Onam huzurida

0
97
marta koʻrilgan.

Yana koʻz oldimda tanish manzillar,

Bolaligim kechgan qirlar, dala, bogʻ…

Nastarin nafasli hattoki yellar,

Nahot bu oʻzingsan, aziz Yakkabogʻ?!

 

Poyimda necha bir safarlar tafti,

Koʻzlarimda oʻchmay yoniq hayajon,

Bezdirib shaharda hayotning zabti

Bagʻringizga qaytib keldim, onajon.

 

Yana bolalikka qaytaman bugun,

Kiyaman poklikning sodda libosin.

Yechilar yurakdan bor dardu tugun,

Unutib kattalar makru riyosin.

 

Sinfdosh joʻralar kelar birma-bir,

Siyrak saflariga bogʻaman xomush.

Xotiralar nogoh aylaru asir,

Ogʻushiga chorlar orombaxsh bir tush…

 

Yulduzlarga toʻla osmonga boqib,

Shirin xayollarga boʻlardim oshno.

Qizildaryo pastda yotardi oqib,

Chigirtkalar sasi – sehrli navo.

 

Tongdan kuymanardi hovlida otam –

Katta xonadonning tolmas savrari.

Oʻn bola yukidan egilgan onam

Non yopar, zahmatda qotgan qoʻllari.

 

Soʻngra nonushtaga yozar dasturxon,

Atrofga taralar shirchoyning hidi.

Kun boʻyi hovlidan arimas mehmon,

Darvozalar aslo yopilmas edi…

 

Yana qaytib keldim, ey, aziz maʼvo,

Yuzu koʻzlarimda yillar gʻubori.

Sendan boshlangandi men uchun dunyo,

Hayotimning esa tengsiz bahori.

 

Hali oʻchmagandir izlarim balkim,

Qadim Oʻrta qishloq tuproqlarida.

Nahot qolib ketdi shoʻx bolaligim

Toshqin Qizildaryo qirgʻoqlarida.

 

Baʼzan yuragimga sanchilganda gʻam,

Xotiralar ichra izlayman panoh.

Mashinalar toʻla koʻchalarda ham

Daryo shovqinini tuygandayman goh.

 

Olis bolalikdan tanish bu sado

Ruhimda uygʻotar bezovta tugʻyon.

Va lekin bilmasman daryomikan, yo

Guvranib oqarmi shiddatkor zamon.

 

Nosir MUHAMMAD

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.