Oppoq tongning nafasi

0
75
marta koʻrilgan.

DASHT

 

Dashtda sabza barq urdi,

Qaldirgʻochlar charx urdi.

Soy suvlari shovullar,

Qizgʻaldoqlar lovullar.

Oppoq tongning nafasi,

Toʻrgʻayning nozli sasi,

Oh, naqadar gashtlidir,

Men qoʻmsagan dasht shudir.

 

SOVGʻA

 

Bir, ikki, uch moma,

Bizga topil, chuchmoma.

Chaqmoqning nayzasini,

Adirning maysasini,

Ismaloqning isini,

Qizgʻaldoqning qizini

Bizga sovgʻa qil, bahor,

Bagʻri toʻla gul bahor!

 

DIL IZHORI

 

Unda shudring aksi bor,

Qizgʻaldoqlar raqsi bor.

Shoʻx bulbullar xonishi,

Yosh koʻngillar yonishi,

Atirgulning yaprogʻi,

Ona-zamin tuprogʻi,

Zar quyosh bogʻichi bor,

Yosh yurak sogʻinchi bor!

 

QOR HAVOSI

 

Qor havosi ufurar,

Shamollar yer supurar.

Oʻtib ketmish mezonlar,

Uchar soʻnggi xazonlar.

Tussiz bogʻu biyobon,

Boʻm-boʻsh koʻcha, xiyobon.

Osmon xira va rangsiz,

Bosib kelar qish jangsiz.

 

QUSHLAR BOGʻCHASI

 

Chumchuq, Toʻrgʻay, Popishak,

Ildam-ildam chopishsak.

Koʻklam sozin cholaylik,

Bogʻchaga yoʻl olaylik.

Unda bogʻcha opamiz,

Kutar Zagʻcha opamiz!

 

AYOZ

 

Qoyil qoldim Fayozga,

Parvo qilmas ayozga.

Menchi, qishga yoʻqroqman,

Bahor, yozga oʻchroqman.

Fayozga sovuq yoqar,

Meningchi, burnim oqar.

 

BULUTVOYNING SIGIRI

 

Osmon qildi noz-firoq,

Boʻldi momaqaldiroq.

Chaqin chaqdi qarsillab,

Bulut chopdi harsillab.

Sigirini noʻxtalay,

Sogʻa ketdi toʻxtamay!

 

QUYOSH TAFTI

 

Sokin sahar pallada,

Tong uygʻonar dalada.

Ufq yuzi ollanar,

Tong chehrasi sollanar.

Quyosh ochib kaftini,

Bizga sochar taftini.

 

Nurulloh OSTON

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–5

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.