“Porla, mening yulduzim, yuksak…”

0
220
marta koʻrilgan.

Sergey Yesenin

 

* * *

Ota uydan ketdim olib bosh,

Moviy Rusga butkul qoʻl silkib.

Isitadi soyni, entikib,

Qayinzorda onam toʻkkan yosh.

 

Oltin qurbaqadek koʻkda oy,

Aksi soyda jimirlab tindi,

Olma guli kabi hoynahoy

Otam soqoliga oq indi.

 

Ortga qaytmam endi yaqin dam,

Kuylab oʻtgum boʻronlar baxtin.

Qoʻriqlaydi moviy Rusni ham

Bir oyoqda chinor daraxti.

 

Xazonlarni oʻparkan yomgʻir,

Anglab yetdim, bunda quvonch bor,

Shundan menga oʻxshaydi, axir,

Boshi ila ul qari chinor.

 

1918

 

 

* * *

Porla, mening yulduzim, yuksak,

Sovuq nurlar taratib koʻkdan.

Qabr panjarasi ortidan

Sado bermas hech tirik yurak.

 

Avgust tuni tovlanib, javdar,

Ham toʻldirib dala bagʻrini.

Uchib ketolmagan turnalar

Chekkan ohi ila ogʻrinib.

 

Boshginamni tutganda baland,

Daraxtlarga, qirlarga boqib,

Xayolimni bir kuy etar band

Vatan sogʻinchini uygʻotib.

 

Yakuniga umr ertagin,

Koʻngil sezar, qoldi juda kam.

Qabriston bagʻridan ertaga

Joy topilib qolar menga ham.

 

Soʻng yulduzim soʻnar umrbod,

Yurak boʻlar nimkala, yarim.

Quvnoq soʻzlar bilan etib yod,

Qabrtoshi qoʻyar doʻstlarim.

 

Lek, oʻzimni taʼriflab derdim

Tobutim-la toʻlar boʻlsa goʻr:

Oʻz yurtini u sevgan edi

Mayxonani sevgandek mayxoʻr.

 

1925

 

 

Rus tilidan

Feruz Neʼmatullayev

tarjimalari

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.