Oq sochlari oppoq tun uning,
Umri halol ishqqa bayroqdir.
Oh, yuzlari dunyoi dunning
Goʻzalidan chiroyliroqdir.
(Boʻlolmadim hassasichalik),
Otam dardin koʻtargan mohim,
Ushoqqina onam koʻngliga
Bir hovuch nur bergil, ilohim!
Oʻzi potrab chiqqan chashmaday
Yoningizdan oqdim-u, ketdim.
Oʻzgalarga daryo tutdim-u,
Oh, onam-a, sizni unutdim.
Qaldirgʻochlar mendan yaxshiroq,
Baxt toʻkadi hur quchogʻiga.
Men ham uning tirnogʻiman-u,
Arzimayman, lek tirnogʻiga!
Ismaloqlar boʻyini tarab,
Bahor shoshsa yurgan joyiga,
Rabbim, meni gul qilib yarat,
Hech boʻlmasa, uning poyiga!..
Zebo MIRZO