Aʼzam Oʻktamga bagʻishlayman
Oʻqtin-oʻqtin gʻazab otiga minib,
Vahshat solar telba Qoʻqon shamoli.
Koʻzlaring qisilib, qulogʻing tinib,
Ajrata bilmaysan yerdan samoni.
Uch kun davom etar talotum, qutqu,
Uch kun kattalarning tilida duo.
Uch kun el taqvoga burkanar butkul,
Ramazonda shuncha yodlanmas Xudo.
Ayollar munis va mushfiq yanada,
Nenidir sarhisob qilar erkaklar.
Dunyodan uzilgan sirli xonada
Gʻoʻjaloq bolalar tinglar ertaklar.
Nam tortgan devorlar qulaydi guppa,
Oʻqildizi kalta daraxtlar qular.
Qurtlagan mevalar yer bilan bitta,
Tegmanozik gullar, zaifa gullar…
Buyuk imtihon bu! Buyuk sinov bu!
Borni bor, yoʻqni yoʻq qilib berguvchi.
Boshingga zoʻr savdo tushmasdan burun
Kimning kimligini bilib berguvchi!
Yashash qanday yengil – shamoldan keyin
Ajib bir xushhollik, bir ajib surur.
Gʻuborsiz havolar ipakdek mayin…
Shamol, senga qulluq, senga tashakkur!
…Bitta gap esimdan ketmaydi hamon:
Bir sayyoh – el kezib rizqini tergan,
Shamol mavsumiga tushib nogahon,
Koʻchib ketmaysizmi, degan, bu yerdan?
Banda tadbir qilar, Yaratgan – taqdir,
Qismat quyunida chirpirab uchdim.
Sayyohning soʻzidan kulgandim, oxir –
Sheʼrimga ergashib poytaxtga koʻchdim…
Qarayman, qurtlagan yuraklar toʻp-toʻp,
Ildizsiz ogʻochlar tegar gʻashimga.
Ahyonda koʻtarib suron, talotoʻp,
Tentak shamollarim kirar tushimga.
Nozik nihollari boʻlsalar paymol,
Roziman, boʻynimga barin uvoli.
Bir marta teskari yursang, yuraqol,
Toshkentda kutaman, Qoʻqon shamoli!
2002
Iqbol Mirzo