yurt, keng dalalaring

Sentyabrga boʻlmoqchimi toj?

Qandayin baxt, entikish bari –

Tanda jigar, umrga ehtiyoj.

 

* * *

Kuzgi xayol…

O-ho, u qanday

Alvon nurli hislarga toʻla?!

Sahardagi sirli nurlarday

Xayol surib yotar qush yoʻli.

Tungi osmon nur sochar takror,

Shunda, anov shoʻx yulduzlarning

Yonib, sachrab turishlari bor,

Hurkak nazariday qushlarning.

Koʻz ololmay qarab yotarsan,

Ishqqa vido aytayotganday.

Xayol ummoniga botarsan,

Tebratishi uning, o, qanday?!

Yelping meni kuzgi shamollar,

Dil gʻamiga marhabo ayting.

Ham xush boʻling, shuʼlali tonglar,

Xush boʻl, mening shirali paytim.

 

* * *

Olmalarga oʻxshar oʻylarim…

Shira toʻlib, gʻarq pishgan chogʻda,

Sentyabrda – ul toʻkin bogʻda

Shamol silkib, toʻkadi barin.

Toʻkiladi birdayin bari,

Gʻarq belanib shiraga, nurga.

Qiyquvlashib gʻozlar va turna –

Qaytib borar mavsum qushlari.

Kuz. Jildirar koʻngil soylarim,

Butoqlarda bir meva qolmas.

Yo koʻklayin, uzishga boʻlmas

Olmalarga oʻxshash oʻylarim.

 

* * *

Sentyabrning soʻnggi…

Salqin shamollar

Koʻngil torlarini chertib qochmaydi.

Ochilmasdan turib tumanli tonglar

Marjon tomchilarin tiza boshlaydi.

Oʻzgaruvchan uchquniday olmosning

Yiltillashib turar quyosh nurlari.

Koʻkragi soʻqirlar oʻtganin yozning

Tanish manzara deb oʻylar yildagi.

 

Biroq farqi bordir taniy bilganga,

Aslo yildagiday emas koʻchalar.

Oʻzga dunyolarni kezdimmi gangib,

Yerga yaproq emas, sogʻinch toʻshalar.

 

Kuz kuyi

(Triptix)

 

I

Umid – ertangi tong.

Kuz yomgʻiri –

Kuzning raʼyi bu –

Yupatgisi kelib koʻnglim ovlagan.

Sen tong yangligʻ kelarsan.

Shunda

Botar oldda quyoshning

Boʻzgʻilt shafagʻi –

Koʻzim yoshi, kulgi aralash…

 

II

Sen kelarsan… Sezimda

Sanglar paydo boʻladi.

Intiq koʻkrak, koʻzimda

Choʻllar paydo boʻladi.

Oh, ovozing! Moʻltillab

Tinglasam men moʻl tinglab,

Quvonchim toʻlqinlanib

Koʻllar paydo boʻladi.

Sen ketarsan – afsus, bul,

Iloj yoʻq! “Qol!” desam bir.

Qalbimning osmonida

Sellar paydo boʻladi.

 

III

Tebranishlar yoqib turib,

Ne tashbehlar topmasam,

Koʻnglimni buloq qilib,

Kim oqar, men oqmasam?

Sensiz paytlar oʻtar edi,

Sogʻinch siynam soʻtar edi,

Koʻkragimga netar edi –

Ozor boʻlib botmasang?

Bul ummonda suzgan sayin

Sheʼr marjonin tizgan shoir,

Chiqmas edi bizdan shoir,

Bul azobga chatmasang.

 

Qoraqalpoq tilidan Muzaffar AHMAD tarjimasi

 

“Sharq yulduzi”, 2014–3

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.