Qanotlaring yaltiraydi, qaldirgʻoch!

0
153
marta koʻrilgan.

Yer yuzi bolalari

 

Doʻstday boʻlib yashasin

Yer yuzi bolalari.

Et-tirnoqqa oʻxshasin

Yer yuzi bolalari.

 

Yer yuzini bogʻ etsin,

Toshni gul yaproq etsin,

“Doʻstlik” degan bogʻ etsin

Yer yuzi bolalari.

 

Bir-biriga qoʻl bersin,

Yashnab turgan gul bersin,

Ezgulikka yoʻl bersin

Yer yuzi bolalari.

 

Oq tanmi yo qora tan,

Sariq tanmi – qilmay jang,

Boʻlsin bir jonu bir tan

Yer yuzi bolalari.

 

Quyoshni tutib boshda,

Kirsinlar yuz, ming yoshga,

Sabot boʻlsin quyoshga

Yer yuzi bolalari.

 

Qaldiroch

 

Shuncha yaxshi boʻlasanmi,

Qaldirgʻoch, qaldirgʻoch?

 

Sayraysanmi, kulasanmi

Qaldirgʻoch, qaldirgʻoch?

 

Qanotlaring yaltiraydi,

Qaldirgʻoch, qaldirgʻoch.

 

Boqsam, dilim qaltiraydi,

Qaldirgʻoch, qaldirgʻoch.

 

Uyimizning toʻriga oʻt,

Qaldirgʻoch, qaldirgʻoch.

 

Teginmasin senga burgut,

Qaldirgʻoch, qaldirgʻoch.

 

Oromgoh

 

Qanday goʻzal togʻ,

Yashnar hamma yoq.

Kumush irmoqlar

Yugurar quvnoq.

 

Shunday goʻzal togʻ,

Sathi oromgoh.

Togʻlar havosi

Yoqimli, oh-oh!

 

Shoʻx-shoʻx bolalar

Bunda dam olar,

Deysiz ularni

Gulu lolalar.

 

Qanday goʻzal togʻ,

Suvlar sharqiroq.

Oromgohlarda

Orom ol, oʻrtoq.

 

Olti yoshlilarmiz

 

Kulganimizda biz

Guldek ochilamiz.

Yerni obod qilgan

Olti yoshlilarmiz.

 

Chopsak adirlarga

Guldek sochilamiz.

Barra giyohlardek

Olti yoshlilarmiz.

 

Issiq bagʻringizga

Guldek bosilamiz.

Sizga erkalangan

Olti yoshlilarmiz.

 

Kitob va konfet

 

– Kitobingni bir koʻray,

– Berib turgin, xoʻp, Hasan?

– Konfetingni yeb boʻlgin,

Axir, shira qilasan.

 

– Bermasang qoʻy, qaytaga

Konfentginamdir maza,

Deya shirinliklarni

Koʻz-koʻz qildi Shahnoza.

 

Tol

 

Yaproqlaring chiroyli:

Tol, tol, tol, tol.

 

Seni desam tilimda:

Bol, bol, bol, bol.

 

Shovullasang, qarayman:

Lol, lol, lol, lol.

 

Qancha boʻlsa mehrimni:

Ol, ol, ol, ol.

 

Sen bogʻimning yuzida:

Xol, xol, xol, xol.

 

Yaproqlaring chiroyli:

Tol, tol, tol, tol.

 

Olqor DAMIN

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–8

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.