Ruhim qushi sayrar sen tomon ucha

0
316
marta koʻrilgan.

 Tanovor

 

Gulli koʻchalarda tashlayman qadam,

Gulgun hislarimda savollar tugun.

Balki u yonimda turar ayni dam,

Topolarmikinman uni shu bugun?

 

Qayrilib qarayman qani, qayerda,

Nahotki, yoʻqlikka ketganman singib?

Nur boʻlib chiqaman zulmat bagʻridan,

Yoningga ketaman yellarni yengib.

 

Mana, senga oppoq yuragim tutdim,

Bir bor koʻrsatmaysan oʻzingni nechun?

Seni eslayman, deb, oʻzni unutdim,

Oʻzimni yoʻqotdim seni topmoq – chun.

 

Sen esa qayerda, kutyapsan neni,

Qara koʻzlarimning sohillari nam.

Olamga hayqirib, chaqirsam seni,

Javob berar hatto togʻu toshlar ham.

 

Nega sukutdasan – nimaga jimsan,

Tinmay beraverdim shu savollarni?

Nigohing aksi bor falakka qasam,

Izlayverdim senga eltar yoʻllarni.

 

Qayerga bormayin sezib turaman,

Ortimdan kuzatgan nigohing kuchin.

Jonimni beraman, borim beraman,

Oʻsha nigohingni koʻrmoqlik uchun.

 

Isming aytay desam, kuydi tomogʻim,

Boʻgʻzim – hamma yogʻi ilma-teshik nay.

Hatto daraxtlar ham senga intilsa,

Men nega turishim kerak indamay?

 

Mashrabday dunyoni kezarman dalli,

Sen – tengsiz maʼshuqsan, biz – soʻzsiz ushshoq.

Odimlasam faqat sening yoding-la,

Tikon ham yanchildi gul kabi yumshoq.

 

Sirqirab qon oqdi tovonlarimdan

Va bu qon tuproqqa qorishib ketdi.

Yuragim quyoshga aylandi birdan,

Koʻnglum koʻchalari yorishib ketdi.

 

Havoning shaklini koʻra boshladim,

Shamolning rangini ilgʻadim nogoh.

Sirli visolingni topishim haqqi,

Menga butun borliq boʻldi xayrixoh.

 

Osmonda nigohing, gulda orazing,

Togʻlarda savlating, bagʻring qirlarda.

Mayin sabolarda uchdi nafasing,

Siymong gavdalandi rangin nurlarda.

 

Gʻunchaning labida pichirlading sen,

Qushlar sen oʻrgatgan qoʻshiqni aytdi.

Yellar etagini hilpiratib keng,

Xiromon aylamish bogʻlarda daydi.

 

Bani borliq senga qilar ibodat,

Ruhim qushi sayrar sen tomon ucha.

Bildim, mujassamsan, sendan iborat

Zamindan to olis koinotgacha.

 

Entikdim nomingni takrorlayotib,

Seni axtarishni qilmasdan kanda.

Tun qora koʻrpasin ustiga yopib,

Oyni yostiq qilib uxlab yotganda.

 

Asta chayqaladi osmon dengizi,

Yulduzlar koʻzimga ketmoqda sachrab.

Har bir nafasimda nafasing sezib,

Koʻzimda koʻzingni qololsam asrab.

 

Topdim, senga boʻlgan chin ishqim gʻolib,

Bildim, bildirmasdan kuzatayotgan kim.

Endi yuragimga joylashib olib,

Koʻzlarimdan qarab tur, Tangrim!

Koʻzlarimdan qarab tur, Tangrim!

 

 

Bogʻda

 

Yalangayoq holda yugurar shamol,

Sudragancha uzun koʻylaklarini.

Daraxtlar tebranib qoʻyar bemajol,

Shamolning hukmiga tashlab barini.

 

O, shamol, baqiroq nodonlar kabi

Oʻshqirasan, buncha beor qichqirasan?

Aybim, shundoq oʻtayotib, tasodifan,

Etagingni bosib oldim, kechirasan…

 

 

Ajab

 

Qayoqqa ketdiykin shuncha yillarim,

Nahot, oʻrganganim – yoʻqotish ilmi?

Ishqilib, unutib qoʻymagin, Tangrim,

Ishqilib, baxt bilan notanish qilma.

 

Nelarga ulgurdim, eploldim neni,

Taʼqib qilaverar savollar har dam?

Huzurlar behuzur qiladi meni,

Noqulay boʻlaman qulayliklardan.

 

Mehrinoz ABBOSOVA

 

“Sharq yulduzi”, 2012-5

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.