Ona

0
102
marta koʻrilgan.
Gʻafur Gʻulom

Tugʻilgan damimni eslay olmayman,

Tashakkur deyilsa arzigulik tong.

Tanam yoʻrgaklangan, mushtim tugʻilgan,

Oltin rudasiday ishlanmagan ong.

 

Hali bepardozman, olam jamolin

Koʻra olmaslikka koʻzim ham ojiz.

Tanglayim koʻtargan bibim bechora

Kim edi, bilmayman oʻlgandir, esiz.

 

Birinchi tamshangan ona sut qadrin

Asl oʻgʻil boʻlib oqlash eʼtibor.

Tevarak olamga ziynat sanalur

Ona yurt bagʻrida koʻrkam har chinor.

 

Qirq yil hadeguncha oʻtib ham ketdi,

Oʻgʻlingni koʻrsayding yetuk kamolin.

Kutib yetisholmay bizga qoldirgan

Shunchalar muhayyo olam jamolin.

 

Dunyoday alvon rang dasturxon yozib,

Sening oilangda hammamiz obod.

Kumush uzugingni barmoqdan olib,

Ushbu sheʼrim bilan seni qildim yod.

 

Xuddi yurak ustida

Erkalagan qoʻling bor.

Sochimni silab qoʻygan

Panjang izi – yoʻling bor.

 

Ufqlardan keng eding

Bagʻringga olgan chogʻi.

Oʻzligimni tanitgan

Onaginam quchogʻi.

 

Mingga kirib oʻlsam ham,

Quloqda quyma allang.

Quyoshga qoʻshnimiz, deb

Koʻrsatganing ming-ming rang.

 

Oʻzing, axir, nimasan,

Qoyamisan, togʻmisan?

Oʻzing axir nimasan,

Jahonmisan, bogʻmisan?

 

Rangmisan, quyoshmisan,

Oʻammasidan ulugʻsan!

Yetuk-yetuk soʻzimni

Shaʼningga aytguliksan.

 

Hoynahoy, bir kitobsan,

Minglab qomusdan baland.

Hoynahoy oftobsan,

Men esa senga farzand.

 

Gʻafur Gʻulom

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.