Onamga marsiyalar

1
1066
marta koʻrilgan.

1

 

Bu kun koʻrlikmidi yo gʻaflatdimi,

Nechun bilmay qoldim, yo ofatdimi,

Haq bizga atagan bir kulfatmidi,

Oh, sizdan ayrilib qoldik, onajon!

 

Jonimda bir nima uzilib ketdi,

Yuragim qon boʻlib ezilib ketdi,

Koʻz oʻngimda olam buzilib ketdi,

Oh, sizdan ayrilib qoldik, onajon!

 

Jon olgani kepti Azroil, evoh…

Bizlarni gʻamdan hech etmabsiz ogoh?

Dardingiz togʻ ekan, demabsiz bir oh,

Oh, sizdan ayrilib qoldik, onajon!

 

Koʻz uzsam, egilib kelib qoshimga,

Kuldingiz koʻzimdan oqqan yoshimga…

Koʻz ochsam, topmadim yana qarshimda,

Oh, sizdan ayrilib qoldik, onajon!

 

Dod deb uygʻonarman tunlari birdan,

Jonimda bir zarra qolmay sabrdan,

Yonma-yon joy olgim kelar qabrdan,

Oh, sizdan ayrilib qoldik, onajon!

 

Nechun soʻzlaringiz durga bitmadim,

Nechun bir opichib hajga eltmadim.

Nechun sizdan oldin goʻrga yotmadim,

Oh, sizdan ayrilib qoldik, onajon!

 

Toʻymi, aza – yaxshi-yomon kunimda,

Kim turadi endi mening yonimda?

Kim yupanch beradi qiynalganimda?

Oh, sizdan ayrilib qoldik, onajon!

 

Ajalning dastidan qoraydi yuzim,

Olloh, yuragimga Oʻzing ber toʻzim.

Jannatingga qoʻygin onamni, Izim,

Joyingiz jannatda boʻlsin, onajon!

 

2

 

Siz uchib ketdingiz qaysi dunyoga,

Nechun yerga qoldim yolQiz, onajon.

Soʻzlaringiz istab boqsam samoga,

Butun olam jimjit sassiz, onajon.

 

Nega oʻz vaqtinda anglay bilmadim,

Armonli dunyoda qoldim, onajon.

Dardingizni payqab tinglay bilmadim,

Sogʻinib injinib toldim, onajon.

 

Kamida toʻqsonga kirasiz devdim,

Olamda gurkirab yurasiz devdim,

Nevara toʻylarin qurasiz, devdim,

Men kimga ishona qoldim, onajon.

 

Menga qatʼiy-qatʼiy soʻylab hakimlar,

Kuchli deyishgandi yuragingizni.

Devdimki gapirar oʻylab hakimlar,

Baquvvat degandim bilagingizni.

 

Siz bevaqt uchdingiz qay bir dunyoga,

Siz-la ketgan qushlar qaytdi, onajon.

Siz nechun qoldingiz qay bir dunyoda,

Olloh soʻnggi gapni aytdi, onajon.

 

Oppoq sochlaringiz oppoq ipaklar,

Behi yuzlaringiz, kipriklaringiz…

Oq roʻmol, sajjoda batis koʻylaklar

Daftarlarda qolgan bitiklaringiz…

 

Koʻngillarda naqshin nafis tabassum,

Ingichka ingichka soʻzlar oʻgitlar…

Yigʻinlarda barin eslashar har zum,

Zotingizdan chiqqan qizlar, yigitlar.

 

Siz ketgan yoqlardan bizga xabar yoʻq,

Ammo siz bizlarda yashaysiz hamon.

Sizning oxiratdan mening koʻnglim toʻq

Joyingiz jannatda boʻlgay, onajon.

 

Miraziz AʼZAM

1 mulohaza

  1. Assalom aleykum bu mening onam korsatuvi ijotkorlari bu mening onam korsatuviga onajonimni olip chiqishni juda hohlardi ammo qanday xat yozishni bilmasdim ,Mana qidirip va nixoyat toptim shu korsatuvga onajonimni olip chiqishga yordam beringla

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.