Paxtazorlarim

0
4
marta koʻrilgan.

Ey siz kamtar, tanti, joʻmard dehqonlarim,

Siz koʻtargan xirmon – mening ehromlarim.

Shudgorlarda oyu quyosh ulgʻaytirgan,

Bir umrlik dala-dashtga mehmonlarim.

 

Har koʻchatga egilasiz sizlab-sizlab,

Soʻng gʻoʻzalar boʻy choʻzadi sizni izlab.

Mehnatdasiz shomu sahar zahmatdasiz,

Yurtni oʻylab, el-ulusning baxtin koʻzlab.

 

Hali urugʻ, hali chigit pallalardan,

Suv-suv deya nido kelar dalalardan.

Har tup nihol atrofida parvonasiz,

Omon saqlab yomgʻiru doʻl, jalalardan,

 

Koʻz qamashar oppoq paxta – nurga boqsam,

Gʻurur toʻlar bir hur bilan birga boqsam.

Vatan sening kengliklaring dilga orom,

Toqqa boqsam, boqqa boqsam, qirga boqsam.

 

Paxtazorlar – chaman, paxta – oq loladay,

Chanoqlari paxtagulli piyoladay.

Gʻoʻzalar ham boshini sal egib turar,

Koʻsaklarning zalvoridan qiz boladay.

 

Ey siz menga rizq-roʻz bergan dalalarim,

Butun boʻlgay siz tufayli chalalarim.

Sheʼrga sigʻmas aytadigan soʻzlarim koʻp,

Kuylay deyman siz uchun eng saralarin.

 

Tergan paxtam birov emas – oʻzimniki,

Momolarim tutgan nonu tuzimniki.

Paxtamiz ham, gʻallamiz ham shu xalq uchun –

Bolalarim baxti, oʻgʻil-qizimniki.

 

Joʻrabek JAHON

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.