Ruhing mangu tursin yorishib

0
314
marta koʻrilgan.

Sen bahorni sogʻinmadingmi?

 

Uygʻonguvchi bogʻlarni kezdim,

Topay dedim qirdan izingni.

Yonogʻingdan rang olgan dedim –

Lolazorga burdim yuzimni,

Uchratmadim ammo oʻzingni,

– Sen bahorni sogʻinmadingmi?

 

Uzoqlarda zalvorli togʻlar

Xayolimni keldilar bosib.

Kechdi qancha intizor chogʻlar,

Vasling menga boʻlmadi nasib,

Sensiz men ham, bahor ham gʻarib,

– Sen bahorni sogʻinmadingmi?

 

Oʻngirlarda sakraydi ohu,

Naʼmatakda saʼva mittijon.

Qorliklardan sipqarilgan suv,

Daralarda uradi javlon.

Nigohimdan faqat sen pinhon,

– Sen bahorni sogʻinmadingmi?

 

Mana, bugun navroʻzi olam,

Doʻstlarimga gullar tutarman.

Qaylardasan, sevgili erkam…

Qoʻlimda gul, seni kutarman,

Umrim boʻyi chorlab oʻtarman,

– Sen bahorni sogʻinmadingmi?

 

1963

 

* * *

Qani, nay ber menga, doʻstginam,

Bergil, mayli, rubob boʻlsa ham.

Ber, bir nafas boʻshatib olay

Toʻlib ketgan yuragimni man.

 

Qalamimning kuchi yetmadi

Hislarimni butkul toʻkmoqqa.

Doʻstim, tingla, yaproqchalarning

Shivirlashi eshitilmoqda…

 

Goʻzal, sokin oqshom choʻkmoqda,

Tebranadi yelda chiroqlar.

Daraxtzor ham sokin sollanar…

Qanday maʼsum, erka bu choqlar?..

 

Qanday shirin damlar… mening ham

Yuragimda bir his toshmoqda,

Yuragim ham daraxtzor kabi

Nimanidir olqishlamoqda.

 

Koʻzlarimga bu yorugʻ olam

Koʻrinmoqda biram suyumli.

Qani, nay ber menga, doʻstginam,

Toʻkay toʻlib ketgan koʻnglimni.

 

1964

 

Bulbul

 

Rahmatjonga

 

Sen – bulbulsan, bulbullarni mast qilaqol, bulbulim,

Mening uchun sayrashingni bas qilaqol, bulbulim.

 

Shomu sahar tinim bilmay sharh aylading dilingni,

Qani, ayt-chi, bulbulginam, kim tushundi tilingni?

 

Birov seni nola dedi, birov dedi oh-figʻon,

Bulbul tilin bulbul bilar, men bilmasman, bulbuljon.

 

Anglarmi deb behudaga roz soʻylama, qushim, hay,

Sen – bulbulsan, bulbulginam, seni bulbul tushungay.

 

1965

 

* * *

 

Koʻpdan kutgan edim orziqib, mana,

Bulutlar tarqaldi toʻkishib koʻzyosh.

Xayolim osmonday yorishdi yana,

Yorugʻ kunlarimday porladi quyosh.

 

Shoshqin daryolarning zangordir labi,

Shamollar oʻynaydi yiroq-yiroqda.

Yurgil, sayr etaylik, yurgil, malagim,

Dunyo tashvishlari qolsin uzoqda.

 

Koʻryapsanmi, qanday yasharmish olam,

Beparvo goʻdakday jilmayadi jim.

Goʻdagim, bu chiroy qaytmaydi hecham,

Qaytmagani kabi mening yoshligim.

 

Bugun bosh ustingda yashnagan yaproq

Shovullab toʻkilar erta poyingga.

Bu uchqur yoʻlovchi solmaydi quloq

Sening iltimosing, sening raʼyingga.

 

Xazonli avgustning biror oqshomi

Uni koʻrarsanmi tushingda takror?!

Mayliga, oʻzgadir kuzning ilhomi,

Bugun-chi koʻz tashla, atrofda bahor!

 

Qani, qoʻlginangni bergin jimgina,

Shu maʼsum yoʻlchiga qoʻyaylik ixlos.

Shoirlar aldaydi bizni, jonginam,

Bahor doim emas, uch oydir, xolos…

 

1965

 

 * * *

Bahor kunlarida kuzning havosi,

Tanimni junjitar oqshomgi shamol.

Nega muncha gʻamgin nayning navosi,

Nega qalbim toʻla oʻkinch va malol?

 

Barglar orasiga tinmasdan sira

Oshno yulduzlardan toʻkiladi nur.

Bilmayman, qiynaydi qaysi xotira,

Titroq yulduz kabi muzlagan shuur.

 

Magʻlub bahodirning nayzasi misol

Maʼyus egiladi terak uchlari,

Barglar soyasida oʻynaydi behol

Uyqudagi qizning bedor tushlari.

 

Atrofimda yotar gʻarib bir viqor,

Bilmam, nega oʻchdi qalbim safosi?

Nima ham qilardim, na ilojim bor,

Bahor kunlarida kuzning havosi.

 

1967

 

Ruhim

 

Vujud deganlari asli nimadir?

Dayr dengizida yurgan kemadir.

 

Bir kun bir qoyaga urilgay kema,

Ruhim, sen vujudning gʻamini yema.

 

Yuksak fazolarda aylagil parvoz,

Senda na ohang bor va na bor ovoz.

 

Senga na boʻronlar kor qila olur,

Seni na yoʻqotib, bor qila olur.

 

Sen misli kamalak – yuksak va soʻlmas,

Kamalakni esa parchalab boʻlmas.

 

1969

  

Chorlash

 

Doʻsti gʻarib, kel, qoʻlingni tut,

Yuragingda yoqay alanga.

Kel, bir zumga dunyoni unut,

Koʻtarayin seni balandga.

 

Pastda qolsin nobakor xilqat,

Pastda qolsin tanbal bulutlar.

Yuragingda chaqnasin faqat

Yorugʻ xayol, samoviy oʻtlar.

 

Yuksaklarda charx urib aylan,

Ruhing mangu tursin yorishib,

Oʻlganda ham vujuding bilan

Ketmagaysan yerga qorishib.

 

1971

 

Sogʻinch

 

Parchagina bulut,

Cheksiz osmon,

Adir ortidagi yolgʻiz oyoq yoʻl.

Barcha tashvishlarni unutib, shodon,

Qaytgim kelayotir qoshingga butkul.

 

Qismat mayin ichdim – achchiq va taxir,

Tuydim ehtirosning samoviy kuchin.

Dunyoda odamzod yashamas, axir,

Faqat irodasin sinamoq uchun.

 

Parchagina bulut,

Cheksiz osmon,

Adir ortidagi yolgʻiz oyoq yoʻl.

Barcha tashvishlarni unutib, shodon,

Qayta olsam edi qoshingga butkul.

 

1972

 

Abdulla ORIPOV,
Oʻzbekiston Qahramoni,
Xalq shoiri

 

“Sharq yulduzi”, 2011–2

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.