Sen kirib kelasan har kech tushimga

0
2242
marta koʻrilgan.

QISHLOQ

 

Husningga hayratim oshib, qaytadan –

Rasmingni yurakka chizgim keladi.

Qaynoq quchogʻingdan ketolmay, vatan –

Olis qishloqlarni kezgim keladi.

 

Moʻjizaga doʻnar bunda har fasl,

Koʻzlar qamashadi tarovatidan.

Bahori beqiyos, kuzi serhosil,

Qish qoʻrqar yozining haroratidan.

 

Bepoyon dalalar, purviqor togʻlar

Dilimizga solar vatan rasmini.

Suv yoqalab bunyod boʻlgan qishloqlar,

Yerga mehr bermoq – hayot mazmuni.

 

Mudom ezgulikka ochiq eshigi,

Mehr isi anqir quchoqlaridan.

Dunyoga taralar Vatan qoʻshigʻi –

Mening ozod yurtim qishloqlaridan!

 

SABOQ

 

Tabiat – darsxona ekan biz uchun,

Hayot – hikmat ekan, oʻylab qarasam.

Kuzatib, dedim men:

“Boricha kuchim –

Shu elning koriga men ham yarasam!”

 

Maysa nish urarkan tuproqni yorib –

Shu maskan koʻrkiga koʻrk ulashmoqqa.

Irmoq ham oʻzicha yoʻl topib olib –

Qaqragan yerlarga qarab shoshmoqda.

 

Neki mavjudot bor, kurashar betin,

Hayotin magʻzida ezgu bir gʻoya.

Daraxtlar mevalar tugmoqda oltin,

Meva bermagani beray, deb soya.

 

Teraklar saf tortib turar askarday,

Barq urmoq koʻyida yoʻq aslo tinchi.

Maqsad – shu el qurgan imoratlarga –

Yaramoqlik, boʻlib vassa yo sinchi!

 

Kuzda uchib ketgan shoyi qaldirgʻoch –

Qaytib topar ekan eski oshyonni.

Bu holni kuzatib, koʻnglimda quvonch,

Qushlar olqishlaydi bunday makonni!..

 

Demak, bizdan talab – bundan-da yuksak,

Shu yurt, shu Vatanni jonday asramoq.

Bayrogʻini oʻpib, balandroq tutsak,

Va shavkatin koʻrib, qadni rostlamoq!

Faqat sevish mumkin bunday chamanni,

Endi gʻaflatlarga vidolar kerak.

“Bulbul chaman sevar, odam Vatanni”,

Fidoyilar kerak, fidolar kerak!

 

Tabiat – darsxona ekan biz uchun,

Hayot – hikmat ekan, oʻylab qarasam.

Kuzatib, dedim men “qolar iz uchun –

Shu elning koriga men ham yarasam!”

 

* * *

Ayni bahor edi.

Men seni koʻrib,

Begona boʻlganim aql-u hushimdan.

Koʻnglim koʻzgusida sochingni oʻrib,

Tongda chiqib ketar eding tushimdan.

 

Men esa… tushlarim taʼbirida mast,

(Oʻzim – bashoratchi, oʻzim – munajjim).

Yurardim, dunyolar tovonimdan past,

Yer uzra yetguday yozsam qulochim.

 

Osmonlar meniki edi oʻshanda,

Unga isming yozsam umidlar bilan,

Gʻashi kelmasin deb, koʻzi tushganda –

Yopib qoʻyar edim bulutlar bilan.

 

Yillar yildirimday yarq etdi – ketdi,

Olov yoshligimdan qolgani bir choʻgʻ.

Vaslingmas, hajringga gʻarq etdi – ketdi,

Ammo tush koʻrishdan charchaganim yoʻq.

 

Umrim tunlari – baxt, kunlar – malolday,

(Kelganga oʻxshayman biroz hushimga).

Ishidan uyiga qaytgan ayolday –

Sen kirib kelasan har kech tushimga!

 

* * *

“Kel”, desang yetardi.

Yoningda oʻzim,

Mening shiddatimdan orqada Xayol.

Lek barcha ildizni kelganman uzib –

“Ket” desang poyingda oʻlaman, AYOL!

 

* * *

Dunyoga iddao qilurman har dam:

Qovurding-ku deya oʻtriklaringda.

Meni eslaganda kelsa yigʻlaging –

Demak yashayapman kipriklaringda!

* * *

Bir yon – aql, bir yonda yurak,

Ostonangni oʻpar ikki yoʻl.

Sen aqlingga dil ufqin koʻrsat,

Yurakka ham oqil hamroh boʻl!

 

 

GULBADAN

 

Senga boshqa taʼrif yoʻq –

Bosh-oyoq gulbadansan.

Ayni oʻn sakkiz yoshda

Chunonam gullagansan.

 

Sochlaring suvning rasmi,

Qoshlaring qush emasmi?

Visoling tush emasmi?

Oʻzing ham bilmagansan!

 

Kipriklaring qayrilgan,

Koʻzing hushdan ayirgan,

Yuzing nurga chayilgan,

Soxta zeb bermagansan.

 

Labingga insa kulgu,

Sochilar qirmiz yogʻdu,

Har qalbga tashlab orzu,

Hijronga yoʻllagansan.

 

Quchogʻing jannat isli,

Kaftingda hayot misli,

Qoʻllaring qanot misli,

Tirnogʻi tilladansan.

 

Bir bogʻga etsam qiyos,

Gullaring yashnar qiygʻos,

Shoxtalash olma, gilos –

Mevalari maʼdansan.

 

Qomatlaring rasodir –

Choʻkkan qalbga asodir,

Poying toʻla asotir,

Tigʻ poshnali qadamsan.

 

Senga boshqa taʼrif yoʻq –

Bosh-oyoq gulbadansan.

Ayni oʻn sakkiz yoshda

Chunonam gullagansan.

BEShIKDAGI BOLAJON

 

“…Bilib qoʻyki, seni Vatan kutadi!”

Gʻafur GʻULOM

 

Aylansin-o oʻzingdan,

Oʻzbek elim – jonajon.

Porlab turgan koʻzingdan!

Beshikdagi bolajon.

 

Barmoqlaring musht qilib,

Koʻrsatasan xush qiliq,

Koʻz tegmasin ishqilib,

Beshikdagi bolajon.

 

Tinglasam birin-birin,

Soʻzing sirli, yashirin,

Islaring buncha shirin?

Beshikdagi bolajon.

 

Kulgiching yuzga botib,

Qoʻymasin-yey uygʻotib!

Nafaslaring bir latif,

Beshikdagi bolajon.

 

Jilmayishing biram xush,

Bilaklaring juft oq qush,

Tezroq ulgʻay, pastga tush –

Beshikdagi bolajon.

 

Hatlagin ostonadan,

Va tashla oʻktam qadam,

Seni kutmoqda Vatan –

Beshikdagi bolajon.

 

Kun kelib choʻzarsan boʻy,

Vatan nima, bilib qoʻy!

Hozircha oromga toʻy,

Beshikdagi bolajon.

 

Bagʻrikeng oʻzbek elim,

Oʻzbek elim – bolajon.

Kuch-quvvat qoʻshib bering,

Oq sut bergan onajon!

 

 

RASHK

 

“Azizim, baxtiyorim,

Koʻnglimning taxti yorim.

Yuzingda koʻz izi bor,

Senga kim boqdi, yorim?!”

Xalq qoʻshiqlaridan

 

Qalbda olov sevgimning

Soʻzimda tafti, yorim.

Poyingdagi maysalar –

Muhabbat kafti, yorim.

 

Oshiqlaring bir dunyo,

Sening oʻzing sir – dunyo,

Shoir dunyo, sheʼr dunyo –

Poyingda oqdi, yorim.

 

Olam yotar gʻaflatda,

Ishqsiz dunyo nafratda,

Bu yel emas, albatta –

Kiprigin qoqdi yorim.

 

Sevgisiz yashash… balki…

Chidolmas shoir xalqi,

Jonimni yoqsa hamki –

Azobing yoqdi, yorim.

 

Oʻzni ololmam qoʻlga,

Yoqam aylanar hoʻlga,

Koʻzim sen oʻtar yoʻlga –

Munchoqlar taqdi, yorim.

 

Tilda sevgim soʻzi bor,

Rashkimning ham koʻzi bor.

“Yuzingda koʻz izi bor,

Senga kim boqdi, yorim?”

 

Orif TOʻXTASH

 

“Yoshlik” jurnali, 2013 yil 5-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.