“Onam bilan ketmon chopgan ayollar…”

0
591
marta koʻrilgan.

ONA

 

Bu dunyoning bozorida baxt bormi,

Xudoyimdan tilaganing naqd bormi,

Oyogʻingga boshim qoʻysam dil osmon,

Ona, sening tovoningda taxt bormi?

 

Tulporlarga tushov uyat, tushov or,

Bedorlarning bolishida hikmat bor,

Ming dodimda bir ohingni gardi yoʻq,

Ona, sening olqishingda oyat bor.

 

Osmon uzoq, yer qattiq deb koʻp aytding,

Yoʻllar kutib darvozaga dard aytding,

Ona, yuzing tabassumlar talashsin,

Ajinlaring chehrangdagi shoh bayting.

 

Onasini bevaqt bergan baxtsiz koʻp,

Oh, onasiz taxtda turgan taxtsiz koʻp,

Otang ketsa darding toʻksang onang bor,

Onang ketsa chiqmas ekan koʻzdan choʻp.

 

Orom soʻzin osmoni ham onadir,

Qadr soʻzin qoʻrgʻoni ham onadir,

Sheʼringni qoʻy, Mahmud, onang koʻnglin top,

Jannatlarning posboni ham onadir.

 

 

ONAM BILAN KETMON ChOPGAN AYOLLAR

 

Borga boqmay, yoʻqni yoʻqlar xayollar,

Onamdek bokira, oftobjamollar,

Koʻrgim kelib toʻrt tarafga termuldim,

Onam bilan ketmon chopgan ayollar.

 

Bir tup rayhon qoshida yuz tiz bukkan,

Yigʻi kelsa yalpizlarga dil toʻkkan.

Qoʻlingiz gul, rayhon ekkan, gul ekkan,

Onam bilan ketmon chopgan ayollar.

 

Peshonangiz teri tomgan Momo Yer,

Qayda qoldi farishtadek momom der,

Qaldirgʻochlar qoʻlingizdan taom yer,

Onam bilan ketmon chopgan ayollar.

 

Bu dunyoning kori sira bitmagan,

Taqdir sizga ne yumushlar tutmagan,

Dilingizdan ayting nelar oʻtmagan,

Onam bilan ketmon chopgan ayollar.

 

Sochlaringiz qorlardan ham oq bugun,

Koʻngil yarim, koʻngil buncha toq bugun,

Oʻningizdan toʻqqizingiz yoʻq bugun,

Onam bilan ketmon chopgan ayollar.

 

Yomon yovdan hatto yoʻlbars oʻkirar,

Bitta ketmon bir erkakni choʻktirar,

Izingizda ne chamanlar gurkirar,

Onam bilan ketmon chopgan ayollar.

 

Bir oʻgʻilmiz, mingta oʻgʻil, xoʻsh nima,

Koʻrmaganmiz bizlar axir qoʻsh nima,

Goho oylab koʻrmaganlar goʻsht nima,

Onam bilan ketmon chopgan ayollar.

 

Siz Vatanning yuzidagi yogʻdusi,

Siz poklikning tovlanguvchi tuygʻusi,

Ketmon betin kuydirgan goh qaygʻusi,

Onam bilan ketmon chopgan ayollar.

 

Shoyi sotib alp yigitlar shod kelar,

Mahmud kabi koʻp shoirlar mot kelar,

Dil tubidan bilmam qanday dod kelar,

Onam bilan ketmon chopgan ayollar.

 

 

SOGʻINCH

 

Sogʻinch sidirmoqda koʻngil qonimni,

Armon oʻrtamoqda jismu jonimni,

Koʻrgim kelaverar onajonimni,

Daryosin axtargan irmoq kabiman,

Daraxtdan uzilgan yaproq kabiman.

 

Charx urib hovlimga sigʻmay qolaman,

Joyin boʻsh koʻrganda ohman, nolaman,

Men tonglar duoni kimdan olaman,

Kiprikda jon tutgan tomchi kabiman,

Tamshansam, nazdimda koʻzyosh taʼmiman.

 

Huvillab qolgandek bu dunyo goʻyo,

Tunlar toʻlgʻongan tosh, kunlar zim-ziyo,

Onajon, kimda bor sizdagi ziyo,

Quyoshin qidirgan somon kabiman,

Bogʻida guli yoʻq bogʻbon kabiman.

 

Ona, qabringizga qaytib boraman,

Qandogʻ alvido deb aytib boraman,

Sizni sogʻinganda dili poraman,

Zam-zam qoshidagi tashna kabiman,

Endi izingizning yongan shamiman.

 

Mahmud TOIR

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.