Oyning oydin yogʻdularida

0
222
marta koʻrilgan.

Yurganmisan…

 

Yurganmisan, ayt, suv yoqalab,

Oyning oydin yogʻdularida?

Egatlarning boshini tarab,

Yotganmisan maysa bagʻrida?

 

Bilarmisan yulduzlar – tanga?

Tingladingmi yaproq tovushin.

Botganida tuproqqa, changga,

Kiyganmisan qoqib kovushing?

 

Ichganmisan namxush havodan,

Dimogʻingni toʻldirib, toʻyib?

Titrab-titrab yengil sabodan,

Ketganmisan dunyoni suyib?

 

Ketmon chertib kuylaganmisan?

Yopganmisan ustingga beda?

Shirin-shirin oʻylaganmisan,

U haqida, oʻsha haqida?..

 

 

* * *

 

Betxovendan olar andaza

Supurgining siniq ohangi.

Yuragimdek ochiq deraza,

Darpardada shamollar jangi.

 

Oqaverar ariq jimirlab,

Tolnovdalar mastdir kuyiga.

Derazaga bosishadi lab

Tuvakgullar yetib boʻyiga.

 

Sheʼr yozaman kechalar joʻshib,

Koʻzlarimda kechadi tunlar.

Derazadan taralar qoʻshiq –

“Sumbula”yu “Beqasam toʻnlar”.

 

Derazada mangulik chiroy,

Derazaga urilar qushlar.

Derazadan moʻralagan Oy –

Uy supurar sochini ushlab…

 

 

Lift

 

Chaqirsang darrov keladi,

Bagʻriga oladi seni ham,

Doʻstlaringni ham.

Xohla, bagʻrini oʻy,

Xohla, tepkila,

Bajaraveradi xizmatingni beminnat,

Qishloq bolasiday sodda,

Qishloq bolasiday bagʻrikeng,

Shaharga qamalib qolgan bechora…

 

 

Soʻz ekan

 

Yozdim bayot – soʻz ekan,

Jami hayot – soʻz ekan.

Goʻzal pari – soʻz ekan,

Bildim bari – soʻz ekan.

 

Yelvizak-ay bir mayin,

Yelpib oʻtar yuzimni.

Yumganimcha koʻzimni,

Senga sheʼrlar aytayin.

 

Muhabbatga kim doir,

Yulduz koʻkda chegadir.

Ishqdan kuyganki – shoir

Maqomiga egadir.

 

Yonib turay, kul boʻlmay,

Bandasiga qul boʻlmay.

Har lahzasan, har onsan,

Tangrim, oʻzing sultonsan!

 

Quloq solgil nolamga,

Soʻzlar qoʻshgil jolamga,

Soʻzlar bergil bolamga,

Soʻzlar bersin olamga…

 

 

Bogʻ ichida…

 

Bogʻ ichida,

Daraxt tagida

Unutilgan qandaydir kitob.

Ochiq yotar,

Yotar behuda.

Harflarini emadi oftob,

Varaqlarin varaqlar shamol,

Oʻz-oʻzini oʻqiydi kitob…

 

 

Tong. Aravada…

 

Tong.

Aravada quyoshni sudrab

kelyapti oʻtin ortgan chol.

 

Qorning ohanglarini

kuylar qadami.

 

Quyosh cholning yelkasiga

mingashdi.

 

 

Talpinaman…

 

Talpinaman,

Adogʻing yoʻq –

Koʻkka tutashgan.

 

Bu dunyoda tengsizim,

O, koʻzlari dengizim –

Sohilda qoldim yolgʻiz qamishday…

 

Shamollar uvillar.

Ishq ulgʻaygan sari

Borayapti ichim huvillab…

 

 

Boʻm-boʻsh halinchak…

 

Boʻm-boʻsh halinchak

yongʻoq daraxtining boʻyniga osilib

tushgisi kelmaydi yerga.

 

Sollanadi shamol qoʻllarida

Boʻm-boʻsh halinchak.

Yaqinlashtirar koʻzlarimga seni.

 

Boʻm-boʻsh halinchak.

Bizni olib ketolmadi osmonlarga.

 

Jin chalgan yongʻoq daraxti qiqirlayapti

baxtdan entikib…

 

 

Talant Bek

 

“Yoshlik”, 2017–1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.