Oydan keldi yuragimga tovushlar

0
156
marta koʻrilgan.

***

(Sh. ga)

 

Omonmisan, ey yarim koʻngil,

Oʻzing, soyang, tovushing bormi?

Koʻngil, koʻngil, jimgina koʻngil,

Yoningdaman, koʻnglimning yarmi.

 

Ota ketsa choʻkar ekan togʻ,

Onang oʻtsa qurir mangu bogʻ,

Oy – koʻksingga botib ketgan dogʻ,

Koʻngil, boshqa ilojing bormi?

 

Taqdir qoʻlin qayirgan, ey gul,

Chamanidan ayrilgan bulbul,

Parishondir – sochlaring sumbul,

Oq qoʻnmishmi yo qirov, qormi?

 

Buxorodan Toshkantgacha yoʻl,

Har qadamda yogʻib oʻtgan doʻl,

Endi qanday chidarsan, ayt, boʻl,

Aytarsan-u… hojati bormi?

 

***

97*, umrim oʻtib ketdi senda,

97–hayotimni olgan kema.

Birga borib, birga qaytib kelayapman.

Sen toʻxtama, yoʻl, tugama… sezib qolma.

 

97, buzilma sen, oʻzgarma yoʻl,

Ey, kattalar! Har kun ish deb hukm qiling.

Ey, tumovlar, ey taʼtillar, tasodiflar,

Yoʻlovchining hayotiga rahm qiling!

 

97, qoʻshiq aytma, sekin yurgin,

Bilsang yoʻling – menga har kuni Puli Sirot.

Har bir odam bu olamga bir xabardir,

Borligimni unga aytma, qalbin uygʻot.

 

Uygʻot uning koʻzlarining qorasini,

Gʻijirlama, shivirlagin joning chiqqur.

Qiyomatgoh – qoshlarining orasini

Oʻtguningcha cenu mening jonim chiqur.

 

97, manov bekat buncha baxtli,

Boʻsh bekatday hayotimni toʻldirasan.

Axir senda koʻzlarining soʻzlari bor,

KIMni oʻrtab NIMAlarni kuldirasan.

Nafasi bor, izlarining izlari bor,

97, bir kun meni oʻldirasan.

 

*97–avtobus raqami

 

Dil kechasi

(O. Toshboevga)

 

Oydan keldi yuragimga tovushlar,

Boʻy qizlardek titrab ketdi qamishlar.

Bir kechada kul qoldirmay yondim men,

Koʻnolmadim, hech boʻlmadi qonishlar.

Qabogʻimdan sizgani yoʻq yoshlar-yey,

Boysuntogʻdan yumaladi toshlar-yey.

 

Magʻrur togʻlar bu dam nedan xomushlar,

Zerikkanday, toriqqanday turishlar.

Bolalikni qay gazaga koʻmgandik,

Eslasangiz, bir koʻrsating, tanishlar.

Bir gardini surtay koʻzu qoshlar-yey,

Boysuntogʻdan yumaladi toshlar-yey.

 

Shom qavarib, tong boʻzargan pallalar

Koʻkibiyda chayqalardi dalalar.

Tugʻdonaning shoxida bir belanchak,

Sogʻinch meni uyqu bermay allalar.

Qaytmaydimi shoxdan uchgan qushlar-yey,

Boysuntogʻdan yumaladi toshlar-yey.

 

Daralarda ozod, qulun kunlarim,

Oyni otga taqa qilgan tunlarim

Qani? Ayting, tushuntiring, yupating,

Ogʻalarim, joʻralar, inilarim.

Taqalangan otman – xomush boshlar-yey,

Koʻkragimda gursillaydi toshlar-yey.

 

Alpning hidin olib boʻzlar Boychibor,

Bir otchalik koʻngling yoʻqmi ey, shunqor?

Dunyosini bir kissamga joylayman,

Yuragimda mening shunday shavqim bor.

Qoʻmsab turing dilni, dunyodoshlar-yey,

Boysuntogʻdan yumaladi toshlar-yey.

 

***

Ketayapsiz, men ham ketyapman,

Oʻrtamizdan oʻtolmas sabo.

Zulfingizni xayolday eshar

Martning koʻksin toʻldirgan havo.

 

Ketayapsiz, men ham ketyapman,

Jon boricha koʻkarar yashil.

Daraxtlarning uchlari bilan

Shivirlashib quvonar fasl.

 

Siz faslga kirasiz, fasl

Kirib kelar olamga yonib.

Qaldirgʻochday vijirlar toshlar

Yoʻl chetiga qushlarday qoʻnib.

 

“Ey, Gul, qaydan va qanday qilib

Buncha latif, buncha sirlisiz?”

Soʻralmasdan oʻlar savollar,

Ham quyoshli, ham yomgʻirlisiz.

 

Bunday ozod, ixtiyorlisiz,

Bunday titrab olasiz nafas.

Barmogʻingiz bir qoʻshiq boshlar,

Barmoqlarim eslab qololmas.

 

Vujudimga chopar bir shovqin,

Tuygʻu selday koʻpirar qonda.

Koʻkragimga Tangri osgan qulf,

Kalitlari sizda ekan-da.

 

Bunday boqmang, nigohlaringiz

Hayotimni besas qamchilar.

Yelkangizga qoʻnmoqlik uchun

Koʻkdan tushmay turar tomchilar.

 

Ketayapsiz, men ham ketyapman,

Shamol erka, koʻzlar beqaror.

Koʻngil kabi tozargan yoʻlda

Ikkalamiz. Muhabbat. Bahor.

 

Shodmonqul SALOM

 

“Yoshlik”, 2016 yil 6-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.