Saodat yurtida gul meva tugar

0
99
marta koʻrilgan.

 * * *

Sening

oʻying bilan oʻtadi tunlar,

sening gʻaming bilan koʻngilda unlar,

sening shodligingdan koʻkdadir boshim,

darding dengizidan tomchidir yoshim,

qayoqqa qarasam koʻraman seni,

dunyoda bormikan bironta tenging?

Ogʻir yoʻldan oʻtgan jonim va tanim,

koʻnglim va chirogʻim, aziz Vatanim!

 

 

* * *

Togʻlar

koʻk qogʻozga oʻxshab koʻrinar,

lolalar erigan alvon boʻyoqdir.

Archa tushaman deb, pastga urinar,

doʻppisin tushirgan momaqaymoqdir,

 

Yalpizlar tizilib buloq boʻyida

oq salla choʻqqiga qaraydi hayron.

Yoʻllar togʻbelida belbogʻ, quyida

kunga til tegizar igna til inson.

 

Erib ketay deydi, kun tigʻida togʻ,

chinor ogʻushida qush ochar ogʻzin,

Koʻrinmas qanotin yelpir malak… oh,

oʻzi ham koʻrinmas, koʻp harir, nozik.

 

Shamol soyasiga oʻxshagan xayol,

tebratib turadi mudragan cholni.

Anhor asta turtib oʻtadi, xiyol

oʻzin tutib kulgan dol majnuntolni.

 

Quyoshning oʻlkaga bosgan kafti bu,

togʻlar terlayotir, hattoki togʻlar.

Chillaning zabti bu, togʻlar tafti bu

va himmati suvlar, va sarin chogʻlar!

 

 

* * *

Buloqning

bagʻrida quyosh bor,

oy balqib turadi tunlarda.

Kechalar kutadi intizor

juftlarni uchqunli unlarda,

 

Yalpizlar pichiri taralar,

togʻlar bir qayrilib qoʻyadi.

Havoni ohangdor arilar

muattar izlar-la boʻyadi.

 

Toʻkadi baxtidan u koʻzyosh,

boshidan ketmaydi hech bahor.

Bagʻrida topishar oy, quyosh,

buloqning dili nur, hur diyor.

 

 

* * *

Harir

bulutlardan moviy yulduzlar

Jilva qilib qolar, entikar zamin.

Toʻlgʻanib giyohlar boʻynini choʻzar,

sezib bahor hidini, yomgʻirlar tamin,

 

Tashvishlar boshlanar yonib-yonolmas,

dehqon goʻzallikka qonib qonolmas.

Adirlar gullari yomgʻirga tashna,

dehqonlar dillari tashvishga oshna.

 

Ekkan niholiday boʻy choʻzgan qizi,

olislarga ketar erka yulduzi.

Seplarin tayyorlab qoʻyishi darkor,

yomgʻirlar ortidan yogʻmasin-da qor.

 

Reja deganlari vaqt bilan tugal,

turmush deganlari baxt bilan goʻzal.

Saodat yurtida gul meva tugar,

bulutlar ortida moviy yulduzlar.

 

 

* * *

Tashqarida

figʻon qilar izgʻirin,

men juda baxtiyor edim uyimda.

Men unutgan edim olam gʻivirin,

fazolarga uchar edim oʻyimda.

 

Xayolimda yulduz boʻlib porlardim,

bilmasdim, yulduzni oʻrar izgʻirin.

Men olamni ezgulikka chorlardim,

bilmasdim olam va yulduz taqdirin.

 

Oʻsmir xayollarim tirqirab ketdi,

yulduzlarga uchmoqchiydim shaylanib.

Izgʻirin meni koʻp parishon etdi,

uyim atrofida tinmay aylanib.

 

 

* * *

Har yonda

gullarning sayli avjida,

rangga urib belar qanotin shamol.

Gullar birin-ketin suvlar mavjida,

rangin atir sochar oʻn sakkiz ming xayol.

 

Maysalar koʻksida hayqiriq tuyar,

osmoniy shavq bilan asta kuylaydi.

Hur bogʻlar ohista shovillab qoʻyar,

el rahmat yomgʻiri deya oʻylaydi.

 

Salomlar kelmoqda rangin nurlarda,

sukunat tushmoqda harir tovlanib.

Ufqlar ustida shafaqdan parda,

erlarga tushar nur – gul yal-yal yonib.

Yerlar entikadi – togʻlar toʻlgʻanar,

buloqlar qiqirlab chopa boshlaydi.

Avval yurt koʻksida alla uygʻonar,

uygʻota boshlaydi, topa boshlaydi.

 

 

* * *

Oqtogʻ

bilan Qoratogʻ –

Yurtning ikki qanoti.

Qush Zarafshon ursa oh,

sado berar faryodi.

 

Mavjlari gul naqsh boʻldi

Hisoru Nurotaga.

Jonbaxshu dur baxsh boʻldi –

Gʻozgʻonga – hur sadoga.

 

Zar toshlarda nurgul bor,

nazar bordir Zarbandga.

Boytoʻbimga baxtiyor,

suvlar kelar balanddan.

 

Dashtlar anvoyi gulga,

ifori toʻlib ketar.

Osmon sigʻar koʻngilga,

koʻngilli boʻlib yetar.

 

Oqtogʻning choʻqqisida

kuyla, tinglar Qoʻhi Qof.

Buloqlari qasida,

oy taboqdir, emas lof.

 

Nur yomgʻirin yogʻdirar

tunlari dalasiga.

Elini uygʻontirar

soʻzi yoʻq allasiga.

 

Bu elning hayotidan

baraka hech arimas.

Nurota qanotida

shaffof bogʻlar qarimas…

 

Yoʻldosh ESHBEK

 

“Sharq yulduzi”, 2012-4

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.