Ruboiylar

0
334
marta koʻrilgan.

***

Oʻz nafsingga boʻlgin amir, shunda mardsan,

Oʻzgalarga boʻlma haqir, shunda mardsan,

Yiqilganni tepib oʻtish mardlik emas,

Aftodaga boʻlsang dastgir, shunda mardsan.

 

***

Uch yuz Qoʻhi Qofni kelida tuymoq,

Dil qonidan bermoq falakka boʻyoq

Yoinki bir asr zindonda yotmoq

Nodon suhbatidan koʻra yaxshiroq.

 

***

Borma aytmaganning dasturxoniga,

Qoʻl uzatsang, qadring tushar, noniga,

Qoʻshma oʻzgalarning barra kabobin

Qotgan nonu sovuq suving soniga.

***

Koʻzgumga berardim kechqurun sayqal,

Boqdim unga tiniq boʻlgan bir mahal,

Shuncha koʻp koʻrindi oʻz aybimki, men

Oʻzgalar aybini unutdim tugal.

 

***

Dagʻal dili doim ezilgan boʻlur,

Talab yoʻli unga toʻsilgan boʻlur,

Yomon-yaxshi bilan kim kelisholsa,

Dili shodu gʻamdan qutulgan boʻlur.

 

***

Ey dil, shohi toʻnni qilmagil havas,

Eski kiymoqlikni ham etmagil bas,

Yengil oʻtsin desang oʻz kuningni sen,

Qaram qilma oʻzni birovga abas.

 

Pahlavon Mahmud

 

Toʻxtasin Jalolov va Munirxon Muinzoda tarjimalari

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.