Oqshom tevarakni yashirgan edi

0
192
marta koʻrilgan.

JIYDA ShOXIDAGI PARILAR

 

Qorongʻi kecha edi

Oqshom tevarakni yashirgan edi

Non jiyda yonidan oʻtib borayotgan edim

 

Yoqimli shivirlarni eshitdim

Qaradim tepaga bir jiyda shoxlarini

Koʻrdim eshitdim koʻrdim eshitdim

Badanimni yuzlab asalarilar talagan kabi boʻldi

Asalarilar bir shirin chaqmoqda edilar

Tubsiz osmonda tomir

Yoydi chaqmoq

 

Qarasam koʻzlari moviy balki yashil

balki bol ranggida

Parilar oʻtiribdi shoxlarda

sochlari tillo balki zumrad

Tusi ila yonmish tush koʻrdimmi yo debman

Bir gal tosh ichidan oqqan shunday buloqni

Koʻrgan edim shu esimga tushdi

Bir shirin shirin

Esladim

Kuldim

Yigʻladim

Ichimda

Tinch

Oh

 

Qorongʻi kecha edi

Oqshom tevarakni yashirgan edi

Non jiyda yonidan oʻtib borayotgan edim

 

Tunni chayqatib bir ohista kulmakda edi jiyda

Parilarning qoʻli qirmizi sochi tillo ovozi kumush

Ranglar boshimni bir aylantirdilar

 

Ey odam dedi bir pari nechun

Umring yigʻiga chulgʻanmish

Yashash istarsen yashab bilmassen

Kulsang biz kabi bir ozod kul

Boʻsa bilganing zaqqumdan achchiq

Kel beri sen jin kabi kel

 

Qorongʻi kecha edi

Oqshom tevarakni yashirgan edi

Non jiyda yonidan oʻtib borayotgan edim

 

Tepaga boqdim dum-dumaloq

yoqutlar raqsini koʻrdim

Tepaga boqdim yoqutlar orasida

shar singari oltinlarni koʻrdim

Togʻlarni koʻrdim soʻqmoqlarni koʻrdim

Yollarini titratib xirqirayotgan

arslonlarni koʻrdim

Qah qahaga toyinib yiqildim men

Turdim soyalarim yana yiqildi

Bir kaft

Ustida

Yurib

Borayotgan

Kabi

Boʻldim

 

Non jiyda yonidan oʻtib borayotgan edim

Oqshom tevarakni yashirgan edi

Qorongʻi kecha edi

 

Jiyda kecha oqshom

Oq

Shom

Sham

 

TUT

 

Kovagiga chumchuq uya solgan ey

qishlogʻimizdagi tut seni sogʻindim

xon qizi gavhar munchoqdek shippa

yopishgan yantoq koʻrgim keladi seni

men yer hidini sogʻindim loy

oʻyinchoqlarimiz turpoq emish hanuz

boʻjilari ila qoʻrqitgan dala tuzlarimiz qani

uyalibdimi mendan kichraymish kulba

nos ranggidagi qovoqlar tovlanmish

suvlar oqayotganmish

bir yigʻi kabi

semiz oʻt doʻmboq qiz kabi erkalanib yotmish

mol tezagi turtib uygʻotdi allanimalarni

balki ishonmassan ter hidi esimdadir

ishqdan menga saboq bergan qizaloq

unutarmidim men qatiq isini

Odam tilida gapirsang boʻlmaydimi axir

dermish olifta bitiklarini oʻqigan chol

Tut esa tushimda balki oʻngimda

momomning beparvoligi ila

chumchuqlarini chirqiratib men tarafga kelayotganmish

jodugar kovushi yangligʻ tomirlarini

birma-bir bosib

OVOZ Shamol Shamol bolang quduqqa yiqildi

Ketiga tezak tiqildi

Tez kel olib momoqaldirogʻingni

 

SUV MINORASI

 

Nurni ushlamoq istarsan tutmoq istarsan

junun vodiysiga xat tashirlar qushlar ham

koʻzingdan sochilgan shuʼla aqlimni barbod qildi

barcha nurlar qochdilar

kamalakka doʻndilar

oʻq yoy boʻlur qoʻlingda

jonim nishon kamonga

tunmi bu boshqa tus yoʻq yo sochmi

chulgʻansin jismim noz bilan ishva bilan

bir koʻtarilar bir tushar bir mavjlanar

yiltiroq ashyolar oʻgʻirlarmi xayolimni

oqqan kabi boʻlaman balki daryodirman

uchgan kabi boʻlaman oydirman balki

eshitmay gapirayotgan sen ekaningni sezdim

olovga nega yongani qoʻymaysan

shamol koʻylaklaring shitiridadir

imlolarni paypaslab oʻqimoqdaman

faraz qilki koʻzing jodusi ila kuygan bagʻrim kabi

barmoqlarim yonmoqda choʻgʻ boʻlmoqda birin ketin

adashdim Suv minorasiga qarab turibman

Kamalak oʻlkasiga kapalak boʻlib uchaymi

tomchi zarbi yangligʻ tovush meni uygʻotgali keldi

uyqu aro uygʻonganimni hech kimsa bilmas

 

Bahrom ROʻZIMUHAMMAD

 

“Yoshlik”, 2014 yil 10-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.