Onamga xat

1
1719
marta ko‘rilgan.

Eshitdim, onajon, xafa emishsan,

Kechir, oylab senga yozolmadim xat.

Garchi muhabbatdan tilardim ehson,

Yorug‘ kunlarimga bo‘lgandim ilhaq.

 

Yuzimga nafasing urilar iliq,

Ajib yorug‘likka to‘lmoqda xona.

Suratim qoshida duolar qilib

Tag‘in yig‘ladingmi, mushtipar ona?

 

O‘sha gap, sevganim shu aziz Vatan,

Bu qadar tashvishlar yutmagil, bag‘rim,

O‘ksuk otam kabi hali ham zotan,

Qalqinib-qalqinib turibdi shahrim.

 

Bilaman… sirni boy berishlik yomon,

O‘g‘lingga bu yo‘lda bardoshlar tila.

Ba’zan topganimni ichib qo‘yaman

Sirni boy bermasdan ulfatlar ila.

 

Biroq eh, bilmayman, go‘yoki zimdan,

Kimdir ta’qib etar meni beomon.

Qandaydir bir kimsa balki haqimda

Xunuk latifalar to‘qiydi, yolg‘on…

 

Ona, kuylanmagan bir kuy istayman

Va lekin aldog‘chi hislar olur jon.

Ehtimol, qalamni bekor qistayman,

Netayin, rostini aytgil, onajon.

 

Yashil daraxtzorni yechintirar kuz,

Poyimda bahorning alvido uni.

Beparvo yoshlikni ilg‘amaydi ko‘z,

Qaylardan axtaray, onajon, uni.

 

Bilurman… yo‘limda g‘ichirlar toshlar,

Za’faron kuz yanglig‘ xayolim taqir.

Shaharning g‘avg‘oli tinchini tashlab,

Uzoq vaqt yoningga bormadim axir.

 

Eshitdim, onajon, xafa emishsan,

Kechir, oylab senga yozolmadim xat.

Garchi muhabbatdan tilardim ehson,

Yorug‘ kunlarimga bo‘lgandim ilhaq.

 

Baxtsizlikka o‘xshab ketar bu holim,

Sensiz baxtsizlikka o‘xshaydi qismat,

Sensiz yorishmasdi mening xayolim,

Dunyoning laqabi bo‘lurdi hasrat.

 

Rauf PARFI

1 mulohaza

  1. Bu kanal menga juda yoqdi. Chunki har bir inson o’z onajonisini jonidan ortiq ko’radi. Ona uchun jonini berishga tayyor!
    Sizlarga esa ishinglar uchun omad!!!

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.