Qaynoq ranglar ulashar hayot

0
178
marta koʻrilgan.

Kuz elegiyalari

 

1

Oktyabr ham oyoqlamoqda,

ikki oy bor yil tugashiga.

Shoxlar bir-bir tayoqlanmoqda,

shamol bogʻda xazon tashigan…

 

Koʻrsichqonga oʻxshaydi shamol,

gʻamlab olar xazonni qishga.

Tugab borar kuz ham. Yil – tamom.

Iztiroblar tushadi ishga:

 

shamol toʻzgʻutgulik yo sichqon

uyasiga tashib ketgulik

yozilmabdi bir satr, ishon,

yoki tutantiriq etgulik,

 

kuzgi yomgʻirlardan junjikkan

bir doʻst uchun gulxan yoqmoqqa.

Garchi, havo ochiq, kun chiqqan,

qoʻr beradi na doʻst, na boqqa…

 

2

Sheʼr yozgisi kelar odamning

toʻyib-toʻyib, kun qatorasi.

Gursillaydi yurak qadami,

lekin koʻrinmaydi qorasi

 

bir manziling – boʻlmaydi qoyim.

Hamma narsa sargʻaygan – xazon…

Kuz tongida qanoti shoyi

zogʻlar tinmay aytadi azon.

 

Bu azonning qorasi yoʻqdir,

moʻljal tortib borgani shaxdam.

Na och uning rangi, na toʻqdir,

terib olinmagan paxtaday

 

yo butaga ilingan mezon

kabi elas-elas koʻrinar…

Chir tevarak birday bargrezon,

qorayadi faqat moʻrilar…

 

3

Xazonlaydi daraxtlar asta,

qaynoq ranglar ulashar hayot

toʻkilmoqqa chogʻlangan xasta

yaproqlarga. Intiho – ayon.

 

Moviy rangdan ayrilar samo,

endi ranglar bogʻni toʻldirar.

Adolatni bilar tiyramoh,

har yaproqni goʻzal oʻldirar.

 

 

Hayit

 

Daryo –

kelinchakning hayitlik kiyimi,

oʻzi tikib olgan daryoni.

 

Daryo – koʻylak – muqaddas,

uning etagini

koʻtarib yurar qayinsingil qizaloqlar.

 

Qizaloqlar qoʻlidan oqib oʻtar bu daryo:

yurak orziqishlariga,

tushlariga,

erga tommas biror tomchisi.

Bu daryoga xotirasin chayib olar momolar.

 

Bu daryo:

kimning armoniga, kimning baxtiga

qarab oqadi.

 

Hayrati,

biror joyga qaytmoq istagi

boʻlib shakllangan sayyohlar

qaytib kelar dengiz yoxud bir favvoraga,

tanga tashlaganday

bu xonadonga

kelganki, havasin tashlab ketadi.

 

Yegulik ilinjida,

kemaning ortidan ergashgan

chagʻalaylar irim qilib tashlangan

tangalarni suvga tushirmay

ilib olganiday

va yoki

sochalani tergan bolalardayin,

yangalar kelinchakning poyiga

sochilib ketgan nazarlarni past

qilmaslik uchun

yigʻishtirib olib qoʻyar uy tokchasiga

saralab non ushogʻiday.

 

Boʻrining tirnogʻiday

nazar ham – boylik.

 

Mabodo, koʻz boʻlsa nazarlarning ichida

yangalar uni

qushnoch xotinga

olib borib berar ertasi.

 

Qushnoch – Bibisora momo koʻzni

tovuqning qoniga aralashtirib

yangi oilani emlaydi

yomon koʻzlardan.

 

Qolgan nazarlarni yomon tush kabi

hech kimga bildirmay

suvga oqizib yuboradi yangalar.

 

Daryo kiyib olgan kelinchak.

 

 

Feʼl

 

uning feʼli

suvdagi aksiga oʻxshab ketadi

 

uning suvdagi aksi

jinchiroqday lipillab turar

 

shamol

suvni loyqalantirar

jinchiroqni oʻchirar

 

feʼl

ochqolgan baliq

 

loyqa suvda pitirlar

ahyon-ahyonda

rahming kelib sepasan unga

biror yegulik

 

yoki

 

feʼl

oʻchib qolgan jinchiroqning piligi

achchiq tutaydi

 

koʻzlaringni yoshlantirar qorongʻilikda

uning tutuni

 

hech kim koʻrmaydi lekin

baliqni ham

koʻzyoshni ham

 

 

Besh

 

besh

yosh hisoblansa

oʻgʻil bolaning

allaqachon

sunnat toʻyi boʻlib oʻtgan boʻlar edi

besh

yil hisoblansa

bir odam

diplom olar edi eski zamonda

besh

kun hisoblansa

shularning hammasi

kirib ketar edi bitta umrga

 

FAXRIYOR

 

“Sharq yulduzi”, 2011–5

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.