Onamga

0
160
marta koʻrilgan.

Yigʻiga oʻxshagan tabassum bilan

Yana qoshingizga qaytmoqdadirman.

Bu yerda hech kimsa parvo qilmagan,

Dil rozimni sizga aytmoqdadirman.

Men osmondan yerga tushib qolganman,

Doʻstlar xiyonati boshimni egib.

Muhabbat, visoldan bezib qolgandim,

Hatto baxtiyorlik jonimga tegib.

Sheʼrsiz – bedard kunlar bisyor bunchalar,

Shodumon kunlarim ortiq koʻpaydi.

Ilhom meni sernoz malikalardek

“Fuqaro, fuqaro, fu, qaro!” deydi.

Qadahga egilgan boshni koʻtarsam,

Yuragim hirqirab soʻz aytdi ogʻir:

“Shoirmas soʻzni ming kuylarga solgan,

Sheʼrni deb ming kuyga tushganlar shoir!”

Asablar qaqshaydi dunyoga boqsam –

Hanuz toʻqnash kelar yetimlar, tullar.

Urush oʻchogʻining nafsi yomondir –

Unga oʻtin boʻlar bolalar, gullar!..

Biz qutlugʻ manzilga yetmogʻimiz shart,

Kurash intihosi – saodat zotan.

Oʻzni fido etmak ham axir bir baxt,

Biz vatanga kerak, bizlarga vatan!

Yasholmasang butun hayoting bekor –

Bir qalbda ishq boʻlib, saodat boʻlib.

Moviy kelajakka bormaslik darkor,

Ezgulikdan mashʼum “qora xat” boʻlib.

Manzilim olisdir, menga yoʻl tilang

Bobom Muqannaning koʻylagidek oq.

To zaminda tinchlik barqaror boʻlsin,

Dunyoning iqboli yanada porloq!

 

Aʼzam OʻKTAM

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.