Oʻzligingdan tonma hech

0
111
marta koʻrilgan.

Shoir akam Rustam Nazar haqida oʻylaganimda boladek begʻubor bir inson koʻz oldimga keladi. U kishini bir soʻz bilan “isteʼdodli odam edi” deb aytsa boʻladi. Isteʼdodli odam esa betakror boʻladi. Shu bois ham uning sheʼrlarida ruhan erkinligi, oʻziga xosligi sezilib turadi. Shoirdan farzandlarimiz uchun magʻzi toʻq sheʼrlar qoldi. Hech ikkilanmay aytish mumkin: shoirning sheʼrlari bolalarimiz yuragida yashayveradi.

 

Dilshod RAJAB,

filologiya fanlari nomzodi

 

 

Dangasa

 

Maqsadiga erishgay

Intilsa kim, chopsa kim.

Hatto qorni yondirar,

Qalovini

Topsa kim.

 

Jon koyitmas dangasa,

Izlash tugul qalovni –

Oʻchiradi, erinib,

Yonib turgan

Olovni!

 

 

Chaqaloq

 

Oilada eng kenja

Ukam hali chaqaloq.

Beshikda jim yotmaydi,

Tinchimaydi baqaloq.

 

U nimadan bezovta,

Nega hadeb yigʻlaydi?

Tushuniksiz holati

Bagʻrimizni tigʻlaydi.

 

Bu sergʻalva dunyoda

Koʻpdir toʻsiq va gʻovlar.

Choʻchitarmi uni yo

Oldidagi sinovlar?

 

 

Dunyo va men

 

Qoldim ancha ulgʻayib,

Toʻldim sakkiz yoshimga.

“Burningni art!” deb endi

Teginmaydi gʻashimga.

 

Qora nima? Oq nima?

Fahmiga tez yetaman.

Boqib rangin olamga

Sirlarin kashf etaman.

 

Baʼzilar-chi, qoʻl siltar,

Dunyo juda qarimish.

Uning yoshi million

Yillardan ham narimish.

 

Koʻzoynakli olimlar

Soʻzlashadi lof bizga.

Dunyo – mening tengdoshim,

Endi kirdi sakkizga!

 

 

Tarbiya

 

Mening otam ajoyib,

Tarbiyasi qiziqdir.

Har tarafim – chegara,

Har tarafim chiziqdir.

 

Bundan xafa emasman,

Qilar aqlu hushim jam.

Ular borki, maqsaddan

Chalgʻimayman sira ham.

 

Otam belgi qoʻyishni

Etganmikin faromush –

Uchrar ochiq manzillar,

Toʻxtarman jim va xomush.

 

Hayotning zil yukini

Men yelkamga ortarman.

Chegara yoʻq yoʻlimga,

Oʻzim chiziq tortarman!

 

 

Buvamning naqli

 

Oshsa hamki yetmishdan,

Buvam chaqqon va tetik.

Ishlar uzzukun bogʻda,

Oyogʻida zil etik.

 

Mehr berib, yashnatib,

Ardoqlar har daraxtni.

Jini suymas landovur,

Vujudi shol, karaxtni.

 

Baʼzan horib-charchasa,

Yostigʻini tuzatib –

Deymiz: “Endi yoting-da

Siz ham oyoq uzatib”.

 

Buvam kular: “Tirik jon

Lozim mehnat etmogʻi.

Oʻzi qarib, zaminni

Yashartirib ketmogʻi!..”

 

 

Varraklar

 

Parvoz etar varraklar

Osmon ishqi bilan mast.

Qay birining avji zoʻr,

Qay birining mashqi past.

 

Ey, oʻgʻlon! Sen havoyi

Orzulardan yonma hech.

Quvon yursang ham yerda,

Oʻzligingdan tonma hech.

 

Varraklarning qismati

Erksizlikdan dogʻliqdir.

Parvoz umri ipidan

Tutganlarga bogʻliqdir.

 

 

Jasorat

 

Jasoratdan baʼzilar

Lof urishar valdirab.

Ammo xatar tugʻilsa,

Zir qochishar qaltirab.

 

Yoʻlashga ham choʻchishar

Biror yirtqich yoniga.

Qaysi ahmoq qasd etgay,

Axir, shirin joniga?

 

Alamzada musht tugib,

Shum xayolga tolgaylar.

Yoʻlbarslarning oʻchini

Mushuklardan olgaylar.

 

 

Keksa chavandoz

 

Unga harif yoʻq edi

Bir zamonlar uloqda.

Xaloyiqning olqishi

Yangrar hamon quloqda.

 

Qarilikka egdi bosh,

Tanida yoʻq kuch, darmon.

Unga endi ot tugul,

Eshak minish ham armon.

 

Bolaligin eslab goh,

Koʻzida mung zorlanar.

Hassasini ot qilib,

Chopay desa… orlanar!

 

 

Rustam NAZAR

(1949–2012)

 

“Yoshlik”, 2017–1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.