Qalbda tanish hislar uygʻondi

0
120
marta koʻrilgan.

Kuz va bahor oraligʻida

 

Yurak ishqdan tagʻin quvondi,

Kuygan edi avval dogʻida.

Qalbda tanish hislar uygʻondi

Kuz va bahor oraligʻida.

 

Shabbodalar behadik yeldi,

Oʻzni toblab oftob tigʻida.

Oq orzular qopladi yerni

Kuz va bahor oraligʻida.

 

Zulmat yodi uygʻonmas, karaxt,

Oymomoning pora dilida…

Kurtak otdi barg toʻkkan daraxt

Kuz va bahor oraligʻida.

 

Armon oʻzin oshkor etgandi

Xotiralar qorachigʻida.

Qalbda qorlar erib ketgandi

Kuz va bahor oraligʻida.

 

Sogʻinch ezar maʼyus koʻngilni,

Qoʻshiq boshlab qushlar tilida.

Koʻrganmisiz gullagan gulni

Kuz va bahor oraligʻida?..

 

 

Uchrashuv

 

Etagin qoqqanda yovvoyi shamol,

Mayin shitirlaydi kamgap yaproqlar.

Yuragi zardobga toʻlib bemajol,

Hayot qoʻshigʻini kuylaydi bogʻlar.

 

Olisdan yelganda hammol sabolar,

Rayhonning atrini eltar dimoqqa.

Nafasin ichiga yutgan havolar

Boshin egib ketar yiroq-yiroqqa.

 

Bosh ustimda mahzun jilmayganda kuz,

Savobday ulgʻayar sargʻish gunohim.

Mening yuragimda yashaydi hanuz

Shamol – senga yetib bormagan ohim…

 

 

* * *

Shamol daraxtlarning yaprogʻin silar,

Chayqaladi shoxlar oʻngu soʻl tomon.

Quyosh nuri tekkan barglar qaltirar,

Osmon jismi ichra jimirlaydi jon.

 

Chaqmoqlar qamchilar bulut galasin,

Qarogʻidan yerga toʻkilar koʻzyosh.

Junbushga kelolmay mudragan, hazin

Koʻlmaklar yoshini aritar quyosh.

 

Koʻk uzra saf tortar turnalar qator,

Oʻsma tortgan qizning qoshiday yoli.

Quyosh ham choʻkadi pastga beqaror,

Qizaradi ufq tandir misoli.

 

Sut emgan goʻdakdek toʻyinar dala,

Shodon chugʻurlashar nagʻmagar qushlar.

Allalaydi oqshom kun botgan palla,

Yer uyquda koʻrar samoviy tushlar…

 

 

Ishq haqida yozmay qoʻyganman

 

Sovuq kundan bahor soʻramang,

Qaro tundan nahor soʻramang,

Koʻngil soʻrang, ashʼor soʻramang,

Ishq haqida yozmay qoʻyganman.

 

Dilda ne bor, toʻkay borini,

Tinglang qalbim ohu zorini,

Yozayin deb dil xumorini,

Ishq haqida yozmay qoʻyganman.

 

Subhidamdan saboni soʻrang,

Shamollardan sadoni soʻrang,

Gunohlardan jazoni soʻrang,

Ishq haqida yozmay qoʻyganman.

 

Ayriliqqa koʻnmagay koʻngil,

Biryon edim zulmidan – bedil,

Yurak sindi hajrida chil-chil,

Ishq haqida yozmay qoʻyganman.

 

Yuragimni oʻyganman ezib,

Soʻng qogʻozga qoʻyganman yozib.

Sevishimni qolmang deb sezib,

Ishq haqida yozmay qoʻyganman.

 

 

Sadoqat

 

Sadoqat – quvonchdir!

Titragan dil, lab,

Mehr-muhabbatga erishmoq, visol.

Sadoqat shundayki, milliard yillab

Qorni quchib turgan choʻqqilar misol.

 

Sadoqat – ishonchdir!

Yoʻqlamas kinni,

Hayotning rang-barang nafasi, taʼmi.

Sadoqat shundayki, Ona zaminni

Oʻrab avaylagan ozon qatlami.

 

Sadoqat – bahordir!

Gullar erta-kech,

Insonning begʻubor bolaligiday.

Sadoqat koʻngildan ayrilmaydi hech,

Et bilan tirnoqning oraligʻiday.

 

Sadoqat – Quyoshdir!

Samo gulxani,

Nuridan ungan yer tuprogʻi, toshi.

Sadoqat – goʻyoki toʻlgan oy kabi,

Tugab borayotgan yerning bardoshi…

 

 

Deraza va qiz

 

Deraza yonida qizaloq,

Koʻylagi shohidan, menimcha.

Sochlari zangori, qoʻngʻiroq,

Belida belbogʻi tuguncha.

 

Deraza yonida qizaloq,

Oy nuri shuʼlasi aksida.

Taralar yanada mayinroq,

Bu nurlar qizchaning yuziga.

 

Deraza yonida qizaloq,

Yo jajji farishta, yo oqqush.

Xushsurat, koʻngilga yaqinroq,

Koʻrganim oʻngmidi yoki tush?

 

Deraza yonida qizaloq,

Kimningdir qarogʻi, gavhari.

Menga ne ishq berding, ey Olloh,

Bu kimning eng buyuk asari?

 

Deraza yonida qizaloq…

 

 

Shavkat Joʻrabek

 

“Yoshlik”, 2016-11

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.