QAYTISH
Meni koʻrib boshlanar darrov
Pistazorda shivir-shivirlar.
Bir-birining yelkasi osha
Ishonmasdan qaraydi qirlar.
Quvongandan shodon daraxtlar
Qiyqirishib urishtirar qoʻl.
Mendan oldin suyunchi soʻrab,
Uyga qarab chopib ketar yoʻl.
Otam kabi quchogʻin ochib,
Qarshi olar qari darvoza.
Chugʻurlashib shoʻx qaldirgʻochlar
Kelganimni qilar ovoza.
Qadrdonim, bolalik doʻstim,
Hovuch-hovuch tutgan gʻoʻralar —
Qoʻshni bogʻdan betoqat oʻrik
Devor osha qoʻyar moʻralab.
Dimogʻimga urilar birdan
Onam ekkan rayhonlar boʻyi…
Yuragimga chang solgan tugun
Shu asnoda yuborar qoʻyib…
TAASSUROT
Samarqandda ilk boʻlganimda
Titroq bosgan, bosgan hayajon.
Boshim uzra shundoq tepamda
Menga qarab turardi osmon.
Samarqandda ilk boʻlganimda
Soʻz deyarga til shaylanardi.
Lek demasdim, voajab, qarang,
Ostimdagi yer aylanardi.
Samarqandda ilk boʻlganimda
Hissiyotlar shunday quyilgan.
Balki unday boʻlmagan, balki
Menga faqat shunday tuyulgan…
Samarqandda ilk boʻlganimda…
VISOL
Yoʻllarimiz hijron rangida,
Togʻlar paydo boʻla boshlaydi.
Koʻzim yumsam, koʻzim oʻngida
Bogʻlar paydo boʻla boshlaydi.
Faqat senu men biladigan,
Faqat menu sen biladigan,
Ikkalamiz teng biladigan
Chogʻlar paydo boʻla boshlaydi.
Nozik koʻnglim bilar kipriging —
Yuragimni tilar kipriging.
O, nimalar qilar kipriging —
Dogʻlar paydo boʻla boshlaydi.
Desam buncha gulgun lolasan,
Hech ne demay jim uyolasan,
Bir jilmayib jonim olasan —
Chohlar paydo boʻla boshlaydi.
Koʻz oldimda koʻzing doimo,
Tushimda ham oʻzing doimo,
Qoshing qoqib bir qilsang imo
Mohlar paydo boʻla boshlaydi.
Sen goʻzal gul, faqat men uzsam,
Lablarimda gulgun may suzsam…
Xayolimda surating chizsam,
“Voh”lar paydo boʻla boshlaydi.
Yana ne dey, gulyuz dildorim,
Toʻlib turgan bu qalb – anorim
Yormoq uchun chogʻlansam bormi,
Ohlar paydo boʻla boshlaydi.
KOʻKLAM
Qorlar erib,
Sovuqlar ketib,
Vujudin tark etib karaxtlik,
Oʻzini bir boshqacha tutib,
Tili chiqib qoldi daraxtning.
Muhiddin ABDUSAMAD