Onam ekkan rayhonlar

0
1190
marta koʻrilgan.

Onam Ergashxon Yoʻldoshboy qizi xotirasiga

 

Hovlimizga jannat boʻyin taratgan,

Sabolarga ifor tutgan, yayratgan,

Koʻkdan oyu oftobni ham qaratgan,

Borligʻida malaklarmi nihonlar,

Rizvon ekan onam ekkan rayhonlar.

 

Kapalaklar arimasdi qoshidan,

Bolarilar ketolmasdi boshidan,

Unganmidi onamning bardoshidan,

Oh, kaftdagi jannat derdi, giryonlar,

Ehson ekan odam ekkan rayhonlar.

 

Garchi gul koʻp bu olamda iforli,

Qoʻl choʻzsang gar ozorligu tikonli,

Tarovatli, muslim kabi iymonli,

Uni koʻkdan tushirmishmi gʻilmonlar,

Jahon ekan onam ekkan rayhonlar.

 

Har tong turib siypardi gul yuzlarin,

Erkalagan ona kabi qizlarin,

Sirdosh bilib aytganmi dard, soʻzlarin,

Oʻsha chohlar neni qilmish bayonlar,

Doston ekan onam ekkan rayhonlar.

 

Boshim qoʻysam men koʻksiga onamning,

Rayhon isi chulgʻar edi tanamni,

Oh, u jannat tark etdimi olamni

Yaprogʻiga yigʻlab taqdim marjonlar,

Figʻon ekan onam ekkan rayhonlar.

 

Ona desam zor titraydi bu jonim,

Ketdim-ya bor davlatim, jahonim,

Mehribonim yoʻq, qayda u mehribonim,

Dardim endi qanday tutay pinhonlar,

Darmon ekan onam ekkan rayhonlar.

 

Sogʻinchimga bu dunyoda yoʻq chora,

Gʻarib bogʻman, bogʻbonsiz qalb ming pora,

Onamsiz men kim boʻldim, bir bechora,

Tatirmidi menga bu shirin onlar,

Davron ekan onam ekkan rayhonlar.

 

Bir kun men ham bu dunyodan oʻtarman,

Balkim qoʻlda rayhon bilan ketarman,

Shunday onam diydoriga yetarman,

Darkor emas bundan oʻzga unvonlar

Imkon ekan onam ekkan rayhonlar…

 

Minhojiddin MIRZO

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.