«Oʻtlugʻ figʻonim oʻtmish avji falakdin»

0
129
marta koʻrilgan.

* * *

 

Ne goʻzalsenkim, quyoshda yoʻq jamoling ziynati,

Orazingdin partavidur, bil, quyoshning talʼati.

 

Yoʻq qadingdek sarvi raʼnoyi jahon boʻstonida,

Balki qadding soyasidur sarv raʼno qomati.

 

Oʻt tushub koʻnglum aro koʻrgach jamoling shuʼlasin,

Tun kuyar yangligʻ tanim qizdurdi oning hirqati.

 

Zaxmlar soldi mijang novaklari koʻnglim aro,

Koʻrki qon oqgʻon nishonidur sirishkim humrati.

 

Qoshlaring koʻrgach tarab yuzlandi mahzun koʻngluma,

Iyd mushtoqini shod aylar yangi oy roʻyati.

 

Lablaringdin gar zuloli yetsa oʻlgʻon jon topar,

Kim koʻribdur oqgʻanin yoqutdin jon sharbati.

 

Yuz ochib, ulfat tutib, vaslingga mahram qil meni,

Kim munosibdur basi gul birla bulbul suhbati.

 

Chehrai zardim sarigʻliq ulcha imkon jazb etar,

Oncha bilmaski, chekarda qahrabo xosiyati.

 

Jilva qilgʻoch qomating, bogʻ ichra xam boʻldi nihol,

Rasmdur taʼzimkim boʻlgʻay biyiklar izzati.

 

Ne boʻlur, Munisgʻa vasling birla bersang toza ruh,

Kim ani oʻlturgali yetmish firoqing shiddati.

 

* * *

 

Ruhparvar laʼlinga ruhi ravonimdur fido,

Jonfido shirin soʻzinggʻa xasta jonimdir fido.

 

Vahki, gʻamzang xayli taroj ayladi boru yoʻqim,

Eyki, qoshu koʻzlaringgʻa xonumonimdur fido.

 

Zulfi mushkining kamandigʻa erur koʻnglum asir,

Chashmi bemoringgʻa joni notavonimdur fido.

 

Hayf erur elga nihonu oshkoro shafqating,

Eyki, sanga oshkorovu nihonimdur fido.

 

Muncha hijron shiddatin qilmoq manga roʻzi nedur,

Lahzai vaslinggʻa umri jovidonimdur fido.

 

Dardi ishqinggʻa erur ham javhari jonim nisor,

Ham yoʻlinggʻa koʻngul otligʻ boʻstonimdur fido.

 

Nega Munis sori kelmassen xumori noz ila

Qaddi xush raftoringga nazmi ravonimdur fido.

 

* * *

 

Koʻz yoruttim to jamoling shamʼidin, ey rashki moh,

Har kecha parvonadek oʻrtarmen oʻzni tortib oh.

 

Kirmamish ham koʻchai ishq ichra men yangligʻ kishi,

Kelmamish ham kishvari husn ichra sendek podshoh.

 

Vah, nechuk oyina erkondur musaffo orazing,

Kim nishast etmak anga mumkin emas gardi nigoh.

 

Toza-toza qil muqayyad, ey pari, el koʻnglini,

Halqa-halqa anbarin zulfingni ochgʻil goh-goh.

 

Xoʻrdabinlar koʻp taraddud qildi ogʻzingdin nishon,

Chunki, maʼlum erdi oxir salb boʻldi ishtiboh.

 

Husn mulki shohlari kiymish edi toju gʻurur,

Sen zuhur etgach alar yengildilar, ey kajkuloh.

 

Ne ajab, kuysa vujudim ishq oʻtidinkim, erur

Bu biri barqi jahonsoʻz, ul biri ojiz giyoh.

 

Baʼzi el der, dilbarimizdin vafo koʻrdik, ani

Bovar etmon gar toniqliq bersalar yuz ming guvoh.

 

Rahm qil, Munisgʻa bori dahr eli holin koʻrub,

Kim muning jonkoh ohidin alar bordur taboh.

* * *

 

Qomatingni gulshan ichra to xiromon aylading,

Sarvni po dar gilu qumrini nolon aylading.

 

Yuz ochib chun aylading husning bahorin fayz baxsh,

Gʻam xazon etgan koʻngullarni guliston aylading.

 

Laʼlu gavhar bahru kon ichra yoshundi sharmdin,

Laʼli serobingni, tokim, gavhar afshon aylading.

 

Chehra ochding shuʼlai shavqingga jonim oʻrtading,

Zulf tarqatding, hazin koʻnglum parishon aylading.

 

Jamʼ qilding davrima yuz navʼ gʻam ishqing aro

Yo qoshingdin chekdingu jonimni qurbon aylading.

 

Ne payomi birla qilding yodini vasl ichra shod,

Munisingni to asiri dardi hijron aylading.

 

* * *

 

Olam menga tomugʻdur, ey gul uzor, sensiz,

Solmas koʻngulgʻa fayzi sayri bahor sensiz.

 

Bogʻ ichra gullar oʻtdur oʻrtargʻa joni zorim,

Bas, men nechuk qilurmen, sayr ixtiyor sensiz.

 

Dasht ichra gar uloqsam, gʻamdin ajab emaskim,

Qilmish meni firoqing devonavor sensiz.

 

Rahm aylagil mangakim, to uzding oshnoligʻ,

Ne baxt yovarimdur, ne roʻzgʻor sensiz.

 

Husning quyoshi, jono, qilgʻaymu yona ravshan,

Kim tiyradur chekardin koʻz intizor sensiz.

 

Yuz dardu gʻam boshimda ming kulfatu alam ham,

Lekin koʻnguldagʻi oʻt yuz oncha bor sensiz.

 

Mehri munirdek yet boshim uza ochib yuz,

Kim menda zarra yangligʻ yoʻqdur qaror sensiz.

 

Jono, vafovu ahding bilmonki, qayda bordur,

Ammo, vafoda bormen, men ustuvor sensiz.

 

Oʻtlugʻ figʻonim oʻtmish avji falakdin, ey moh,

Anjum durur sochilgʻon andin sharor sensiz.

 

Nolam unigʻa rahm et, ashkimdin aylagil vahm,

Bukim ikov jahonda qoʻymas mador sensiz.

 

Munis firoqing ichra bekas qolibdur andoq,

Kim dardu gʻamdin oʻzga yoʻq gʻamgusor sensiz.

 

* * *

 

Nigoro, gʻaming ichra holimgʻa rahm et,

Firoqingda yetgan malolimgʻa rahm et.

 

Tilab iltifotingni qon yigʻlaram koʻp,

Qilib iltifot ashki olimgʻa rahm et.

 

Hilol oʻldi qaddim firoqing gʻamidin,

Yuzi oftobim, hilolimgʻa rahm et.

 

Gʻamingdin topar mehri umrim zavoli,

Kamoli karamdin zavolimgʻa rahm et.

 

Savol aylaram yuz qoʻyub yerga lutfing,

Solib ajzima koʻz, savolimgʻa rahm et.

 

Firoqingda yolgʻiz chekarmen figʻon koʻp,

Boʻlub Munisim boʻyla holimgʻa rahm et.

 

* * *

 

Gʻunchalar ochildiyu koʻnglum ochilmaydur hanuz,

Bulbul oso xotirim gul mayli qilmaydur hanuz.

 

Zaʼf aro ushshoqgʻa ibrat boʻlibman, ohkim,

Koʻzga ahvoli nizorim yor ilmaydur hanuz.

 

Vaʼdai vasl aylab erdi, ayladi taʼxir koʻp,

Yo ibo qildiyu yo yodigʻa kelmaydur hanuz.

 

Pesha aylab charx zoli tinmayin tun-kun dami

Dilbarimcha javr oyinini bilmaydur hanuz.

 

Yerni ashkim gʻarq etib, zoʻr etti ohim sarsari,

Nedin erkandur falak toqi yiqilmaydur hanuz.

 

Yuz nadomat birla emdi oʻzni oʻltursam, ne tong,

Sajda qilmoqliqgʻa boshim bir egilmaydur hanuz.

 

Ixtiyor etsa agar Munis yana sargashtalik,

Pand qilmangkim, jununidin oyilmaydur hanuz.

 

Munis XORAZMIY

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–9

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.