Onaginam

0
100
marta koʻrilgan.

Baxt izladim men dala-dashtdan,

Orzuim bol, umidim asal.

Onaginam! Seni aldashdan

Halokatni sanadim afzal.

 

Sermast qildi chamanlar vasli,

Qaygʻurmadim rizqi roʻzimni.

Yashadim men bagʻishlab, asli,

Faqat oʻzgalarga oʻzimni.

 

Bilmam, uchdim qanchalab chaqrim,

Goh magʻlub, goh gʻolib keldim men.

Bol deb mehrim, asal deb faxrim,

Topganimni olib keldim men.

 

Gullar ichdim ichgandek qasam,

Loyiq boʻldim zahmatkash safga.

Balki… balki yangilishib baʼzan

Qoʻnib qoʻydim sassiq alafga.

 

Noz boʻylardan uygʻonib sahar

Uchmoqqa yoʻq, ehtimol, haqqim.

Balki, asal deganim zahar,

Bol deganim, ehtimol, zaqqum.

 

Xullas, oʻzing bilasan, onam,

Sen ming sirdan xabardor hakiym.

Xohla, meni qabul et, mana,

Xohla, boshim uzib tashlagin.

 

Matnazar ABDULHAKIM

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.