Qalbingizga kirib boraman

0
235
marta koʻrilgan.

Ovunch

 

Ona, meni chorlayotganday

Bardoshingiz toʻkilgan yoʻllar.

Bahorlarim kulgan shu yoshda

Nechun meni ovutmas gullar?

 

Ovutmoqchi boʻlar shunchaki,

Kelbatlari bilan bu shahar.

Hatto tuni yulduzsiz, oysiz,

Baʼzan nursiz tuyular sahar.

 

Qishlogʻimning rasmini bugun

Sheʼrim bilan koʻksimga oʻydim.

Ancha boʻldi, oh, bilmam nechun

Men hech kimni sogʻinmay qoʻydim.

 

Nechun sevib ichganim ogʻu,

Tanlaganim tikonli yoʻldir?

Xudoyimdan soʻrayman bugun:

Koʻnglimdagi nafratni oʻldir!

 

Ne boʻlsa ham, onajonginam,

Siz gʻam chekmang, oʻrtasam yurak.

Muhabbatda oʻlmogʻim uchun

Muhabbatda yashashim kerak!

 

Qasd

 

Tolim-tolim sochlarimga oshiq boʻlgan kunlaring

Qoʻllarimning xinolari quyuq edi, yorijon.

Oy baxtimdan tonglar kulib, yulduzchalar shodumon,

Kimlarningdir yurak bagʻri kuyuk edi, yorijon.

Yuragimga oʻzing ekkan sadarayhon gullarin

Shafqat bilmay soʻldirmoqqa chogʻlanding sen, yorijon.

Muhabbating bogʻlarida sayr ettirib baxtiyor,

Soʻngra oʻzga xayoliga bogʻlanding sen, yorijon.

Olislardan imo qilsang, koʻz solmasam iymanib,

Qaysarliging tutib araz qilar eding, shovvozim.

Yigit koʻngling togʻlarida ohu edim beozor,

Oshiq koʻngling torlariga tushgan edi ovozim.

Yolgʻiz oʻzing doʻstim eding,

Oʻzing boʻlding jallodim,

Bilsam, ishqing zaharlangan shamshir ekan qindagi.

Baski, seni mahv etmoqqa shaylandim men, sayyodim,

Har lahzada tik boshimni qoʻysam hamki kundaga…

Oʻz holingga qoʻymasman, lek oʻt qalarman koʻksingga,

Oʻsmalarga kulin sepib, qoshlarimga qoʻyarman.

Tolim-tolim sochlarimni shartta kesib mastona,

Qoʻllarimni adolatning qoni bilan boʻyarman.

 

Tolim-tolim sochlarimga oshiq boʻlgan kunlaring…

 

Alla

 

Bulutga bosh qoʻyar togʻlar,

Alla, bolam, alla-yo.

Qushlarini chorlar bogʻlar,

Alla, bolam, alla-yo.

 

Kulguchingga yulduz boqar,

Miltir-miltir, alla-yo.

Yurakchangda hayrat oqar

Mildir-mildir, alla-yo.

 

Omon-omon kunlar keldi,

Yayrab-yashnab oʻs, bolam.

Kelolmasin shu elga yov,

Yoʻllarini toʻs, bolam.

 

Tolbeshikda oy uxladi,

Uxla sen ham, alla-yo.

Onang sogʻlom, yonginangda,

Chekmassan gʻam, alla-yo. 

 

Derazangni shamol chertsa,

Qoʻrqmassan sen, alla-yo.

Nomardlarning nagʻmasiga

Uchmassan sen, alla-yo.

 

Sohibqiron avlodisan,

Yurtga keltir shon, bolam.

Toʻmarisdek shiddatli boʻl,

Shu el uchun yon, bolam.

 

Xudo bergan Barchinoyim,

Alpomishim – togʻ bolam.

Yurting obod ekan toki,

Ulgʻayursan sogʻ, bolam.

 

Alla, bolam, alla-yo…

 

Bolaligim daryosi

 

Momom urchuq yigirganda tonggacha,

Bobom uzar ishkomidan uzumni.

Seni shunday yod etarman har lahza,

Oy nurida yumganimcha koʻzimni.

 

Quchogʻingda mavjlanardi sochlarim,

Oqshom sokin koʻshigʻingga joʻr boʻlib.

Qumlaringni koʻzga surgan chogʻlarim

Yuragimda oqar eding nur boʻlib.

 

Sen qirgʻoqdan toshib oqqan kunlaring

Menam senday toshib sevdim, kuyladim.

Bobotoqqa gulxan yoqqan kunlaring

Himolaydan oshdim, bulut boʻyladim.

 

Ayamasdan oʻydilarmi bagʻringni,

Ayamasdan yoʻlingga gʻov soldilar?

Toshganingda bilmaganlar qadringni

Chora topmay, nogoh oʻyga toldilar.

 

Qashqadaryo, bolaligim daryosi,

Oʻn sakkiz yosh – lolaligim daryosi.

Endi faqat yuragimda toshgaysan,

Oʻksik dilim, nolaligim daryosi…

 

Xabar

 

Kuting, uchqur xayollar bilan,

Tili biyron shamollar bilan,

Yorugʻ yuz-la, xush onlar bilan,

Qalbingizga kirib boraman.

 

Dayravotda quyosh botar jim,

Ishq gʻamida poklanar ruhim,

Qaytarolmas yoʻlimdan hech kim,

Qalbingizga kirib boraman.

 

Rad etaman odat, urflarni,

Oy nurida tarab zulflarni,

Ochib zanglagan qulflarni,

Qalbingizga kirib boraman.

 

Gʻam togʻlarin eturman barbod,

Dunyolarni aylab xurram, shod,

Yuragimni qilurman ozod,

Qalbingizga kirib boraman.


 

Farogʻat XUDOYQULOVA

 1975 yili tugʻilgan. Oʻzbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan. “Oydinlik”, “Kuy dilim, suygulim”, “Aytolmagan soʻzlarim”, “Oq xatlar” kabi sheʼriy toʻplamlari chop etilgan.

 

“Yoshlik”, 2016 yil 6-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.