Onam derman

0
221
marta koʻrilgan.

Bu olamda ulugʻ zot kim,

Desang, yorim, onam derman.

Hayotim ustuni munis,

Vafodorim onam derman.

 

Gul umrim mashʼali oʻchmas,

Xayoldan surati koʻchmas.

Dilimga o, dili payvast

Madadkorim onam derman.

Bu olamda ulugʻ zot kim,

Desang, yorim onam derman.

 

Koʻzim nuri-yu darmonim,

Necha shodlik va armonim,

Kecha-kunduz nigohbonim,

Shifokorim onam derman.

Bu olamda ulugʻ zot kim,

Desang, yorim onam derman.

 

Ona farzandga bol bergay,

Muhabbat gullarin tergay,

Ham ardogʻlab, ham oʻrgilay,

Chamanzorim onam derman.

 

Uzoq ketsang, qolar dogʻda,

Kutar bedor sahar chogʻda.

Muqaddas ona tuproqda

Umidvorim onam derman.

 

Ayo, Yongʻin, onang et shod,

Yozib madhin va qilgin yod.

Ona birlan hayot obod,

Madadkorim onam derman.

Bu olamda ulugʻ zot kim,

Desang, doim onam derman.

 

Yongʻin MIRZO

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.