Samarqand kuzi

0
78
marta koʻrilgan.

Ondra LISOGORSKIY

 

Shamollar Chingizning vahshiy qoʻshini

Singari yoprildi kuzgi vodiyga

Quyosh sariq tongni qoplagan kuni.

 

Devorlardan oshib izgʻir betinim

Chinorlardan uchgan supra yaproqlar,

Qaytib kelmas qushlar kabi boʻlur jim.

 

Barglar qani? Qayerda yoʻqolur bari?

Cheksiz sahrolarga qancha martaba

Bu yerdan boqmishdi bir choq Navoiy.

 

Samarqand bogʻlari, mevazorlari –

Zar toʻla kosadir, yellar oltinni

Koʻp dafʼa uchirgan qumliklar sari.

 

Zamon girdobida shunday bogʻchalar,

Shunday uzoqliklar, shunday sof samo.

Qaylardandir esgan shoʻx shabbodalar –

 

Oyogʻimga otdi chinor yaprogʻin;

Uchirdi qumlarga, shahardan uzoq,

Bilmayman qay bogʻdan, qay uydan lokin?

 

Besh yuz yil – kichkina odim singari

Sheʼrning nafasida abadiyat bor.

Mana asrimizga keldi Navoiy.

 

Xazonlarning sariq girdobida u,

Toʻngan barmoqlari tutmish sariq barg.

Yevropada qancha gulzor va soʻlim –

 

Mevali bogʻlarni qiyratar boʻron,

Shoir koʻrar dono koʻzlari bilan.

U goʻzal bogʻlarni oʻstirgan bogʻbon.

 

Tigʻ tutolmas zaif qoʻlida yaproq,

Himarar u. Lekin mangu ruhida

Tugʻilur moʻjiza, ulugʻ ezgu, haq.

 

Shoirning soʻziga xos bir moʻjiza.

Bu moʻjiza butun asrga hukm!

Shunday moʻjizakim, jahon yuziga –

 

Bulut orasidan shoirdek toza,

Loladek qip-qizil yangi bir asr –

Tugʻilar, nur bilan toʻlar dunyoda.

 

Oybek tarjimasi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.