Qish

0
159
marta koʻrilgan.

Uyatsiz jazmanday eshilar tutun,

Moʻrilarning yuzi qorayib ketar.

Oxiri yoʻq yoʻllar choʻzilar uzun,

Qishloqlar oppoq un orqalab oʻtar.

 

Azador ayolday uvlar izgʻirin,

Hatto hissiz muzlar toʻka boshlar yosh.

Toʻshakka mixlangan chol kabi horgʻin

Kulimsirab qoʻyar majolsiz quyosh.

 

Havoda bulutlar aylanar karaxt,

Kambagʻalday qaqshar yalangoyoq qush.

Bugʻu shoxlariday yaproqsiz daraxt

Yam-yashil bahorni koʻrib yotar tush…

 

Orif Tolib

 

2008

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.