Oʻzbek ishi

0
599
marta koʻrilgan.

Muqaddima

 

Chorak asr qoshida

bir dam fikrga toldim,

Mustaqillik yoʻlining

saodat bekatida.

Ikki yarim asrday

tuyuladi u qadim,

Mangulik bor bu yillar

har lahza, fursatida.

 

Koʻzimda akslanadi

yongʻinlarning quyuni,

Olovlar halqasidan

omon chiqolgan karvon,

Olis yoʻlga otlandi

oʻz xaloskori bilan

Buyuk istiqboliga

mardona Oʻzbekiston!

 

… Boshidan oʻtdi qancha

boʻronu “inqilob”lar,

Koʻrdi qattol zamonlar

dovul silsilasini.

Yuragidan oʻtkazdi

behisob iztiroblar,

Buyuk yolgʻonlar zahri

teshdi qobirgʻasini…

 

Kuzgi dalalar

 

Yoʻtaladi qoʻlansa hiddan

sil boʻlgan dala,

Xazonlarni toʻzgʻitib,

shamol alamdan oʻkrar…

… Olti million tonnani

Vatanga bermoq palla,

Radiokarnay hammani

tongdan terimga chorlar.

 

Olti million tonnaning

qaygʻusida jonsarak

Birinchi sinflar ham

aylangandir kattaga.

Oyogʻida kalishu

ustida yupun koʻylak,

Askarlarday yoʻllanar

dalaga darsdan tikka.

 

Gʻoʻzalarning bagʻrida

yoʻqolib qolar gohi,

Egatlarda tentirar,

chigitdek kelar boʻyi.

Paxtadan koʻra bunda

tosh topmoq oson, ohki,

Koʻsakdek otiladi

koʻz yoshin jajji oyi.

 

– Boʻsh kelmang, paxtakorlar,

boʻshashtirmang surʼatni,

Hademay chilla kirar,

qor urar yuzga yanvar.

Oʻlsang oʻl, shu paykalning

ichida, – degan kabi

Paxta ekilgan, hatto,

ostonasiga qadar.

 

Moʻsin brigadir

 

Pastakkina paxsali

kulbaning moʻrisidan

Dimoqlarni yoradi

oq yogʻning achchiq dudi.

Yillarning shamolida

qolgan kabi shiprilgan

Eh, Moʻsin brigadirning

topgani – boru budi!

 

Bir etak bolalarning

koʻz tikkani shu sigir,

Gʻoʻzaning oʻtogʻidan

tomga bosilgan xashak.

Kattamni oʻylayman, deb,

rizqu roʻzidan qisib,

Poʻsti archilib, chetga

taxlab qoʻyilgan terak.

 

Chigitni yerga emas,

yuragiga qadagan,

Gʻoʻzasini oʻstirgan

qalbining mehrobida.

Ketmonining kaftida

tunlar suvlar taragan,

Paxtalari ochilgan

koʻnglining oftobida.

 

Paykalga samolyotlar

sepganda zahri qotil,

Tagida yuragini

oq bayroq qilib tikkan.

Bu mushfiq otam edi,

mungligʻim onam edi,

Jigarlari sargʻayib,

jonu jigari oqqan.

 

Sanobar

 

Raykomdan shomda qaytsa,

shiyponda toʻs-toʻpolon,

Tabelchi talvasada

aytolmas shumxabarni.

Qon qusgancha chalajon

topishibdi paykaldan

Dardini dardga tutgan

munisa Sanobarni.

 

Deyishar, jon fidolik

unga beshikda tekkan,

Oʻzini oʻtga urmoq

onajonidan yuqqan.

Dalada paxta terib,

ashula aytib yurib,

Onasi Sanobarni

kuzda, paykalda tuqqan.

 

Buxsanib, toʻlgʻonadi,

tanasiga oʻt ketar,

Belanchakka erkalab,

boylagan qari tutning.

Oʻkirgancha shamollar

yoʻllarini unutar,

Izlarini izlaydi

faryodlari uvatning.

 

Hovuch-hovuch suv tutgan

ariq suvi qurigan,

Uvatlar allalardi

uning loʻlaboshini.

Sochlarin yulib chopar

tobutining ortidan

Telba boʻlgan onasi,

tuproq toʻlib kovushi.

 

Oʻkirik uygʻotadi

qulogʻi kar dunyoni,

Tildan qolganday goʻyo

moʻltayib qolgan paykal.

Kesakdan oʻt chiqadi,

yodga tushar zavoli,

Uzun-uzun yigʻidan

dalalar qora kiygan.

 

Roʻzi muallim

 

Necha kunki, qishloqda

izgʻir sovuq bir xabar.

Moskovdan kelgan emish,

tekshirib “Paxta ishi”n.

Til bilmas tergovchilar

emish xudobexabar,

Eshitgan aybi borday

boshdan uchadi hushi.

 

Oqshomda kirib keldi

horgʻin Roʻzi muallim,

Kelganmishlar oʻzbekni

qilmoq uchun zimdan ov.

Qachongacha bu millat xoʻrlik,

azobga mahkum,

Qachongacha miq etmas,

tilda zanglagan tushov?

 

Olti million tonnani

ilib xalqning boʻyniga,

Sil boʻlgan dalalarning

boʻgʻziga tirab pichoq.

Yana “Qoʻshib yozgan” deb,

tuhmat qilar kamiga,

Yaxshiyamki tili yoʻq,

isyon qilolmas tuproq.

 

Uvatda belanchakka

boylangan tilsiz goʻdak,

Dorilangan paykalda

jigari oqqanlarni,

Sariqqa toʻlib ketgan

bogʻchalarni kech kuzak,

Hisobini kim soʻrar,

nogiron boqqanlarni?!

 

Qoʻradagi qoʻychalik

yoʻq-ku odamning qadri,

Bitta buzoq oʻlsami,

boshlanar tergov, soʻroq.

Traktorchi qoʻshningiz

jigari shishib oʻldi,

Kafanlikka chit soʻrab,

ayoli kezdi qishloq.

 

Yana adolat,

baxtu saodat, deya, tinmay,

Ezilgan shoʻrlik xalqqa

urishadi yolgʻon, lof.

Qachongacha oʻzbekni

aldaydilar uyalmay,

Bu vaʼdalar tagida

bormi zarracha insof?!

Qoʻllarin musht qilgancha,

ketib borar muallim,

Koʻrgani zulmu sitam,

koʻrmadi zarra qadr.

Yuragi yashin urgan

daraxtday silkingancha,

Yurib chiqar tonggacha

bedor Moʻsin brigadir.

 

“Desantchilar”

 

Tuhmatu makr toshi

otildi zimdan,

Millatning nomusini

qildilar uloq.

Kimdan tili qisigʻu

qarzdordir kimdan,

Paxtasi dunyolarni

kiydirib oppoq?!

 

Bu ichidan nuragan

qattol tuzumning

Zanjir uzgan itlarin

hurishi edi.

Jarning yoqasida

turgan shoʻroning

Soʻnggi jazavasi,

yurishi edi.

 

Oʻylashdiki,

najoti yoʻq, panohi yoʻq,

Balogardon piri,

yoqar chirogʻi yoʻq.

Yerdan sado chiqar,

undan un chiqmagay,

Topta, xoʻrla,

hatto, qoʻllar arvohi yoʻq.

 

Chanqoq har koʻngil

qoqqan darvozasin,

Toʻlatgan el,

hatto nomard koʻzasini.

Ogʻu ichib bolday yutgan

sadpora xalq,

Toʻldirsalar hamki

sabr kosasini.

“Paxta ishi”, deb,

dunyoga soldilar jar,

Jinoyatchi boʻldi oʻzbek,

xiyonatkor,

Qora bahor ayozidan

kuziga qadar

Qirov-muzni yopingan el

boʻldi aybdor.

 

“Qoʻshib yozgan,

oʻmargandir xalq mulkini…”

El ichida sovuq mish-mish,

gap oʻrmalar.

Uyi kuydi, qirov yeb,

muz yalaganlar,

Gunohsizga toʻlib ketdi

tor turmalar.

 

Orzigul

 

Sahar qor kuramoqqa

ochdi behol darvoza,

Qur-qur yoʻtali tutib,

zirqiradi kuragi.

Orzigulning yuragi

orqaga tortdi lahza,

Qoʻlidan tushib ketdi

bexos yogʻoch kuragi.

 

Eshikdan kirib keldi,

koʻzlari olazarak,

Xuddi izlab kelganday,

daydi, egasiz itni,

Toʻrtta formali unga

koʻzin tikdi gʻazabnok,

Soʻng koʻrsatdi: “Tintuvga,

qamoqqa”, deb bir xatni.

 

Uyning ichi bir zumda

boʻldiyu algʻov-dalgʻov,

Boshlarini tiqmagan

qolmadi biror teshik.

Eru xotin ogʻziga

solingan kabi burov,

Soʻz demoqqa holi tang,

ranglari ketgan oʻchib.

– Qani, yashirgan tillang,

bosib qoʻyganing qani? –

Tintishdi brigadirning

beldagi belbogʻin ham.

– Balki, koʻmib qoʻygansan

tomorqangga yiqqaning? –

Qanday boylik?

Qoʻrquvdan brigadirni bosar gʻam.

 

– Baribir sayratamiz,

shu soqov tillaringni,

Kampiring olib borar

ortingdan avaxtaga.

– Jonimni soʻrang, mayli,

qoʻshqoʻllab topshiraman,

Paxtadan yulganim yoʻq,

jonim berdim paxtaga.

 

– Sudda asqotmas aslo,

bu yolgʻon choʻpchaklaring,

Turmada chiritamiz,

sen yulgʻich brigadirni.

Qoʻshib yozish neligin

qarab tur, koʻrsatamiz!

Axtarib qolmasang bas,

hali ochiq qabrni.

 

Bu choldevor hovliga

boqadi nafrat bilan:

“El koʻziga bu yoʻqlik,

xohlasa qasr tiklar.

Aslida, toʻqu bikir

paxtaning orqasidan,

Eshitganman boyvachcha,

puldor boʻlar oʻzbeklar”.

 

“Bu qanday boqqan balo,

bu qanday quruq tuhmat?”

Aybi ne, gunohi ne,

aqlidan ozar hozir?

Nomus doriga osar

er-xotinni shum qismat,

Hovlining oʻrtasida

bolalari izillar.

Quturadi tergovchi

birdan rang-quti oʻchib:

– Opchiq! – deya imlaydi,

brigadirni koʻrsatib.

Kiya olmas etigin

qoʻllaridan jon ketib,

Koʻzin qorachiqlari

qoʻrquvin qoʻyar sotib.

 

Yalinadi xotini

tergovchiga bagʻriqon:

– Erimga tegmang,

faqat, olib ketmang, xastajon.

Sizga pul kerak boʻlsa,

sigirni oling, mayli,

Kasalmand shu erimga

rahm qiling, akaxon!

 

– Sigirnimas, joningni

olaman kerak boʻlsa,

Otib tashlardi hozir

oʻziga qolsa besud.

Tarvuzi qoʻltigʻidan

tushadi yuzi kesak,

Betoqat tergovchining

koʻzlaridan chiqar dud.

 

Ikkinchi poy etigin

kiyishga izn bermay,

Brigadirni uyidan

olib chiqishar sudrab.

Qor ichida paytava

chuvalanar, toʻxtamay,

Ortidan chopib borar

Orzigul gandiraklab.

 

Qoʻllarida erining

bir poy kirza etigi,

Koʻzlarida dunyoning

oxiri yoʻq qaygʻusi.

Qorlar kechib chopadi

mashinaning ortidan,

Yuragini parchalar

xoʻrliklarning ogʻusi.

– Dadasi, etigingiz…

axir, sovuq, qahraton,

Ustingiz yupun edi!.. –

Yuguradi bedarmon.

Endi bu bolalarni

oʻzim qanday boqaman?

Oʻgʻri boʻlsa yaxshiydi,

bundan koʻra, Xudojon!

 

Bir kechada oqardi,

sochlari oq paxtaday,

Bir kechada qartaydi,

hali kirmay ellikka.

Hibsxona hovlisida

oʻtirar devonaday,

Esidan chiqqan kabi

bolalari shoʻrlikni.

 

Soʻroqqa chaqirilgan

qari-yosh, butun qishloq,

Nurab borar tuhmatdan

uylarning guvalagi.

Quriyotgan daraxtday

silkinar oʻzi adoq,

Togʻdagi koʻchki kabi

Orzigulning yuragi.

 

Yoʻqolib qolar ayol,

xayollari telbavash,

Boshiga tosh otadi,

mushtin oʻqtalar osmon.

Dodini kim eshitar,

najot axtarar behush,

Bolalari topishar

har kun hibsxonadan.

 

“Poraxoʻr, vijdonsiz”

xalq yashar bostirmalarda,

Bir kaftgina un qolgan

yupqargan suprasida.

Oʻgʻri tushganday vayron,

valangor kulbasida,

Chuvilmagan koʻrkoʻrak

mungʻayar supasida.

 

Brigadir

 

Vagonning oynasidan

Boqar olis-olisga,

Boʻgʻziga qadaladi

Xoʻrliklarning pichogʻi.

Bunchalar pishqiradi

Oʻt ketganday dunyoga,

Uchib boradi poyezd

Ortmoqlab alam, ohin.

 

Unga baribir, endi…

Sibirgami, Qozonga,

Bu uyat, nomuslardan

Ketsa boʻldi uzoqqa.

Qayoqqa borar, bilmas,

Qochib, hayhot, oʻzidan,

Boʻztoʻrgʻay oʻzin urib,

Tushgan kabi tuzoqqa…

 

… Tushlariga kiradi

Kaftlaridan suv ichgan,

Choponining baridan

Tutib olgan egatlar.

Yelkasiga ketmonday

Minib olgan tuzumning –

Qozonini moylagan

Qora, achchiq zahmatlar.

 

Koʻzin yumsa chayqalar

Gʻoʻzalarning suvrati,

Saratonning tigʻiga

Chayir yelkasin tutgan –

Paxtakor qizlarining

Oʻtda kuygan siyrati

Va goʻdakni yupatib,

Alla aytyotgan tutlar.

 

Koʻzin yumsa yelkasin

Yagʻir qilib, dili qon,

Koʻnglining kulbasiga

Aylangan yupun shiypon.

Mehnatda kuyib, orzu

Gullari oʻchib ketgan –

Qizlarning koʻylagiday

Ohori ketgan davron.

Koʻzin ochsa oʻyadi,

Faryodlari turmaning,

Yurakni chirmab borar

Zanjirlarning sadosi.

Sirpangancha koʻksida

Sovuq tigʻlar oʻrmalar,

Beton devorni boʻyar

Umidlarning vidosi.

 

Koʻzin ochsa sukunat

Timdalar yuragini,

Eshitmaydi dodingni

Dunyoning qulogʻi kar.

Xanjardek yorib borar

Xoʻrliklar soʻngagini,

Temir panjaralarning

Zulfi alamdan oʻkrar.

 

Xotiriga shu surat

Mixlab qoʻyilgan goʻyo,

Koʻzin yumsa yuragin

Eshitiladi dodi.

Xudo urgan turmaning

Shiftidan berar sado,

Bagʻri qon shu millatning

Qalbidagi faryodi.

 

Har kecha tushlarida

Uni azoblab qoʻymas,

Hushiga kelganida

Mushtlari tugiladi.

Qor koʻcha… Orziguli…

Qoʻlida bir poy etik –

Mashinaning ortidan

Dod solib yuguradi.

 

Tinch qoʻymaydi har kecha

Bu dahshatli manzara,

Ming bora, million bora

Uyqudan uygʻotadi.

Tirik oʻlgan boʻlardi…

Orzigulin xayoli

Oʻlimning soyasini

Dilidan aritadi.

Minglab intizor koʻzlar,

Boqardi intiq bu chogʻ,

Temir panjaralarning

Sovuq tirqishlaridan.

Bormi bu koʻngillarga

Yoqquvchi umid chirogʻ,

Olib chiqar kim xalqni

Istibdodning qaʼridan?

 

Hali uzoq edi mustaqillikka

 

Mahkum umidlarga

bosh qoʻyib uzoq,

Sobiq ittifoqning

turmalarida,

Hukm qilinganlar

besud, besoʻroq,

Xoʻrlik, haqoratdan

tirik bir murda.

 

Hali qatagʻonning

qattol qilichi

Oʻynar edi mazlum

xalqning boshida.

Hali manfur tuzum

qoʻli qon, kechib,

Gʻarq qilardi elni

koʻzin yoshiga.

 

Haqsizlikka qarshi chiqmoq –

bu tigʻga,

Koʻksin tutmoq makkor

nishonga, oʻqqa.

Hali qotillarning

kunlari tuqqan,

Hali uzoq edi

mustaqillikka.

 

Hali uzoq edi

mustaqillikka,

Bosh koʻtarar koʻngillarda

bir isyon.

Zulm tigʻi yetgan

edi suyakka,

Soʻngakkacha yetgan edi

qatagʻon.

Yuraklarni ezar

mahkumlar sasi,

Millat qachongacha

xoʻrlikka bandi?

Jasur xalqning

metin irodasi-la

Mushtipar oʻzbekning

shaʼni oqlandi.

 

Hali uzoq edi

mustaqillikka,

Ozodlikka chiqdi

tashna bu dillar.

Endi haqli umid,

orzu qilmakka –

Erkinlikni sogʻingan

bu koʻngillar.

 

Hali uzoq edi

mustaqillikka,

Ulugʻ bobolarning

ruhi qoʻlladi.

Choʻlpon, Fitrat ohi yetdi

falakka,

Nozil boʻldi Haqdan

hurlik yoʻllari.

 

Hali uzoq edi

mustaqillikka,

Mahkum edi yoʻllar,

xoʻrlangan, xoksor,

Xalqi uchun kirdi

kurashga tikka,

Botir yurtboshisi:

mard va xaloskor.

 

Hali uzoq edi

mustaqillikka,

Yorugʻ yoʻlga tushdi

koʻngillar sayron.

Hurlikning qaygʻusi

tushdi yurakka:

Mustaqillik tomon,

ozodlik tomon!

 

Oʻzbek modeli

 

Boʻm-boʻsh magazinlar,

boʻm-boʻsh peshtaxta

Va nonga navbatga

turgan olomon.

Qorin qaygʻusida

koʻzlari katta,

Kattaga aylangan

bolalar giryon.

 

Jarning yoqasida

turganday xuddi

Orzusiz, umidsiz

koʻngliday boʻm-boʻsh.

Gullamay qoʻygan

bu qalbiga endi

Qoʻnmoqqa hayrona

turar humoqush.

 

Yongʻin, oʻt-olovlar

iskanjasidan

Gʻanimlar sangidan

gangigan karvon

Ozodlik tufayli

qoldi-ku omon

Mustaqillik sabab

topdi iqbol, shon!

 

Borsa xatar, borsa

kelmas yoʻllarning

Jilovini burgan

saodat tomon –

Xalqning baxti,

buyuk iqboli uchun

Olloh ato etgan

donishmand sarbon.

 

Tutmadi hech kimning

etagin yurtim

Yoki qulluq qilib

oʻpmadi qoʻlin.

Faqat adolatning

dastidan tutdi,

Oʻziniki boʻldi

tanlagan yoʻli…

… Garchi ortda qoldi

dahshatli yillar,

Jahonshumul boʻldi

baxtu tolei!

Bugun dunyo, ne baxt,

yurtimga boʻylar,

Hayratga solmoqda

oʻzbek modeli.

 

“Buyuk ipak yoʻli”

karvonlarida

Ipakka dunyoni

chulgʻagan shu xalq.

Buyuk kashfiyoti,

xirmonlariga

Faqat tinchlik soʻzi

ayta olur sharh.

 

Ne ulugʻ moʻjiza,

dunyoga manzur,

Bunyodkorlik, yana

ijod unda jam.

Oʻzbek tafakkuri,

hikmati erur,

Xalqning irodasi

unda mujassam.

 

Tamaddunga iqbol

eshigin ochgan,

Dunyoni uygʻotgan

eng buyuk kitob.

Shu millat-ku axir,

ezgulik sochgan,

Aylangan oltinga

shu yurtda oftob.

 

Bugun buyuklikdan

oʻz kashfi bilan

Dunyoga gar oʻzbek

berar ekan dars.

Bu shaksiz, ozodlik

mevasi teran,

Buyuk yurtboshisi –

dono, mudarris…

 

Asrlarga tatigulik moʻjiza

 

Chorak asr avval,

hattoki, xayol,

Tushlarga kirganmi

bu choʻng moʻjiza?!

Oʻzbek qudratiga

bugun dunyo lol,

Asrlarga

tatigulik har lahza.

 

Misli ertak kabi

ochildi tilsim,

Qoyalar koʻksidan

sim-sim bir eshik.

Viqorga toʻladi

togʻlarning koʻksi,

Poyezd uchar endi

bulutlar oshib.

 

Uchadi Fargʻona,

Andijon tomon,

Bir manzil orzudir,

biri farogʻat.

Endi jannatkentga

aylanar dovon,

Toshlarga koʻchadi

koʻklam, tarovat.

 

Salkam olti asr

qaʼridan hazrat

Navoiyning ruhi

yordir tilakka.

Togʻlarning koʻksini

larzaga solib,

Endi uchqur poyezd

yoʻllanar tikka.

 

Osmonoʻpar togʻlar

uzra samoviy

Roʻyoga aylandi

orzu, afsona.

Baxtning chechagiga

toʻlar anvoyi,

Bogʻi Eram boʻlar

goʻzal Fargʻona.

Maqsad kutib olar

sizni manzilda,

Ozod, hur bekatlar

nomi ham orzu.

Koʻhna hasratlardan

dili ozurda

Togʻlarning bagʻridan

sirqiydi qaygʻu.

 

Toʻkilar alami,

ariydi dodi,

Asrlar armoni

togʻlar qaʼridan.

Otabekni chorlab

ulugʻ Qodiriy

Ruhi shod keladi

Margʻilon tomon.

 

Endi oshiqlarni

boʻzlatmas aslo,

Bu dovonning qahri,

qoru muzlari.

Ogʻu ichirmaydi

xiyonat, riyo,

Sogʻinchda yigʻlamas

gul Kumushlari.

 

Poyezd yoʻlga tushar

goʻzal Toshkentning

Salomini olib

Andijon tomon.

Ziyoratga kelar

jumlai olam,

Ziyoratgoh boʻlar

Namangon, Qoʻqon.

 

Purviqor togʻlarda

hayrat, hayajon,

Lolalar tutadi

dastalab shodon.

Poyandoz yozadi

ipak, atlasdan

Dunyolarni qutlab

qadim Margʻilon.

Gullagan vodiyga,

ajab hayratkim,

Ochildi yuksakda

oltin darvoza.

Yangi istiqbolga

bu ulugʻ xalqning

Toleiday yorqin,

koʻngliday toza.

 

Endi goʻzal vodiy

koʻrku jamolin

Shahar qishloqlarin

gullashini koʻr.

Jahon ayvonida

fayzu kamolin,

Endi dunyolarga

boʻylashini koʻr.

 

Asr moʻjizasi,

oʻzbek qudrati –

Millat tafakkuri

shahodati bu.

Mustaqillik bergan

oliy saodat,

Ozodlikning mangu

kafolati bu.

 

Temir relslar uzra

asriy armoni –

Behishtga eltganday

dillar orzusin,

Yoʻlga tushar umid,

maqsad karvoni,

Boʻlajak haqiqiy

baxtlar vodiysi.

 

Bu yoʻllar bir yoʻllar

boʻladi hali,

Qadamjo qiladi

jannat boʻstonni.

Yangi asrlarga

eltadi tole,

Toʻtiyo qiladi

Oʻzbekistonni.

 

Oʻzbek ishi degani mana bundoq boʻlibdi

 

Dunyo hayratda bu kun,

Shonu shavkatin koʻrib,

Istiqlol, hurlik sabab

Baxt-iqboli kulibdi.

Bashar tahsin aytmoqda

Koʻrku qudratin koʻrib:

“Oʻzbek ishi degani

Mana bundoq boʻlibdi!”

 

Kechagina yoʻq edi

Dunyo xaritasida,

Bugun jahon taniydi

Muzaffarlar safida,

Baxtlar mamlakati bu,

Ozod, obod, osuda:

“Oʻzbek ishi degani

Mana bundoq boʻlibdi!”

 

Ayyuhannos solganlar

Azasiga qilib toʻy,

Tomosha talablarning

Aqlin shoshirar bir oʻy,

Chorak asrda nega qodir

Endi koʻrib qoʻy:

“Oʻzbek ishi degani

Mana bundoq boʻlibdi!”

 

Bu ozodlik, sharofat

Koʻkdan tushmagani rost,

Haq yorlaqab, tolein

Xizr xushlagani rost,

Moʻjizakor modeli

Alloma oʻzbekka xos:

“Oʻzbek ishi degani

Mana bundoq boʻlibdi!”

 

Amir Temur jilovni

Burar ozod yurt tomon,

Ulugʻbek koʻk burjida

Koʻrsatur yoʻl baxt tomon,

Alloma bobolarga

Taʼzimda ahli jahon:

“Oʻzbek ishi degani

Mana bundoq boʻlibdi!”

Kim edi, ne kechmishi

Chorak asr narida,

Kishanlar sasi kelar

Asrlarning qaʼridan,

Dunyolarni uygʻotar

BMT minbaridan:

“Oʻzbek ishi degani

Mana bundoq boʻlibdi!”

 

Sheʼriyatda avliyo, pirlar

Chiqqan bu yurtdan,

Temuriy bahodirlar,

Sherlar chiqqan bu yurtdan,

Manglayiga qoʻndirdi

Humo qushni Yaratgan:

“Oʻzbek ishi degani

Mana bundoq boʻlibdi!”

 

Tandan jon ketsa ham ketmaydi erklar

 

Yuzing yorugʻmi, shu

Vatan oldida,

Bir gul ekdingmi, ayt,

Hur ayvoniga?

Ayt, qaysi yuz bilan

Borarmiz bir kun

Hazrat Navoiyning yoniga?

 

Axir umidimiz

Qoʻyganmiz qadab,

Jonimiz tikilgan

Shu hur bayroqqa.

Bormoq taqdir boʻlsin

Ruhimiz poklab,

Pir naqshbandiylar

Yotgan tuproqqa.

 

Toshlar gullab yotar

Tuproqni oʻpib,

Chechaklar ufurar

Baxtning boʻyini.

Hech yoʻqsa bir goʻzal

Aʼmoling bilan

Munavvar etdingmi

Maqsad yoʻlini?..

 

…Oʻzbekiston buyuk

Davlat boʻladi,

Hech kimdan kam emas

Va boʻlmagay kam!

Hali boʻyi bastin

Jahon koʻradi,

Ziyoratga kelar

Jumlai olam!

 

Oʻshal kunlar keldi

Ey, ona xalqim,

Buyuk kunlar keldi

Beshak, begumon!

Jahon ayvonida

Turibdi balqib,

Yurtimning bayrogʻi

Hilpirab shoyon!

 

Axir ruhimizga

Muhrlagan Haq –

Tandan jon ketsa ham

Ketmaydi erklar!

Dunyo ichra, toki,

Koʻrsatib tursin,

Buyuklik neligin

Ozod oʻzbeklar!

 

Yashnagaydir Vatan

Mangu va obod,

Yashaymiz el boʻlib

Ilohiy soʻzdek:

Abadiyat ichra

Buyuk va ozod –

Jahon ayvonidan

Boʻylaydi oʻzbek!

 

Xotima

 

Muborak boʻlsin, yurtim,

Sadarayhon boʻylaring,

Bugun dunyoga oʻktam,

Mardonavor boʻylading.

Oʻchmasin hech oloving,

Doshqozonda paloving,

Yarashur bugun bazm,

Bayramlaring, toʻylaring!

Qulluqlab turibman shod,

Muborak tonglaringni,

Dunyoga tinchlik soʻrab,

Uryotgan bonglaringni.

Yurakka chizsam, deyman,

Umidimni gullatgan,

Egik qaddim koʻtargan

Munavvar onlaringni!

 

Qulluqlab turib masrur,

Koʻzimga kelmas uyqu,

Dunyoga boʻylab magʻrur,

Dilda yoʻq oʻkinch tuygʻu.

Asramoq kerak faqat

Bu ozod sarhadlarni,

Asrasin Vatan degan,

Muqaddas, ozod qaygʻu!

 

Qulluqlab turibman shod,

Eshitar jahon soʻzim.

Oʻzbekman, desam, dunyo

Poyimga qilar taʼzim.

Baland boʻlsin parvozing,

Yurakdagi sarlochin,

Olamni tutsin, deyman,

Dildagi sarafrozim!

 

Chorak asr lahzamas

Mangulikning oldida,

Ozodlikka yetgan xalq

Buyuklikka qodir-da.

Hurlik meʼmori qolgay,

Xalqning qarori qolgay,

Mustaqillik qolgaydir

Abadiyat yodida…

 

* * *

 

Subhi sodiq Vatan, deb uygʻon,

Xalqim, deya ochgil koʻzingni!

Va koʻksingda hilpirab turgan

Erk tugʻiga bosgil yuzingni!

 

Enaxon SIDDIQOVA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–9

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.