Sen borsan, iqbolim erur ziyoda

0
78
marta koʻrilgan.

* * *

 

Erka xayolimning malagi, huri,

Azizam jonimsan, misoli tanda.

Bahorim chechagi, yuragim qoʻri,

Vujudni jon, aslo, qilarmi kanda?

 

Oftobni sevgandek ona sayyora,

Otashin taftingga tashna, intizor.

Soyadek ergashib, boqsa, deb zora,

Suyibman, koʻngilda gurkirab bahor.

 

Men seni suyibman, misoli ona,

Avaylab suygandek bolasin goʻdak.

Talpina-talpina oʻtga parvona,

Oʻrtanib, toʻlgʻanib yongandek beshak.

 

Suyibman men seni, ammo, bu ishqdan

Axtarma zarracha taʼna, iddao.

Sen, axir, osmoniy, yaʼni, farishta,

Men esa koʻyingda gʻaribu gado.

Sipqarib telbayu rindonalarcha,

Sevgi sharobidan aqlimdan oza.

Devona desalar xaloyiq barcha,

Quvonchim ichimga sigʻmabdi rosa.

 

Sen borsan, iqbolim erur ziyoda,

Olam zimistondir sensiz qanchalik?

Yodingdan chiqarma hech kim dunyoda

Yonib sevolmagay seni menchalik.

 

Duoying qilurman, men ojiz banda,

Faqat cen shodumon, omon boʻlsang, bas!

Azizam, jonimsan, misoli tanda,

Sening yoding ila olurman nafas.

 

* * *

 

Shopirgancha xas-xazonni, qilib nola,

Uriladi shamol oyna toʻshlariga.

Adirlarda suruv quvlab yurgan bola,

Kechalari kirib kelar tushlariga.

 

Qoʻylarini yoʻqotgandi yoppasiga,

Chalgʻigancha oʻyinlarga bola bir kez.

Yaxshiyamki, ishi ketmay chappasiga,

Qutqargandi falokatdan otasi tez.

 

Oqib oʻtdi qancha suvlar shundan buyon,

Oʻtdi-ketdi bu dunyodan otasi ham.

Bolaligi yodga tushsa oʻsha zamon

Nimagadir oʻz-oʻzidan boʻlar mulzam.

 

Qilolmadi esiz, ota xizmatini,

Olib ketdi uzoqlarga uni taqdir.

Yechimini topmay chigal qismatini,

Simiradi hayot mayin talxu taxir.

 

Oʻtsa hamki, necha yozu necha qishlar,

Chuvalashib, toʻzgʻib yotar chala ishlar,

Koʻpaygandan-koʻpayadi, gʻam, tashvishlar,

Turmush esa talablarin yana peshlar.

 

Qani endi, osmonlarga uchib ketsa,

Ammo, oila, roʻzgʻor tortar oyogʻidan.

Undan durust, onasiga boʻldi hassa,

Bobo tolning qurigan bir tayogʻi ham.

Boʻlmasmidi yurganida qoʻylar boqib,

Uylanib u qizlargul yo toshgullarga?

Qayoqlardan kelib qoldi u uloqib,

Ota-bobo koʻrmagan bu manzillarga.

 

Takdir unga qanoat va toʻzim bersa,

Togʻlar osha kelmasmidi bu makonga?

Shahri Shoshning shamollari izn bersa,

Qanot bogʻlab uchmasmidi Qumqoʻrgʻonga?

 

Uni endi tushunmaydi maysa-giyoh,

Bolalikning armonlari yonar koʻzda.

Yuraklari sanchib-sanchib ketadi, oh,

Olis qirlar tushganida qayta esga!

 

Bir kimsani qidirganday chekib nola,

Shoshqin shamol uvullaydi kechalari.

Shudgorlarda qoʻy izlaydi oʻsha bola,

Loyga botib etigining oʻkchalari.

 

* * *

 

Bilmas edim, ishq-muhabbat zorini,

Bilmas edim, kimlar ishqda gadolar?

Tushda koʻrib, men ul shoʻx nigorimni,

Qalbimda mavjlandi toʻfon, gʻavgʻolar.

 

Farhod kabi ul Shirinning vasfida,

Men izladim seni koʻklam faslida,

Yetolmasdan hargiz malak vaslingga,

Yosh holimga qaddim boʻldi dutolar.

 

Soʻroqladim seni jumla jahondan,

Toshkent taraflardan, olis Surxondan,

Koinotdan, olis Arshu osmondan,

Quchoq ochdi oʻn sakkiz ming dunyolar.

 

Ahvolimni agarda, bilganingda,

Holim soʻrab yonimga kelganingda,

Gʻaribingga jilmayib kulganingda,

Yashnab ketarmidi dashti fanolar?

 

Yoʻl yursamda, sira unmas yoʻllarim,

Qoʻl uzatsam, senga yetmas qoʻllarim,

Judolikdan qon yigʻlagan dillarim,

Bilmam, yana boshda qanday savdolar?

Bovar qiling ahli olam soʻzimga,

Ikki olam tangu tordir oʻzimga,

Jolalarim sigʻmay ikki koʻzimga

Oʻzanidan toshdi Jayhun daryolar.

 

Biror xabar keltirmaslar sanamdan,

Gulzorimdan esgan bodi sabolar.

Majnun boʻlib, oʻt tutashib tanamda,

Endi menga nasib etgay sahrolar.

 

* * *

 

Chorshanbadan yoʻlim boshlayman,

Men oʻzgacha, yangi hayotda.

Sigaretni butkul tashlayman,

Sayr etaman oqshomlar otda.

 

Haqqa birday qilsam iltijo,

Yoʻllarimni, albat, ochadi.

Surxon eldan Toshkentgacha to,

Qirq yil goʻyo onday kechadi.

 

Ichimizda ne sirlar pinhon,

Ne alamlar botin, koʻringiz?

Chorshanbadan ochilar osmon,

Arsh toqiga qarab turingiz.

 

Ezgulik-la dilni belasam

Saodatmand kechar hayotim.

Yaratgandan neni tilasam

Hosil etgay beshak murodim.

 

Onam kabi bagʻrikeng, munis

Tuyuladi kurrai zamin.

Endi kavokiblar sayrini

Kunduzlari kuzataman jim.

 

Erkalanib shamol kaftida

Uchib oʻtar bulutlar goh-goh.

Sovuq yulduzlarning taftida

Yuragimni isitgum shu choq.

 

Kuzatarman hayratlar ichra

Eng gʻaroyib sinoatlarni.

Men koʻraman lahzalar ichra

Barbod boʻlgan koinotlarni.

Borliqdagi qimirlagan jon,

Yaratganga aytar hamd-sano.

Osmondagi qushlar ham, inon,

Haq iznisiz ucholmas, aslo.

 

Boshlanadi hayotim qayta,

Vujud doʻnar shaffof oynaga.

Ahli olam uxlagan paytda

Ruhim joʻnar olis samoga.

 

Chorshanbadan ochilar osmon,

Ortimga hech kelmaydi boqqim.

Menga qibla endi toʻrt tomon,

Osmon sari keladi oqqim.

 

Endi eksam qanday ziroat,

Saxovatin ayamas tuproq.

Kechalari falak qatidan

Yulduzlarni teraman bodroq.

 

Abdumajid AZIM

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.