Qalbga yana istaklar toʻldi

0
71
marta koʻrilgan.

 * * *

Tilimlandi, Oy yana toʻldi,

Ne savdolar koʻrdi har tilim?!

Qalbimda koʻp istaklar oʻldi,

Meni qattiq sevgin, sevgilim.

 

Bahor tutib yashil bayroqlar

Tiklanishga chorlar ulusni.

Qarsillatib yozar chaqmoqlar

Bulut shuncha gizlagan soʻzni.

 

Qushga havas, qushga taqlidan

Bolakaylar chopar toʻrt yonga,

Yuraklarin varrak shaklida

Yetkazmoqchi boʻlar osmonga.

 

Hamma ushlar umid baridan,

Hamma baxtli boʻlgisi kelar.

Ishqning baland gulxanlaridan

Baxtning aniq belgisi kelar.

 

Qalbga yana istaklar toʻldi,

Juda qattiq sevgin, sevgilim.

Toʻqqizta gul kun koʻrmay oʻldi,

Titrab turar eng soʻnggi gulim.

 

Balki rost

 

“Senga bir jon doʻsting xiyonat etdi!”

Balki rost yo yolgʻon… Aytildi-qoʻydi.

Ishonch bogʻlarimga oʻt tushib ketdi,

Yaproqlarim kuydi, gullarim kuydi.

 

Yigʻladim, koʻzimning choʻgʻlari soʻndi,

Yigʻladim, yuzimning gul ranggi oʻchdi.

Mehr qushlarimning sayrogʻi tindi,

Lahzada ming yillar azobin ichdim.

 

Holbuki, tegramda koʻkarish fasli,

Yashil giyoh undi qora tuproqda.

Qor, muzlar quyoshga boʻlmoqda taslim,

Xush hidlar gurkirab kelar toʻrt yoqdan.

 

Holbuki, boshimda omon bosh egam,

Nomus qoʻrgʻonimning sodiq soqchisi.

Oʻgʻlim bor, qizim bor, axir, nimam kam,

Uyim baxtxonadir, uyim yaxshidir.

 

Holbuki, sheʼrim bor, koʻnglim dasht emas,

Soʻzlarim shovullab yogʻar yomgʻirday.

Nomim ham past emas, shaʼnim past emas,

Biroq, xiyonatga chidayman qanday?

 

Xiyonat aytildi, rostmi yo yolgʻon,

Eshitdim. Bu gʻamdan qanday chiqaman?

But edim, ming boʻlib sochildim har yon,

Sochilgan jonimni qanday yigʻaman?

 

Havas

 

Tillo baldoqlarim raqs etsa,

Oyning boʻlagiday quloqlarimda.

Ishqli qaroqlari aks etsa,

Tunning boʻlagiday qaroqlarimda.

 

Tillo tovushlarim kuylasa,

Kumush boʻlagiday oyoqlarimda.

Kuyiga kokilim oʻynasa,

Nasimlar mushklansa har yoqlarimda.

 

Tillo koʻylaklarim chogʻlansa,

Kunning boʻlagiday jismimda.

Bu dunyo oʻnglansa, oʻnglansak,

“Xon” qoʻshib aytilsa ismimga.

 

Keling, jon…

 

Oʻrtamizga yoqib umid shamini,

Taskin bilan boʻylab dunyo kamini,

Ishq bilan qaytarib gʻussa damini,

Keling, jon, bir toza suhbat quroli!

 

Men sizni Humodan tushgan patim, dey,

Nozlarim koʻtargich zarang qoshim, dey,

Dil dardlarimni tikkich tillo qatim, dey,

Keling, jon, bir toza suhbat quroli!

 

Jannat boʻyin toʻkkan jambilim, deng, siz

Sayrab-sayrab oʻpgan bulbulim, deng, siz,

Tizzamga tiz choʻkkan sunbulim, deng, siz,

Keling, jon, bir toza suhbat quroli!

 

Rohat qoʻrgʻonimning sinchisiz, dey, men,

Chayqalgich ummonim tinchisiz, dey, men,

Mulkimning sotilmas ganjisiz, dey, men,

Keling, jon, bir toza suhbat quroli!

 

Lablarida gʻuncha undirguvchim, deng,

Gʻam lashkari bossa sindirguvchim, deng,

Yalinib, amriga koʻndirguvchim, deng,

Keling, jon, bir toza suhbat quroli!

 

Koʻnglimiz oylarda, ovoz naydadir,

Bugungi bu junun erta qaydadir,

Harna dunyolari ishqdan maydadir,

Keling, jon, bir toza suhbat quroli!

 

Qutlibeka RAHIMBOYEVA

 

“Sharq yulduzi”, 2012–2

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.