“Saqladim sirringni yillar jonu koʻnglumda”

0
123
marta koʻrilgan.

* * *

 

Sensiz bu jahon ayshi, alamdur manga, ey, doʻst,

Shodligʻi ham mehnatu gʻamdur manga, ey, doʻst.

 

Lutfu karamingni sen agar mendin ayosang,

Javru sitaming lutfu karamdur manga, ey, doʻst.

 

Diydor ila qoniʼ emas erdim esa, hajring

Bisyor jafo ayladi, kamdur manga, ey, doʻst.

 

Koʻnglum yuzini javr ila chun sendin uyurmen,

Oxir necha bu javru sitamdur manga, ey, doʻst.

 

Odamgʻa seni oʻxshata bilmonki, parisen,

Nortek yangoqing Bogʻi Eramdur manga, ey, doʻst.

 

Qoʻy qissayi Jamshidni, jomi ilikindin

Gar boʻlsa dame mulkati jamdur manga, ey, doʻst.

 

Ogʻzingʻa fido jon, ki, tabassum qilib aytur:

“Har lahza, Atoyi, ne adamdur manga, ey, doʻst”.

 

* * *

 

Boqar ohulayin har yon oʻshal ikki qaro koʻzlar,

Xadangi gʻamzasin otmogʻ uchun goʻyo qaro koʻzlar.

 

Dilu jon saydi qilmoqta kishi koʻrmayturur hargiz,

Munungdek nozanin qoshlar, aningdek dilrabo koʻzlar.

 

Bu husnu shevau shaklu malohatni tilab topmas,

Nechakim nozaninlar ichra ushbu mubtalo koʻzlar.

 

Visoling davlatini shukri lillahkim, bu kun toptuq,

Bihishtekim, qiyomat mahsharinda parso koʻzlar.

 

Atoyining xayoloti maholin koʻr, ki, xoʻblarning

Vafosizliqlarin bilgach, yano mehru vafo koʻzlar.

 

* * *

 

Ey, kamoli dilraboliq bogʻining sarvi qadi,

Bir zamon vasling hayoti Xizru, umri sarmadi.

 

Bir kecha oyni yuzingning qullarindindur dedim,

Ushbu soʻzni, oy xud fil hol koʻkdin qarmadi.

 

Orazing birla latofat, daʼvi qilgʻon vajhidin,

Gul, gahi urdi sabokim, barg yangliq titradi.

 

Men dagʻi bir ostoninggʻa yuzum surtgay edim,

Gar gadolargʻa muyassar boʻlsa shohlar masnadi.

 

Basti zulfungni maning boʻynumgʻa zanjir ayladi,

Tiynatim taxmir qilgan, hullada qudrat yadi.

 

Kotibi qudrat, xating tahrir etarda gul uza,

Nuqtayi xoling magar, nogoh, qalamdin sachradi.

 

Bar tariqkim urar, gʻamzang qilichin koʻzlaring,

Bor saningdur har biri, husnu malohat sarhadi.

 

Domi zulfing donasindin, jon qushin saqlay dedim,

Aqlu hushim xirmanin, oxir muhabbat oʻrtadi.

 

Chun qading ishqinda jon berdi Atoyi dunyoda,

Oli himmatlar ziyoratgohi boʻlgʻay marqadi.

 

* * *

 

Andakim katmi adamdin qildi Haq paydo meni,

Zarratek ogʻzing xayoli ayladi shaydo meni.

 

Yongʻamen shamʼi jamoling olida parvonadek,

Yonmagʻayman har nechakim, qilmasang parvo meni.

 

Har nafas jonim olur, ul ikki jodu sehr etib,

Tirguzur har dam-badam, bu laʼlu ruhafzo meni.

 

Saqladim sirringni yillar jonu koʻnglumda, vale,

Koʻzyoshim ohim bila qildi bu kun rasvo meni.

 

Ey, soching kufru, yuzung iymon, firoqingda meni,

Rahm qilay koʻrsa gabru kofiru tarso meni.

 

Qosh yosindin koʻzung, har bir xadangikim otar,

Yo nishon aylar bagʻrini, yo yurakni, yo meni.

 

Ey, Atoyi, bu xayoli xomdur sandin, desang

Kim, dame yod etgay ul siymin badan raʼno meni.

 

* * *

 

Jamolingdur bu xasta jon umidi,

Ki, guldur bulbulu boʻston umidi.

 

Gahi marjon toʻkar, gah durri maknun,

Koʻzumdin ul labu dandon umidi.

 

Sochar yulduz bikin tunlar yuzumda,

Yoshimni ul iki choʻlpon umidi.

 

Meni sargashta qildi goʻy yangligʻ,

Xami zulfungdagʻi chavgon umidi.

 

Inoyat qilki, bordur bu gadoning,

Boshinda xidmati sulton umidi.

 

Bu qul yuz qatla gʻamdin oʻlgay erdi,

Begindin boʻlmasa ehson umidi.

 

Atoyi dardigʻa ey, jon tabibi,

Visolingdin erur darmon umidi.

 

ATOYI

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–4

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.