“Onangni sevgin, deb oʻrgatmoq gʻalat…”

0
287
marta koʻrilgan.

Onangni sevgin, deb oʻrgatmoq gʻalat,

Xoin qalb shu soʻzdan oʻnglanarmidi?

Sut bilan kirmagan boʻlsa muhabbat,

Nomusni bilarmi, toʻlgʻanarmidi?

Jonidan jon olib, qirqib umrini,

Husnini oʻgʻirlab qochguchi bola

Koshki bir onaning boʻlsaykan shoʻri…

U hammaning shoʻri, hammaga balo.

Novvot ichidagi ipmidi ona,

Shimib-shimib tuflab tashlasang loqayd.

Qalb emas, hattoki darz tushar toshga,

Uning koʻzlariga oʻkinch qoʻngan payt.

Onangni sevgin, deb oʻrgatmoq gʻalat,

Andisha soladi tanamga titroq.

Odam tugʻilishining oʻzi muhabbat –

Boʻlsa-yu, yuqmasa bu unga biroq –

Farzand atalarmi, derlarmi inson,

Soyalar kirarmi hech qachon safga.

Sevgisiz vujudda ne qilsin vijdon,

Bular arzimaydi nasihat, gapga.

 

Saida ZUNNUNOVA

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.