Onamga

1
166
marta koʻrilgan.

Menga butun umrin baxsh etib shundogʻ,

“Besh kunligim qoldi”, deydigan onam,

Sizni qandogʻ rozi qilaman, qandogʻ?

Nahot, “besh kunlik”dir endi imkonim?!.

Nima qilolaman bu imkon bilan,

Nima qilolmayman, menga ayonmas.

Shuur osmonimda siz orzu qilgan

Yulduzlar porlamas, koʻngil quvonmas.

Andijon, degani bir charchashlik joy,

Yoʻlkira ham, axir, boʻlardi qancha.

Sogʻinch yoshlaringiz toʻkdim necha oy,

Necha oy oʻrtandim fursat topguncha.

Siz uchun bir muddat yashamay turib,

Oʻgʻlim uchun yashay boshladim, nahot,

Issiq bagʻringizdan yulib-sugʻurib,

Olib ketdi meni bezovta hayot.

Tinim bermas endi oʻlgunimcha to,

Sovurar yoshligim, salomatligim.

Oʻylab ham koʻrmabman olamda hatto,

Hatto onalar ham omonatligin.

Makkai Madinam, endi kuysangiz,

Oʻzingizga kuying, menga emas, yoʻq,

Menga: qancha uzoq umr koʻrsangiz,

Sizdan shuncha karam, shuncha koʻngil toʻq.

Men sizdan qarzdor keturman abad,

Farzandlik – qiyomat qarzdorlik-ku, bu.

“Besh kunlik” imkonni sarf etmoq – niyat,

“Besh kunlik” imkonni yashamoq – orzu.

 

Shukur QURBON

1 mulohaza

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.