“Ona qalbi oʻxshar oydin buloqqa…”

0
780
marta koʻrilgan.

SEN ONA…

 

Alisherga alla aytib uxlatgan

Sen – ona.

Ogʻushida Bobur kamolga yetgan

Sen – ona.

Torobiyni ogʻir jangga joʻnatgan

Sen – ona.

Olamni nurida munavvar etgan

Sen – ona.

Yigʻlasa, dunyoni raso titratgan

Sen – ona.

Kulgisi saodat parvarish etgan

Sen – ona.

Dohiylar beshigin bedor tebratgan

Sen – ona.

Mehri bahorida elni yashnatgan

Sen – ona.

Yagona oʻgʻlingni joʻnatding jangga,

Boʻl bardam, ona!

Onaday oshiq yoʻq ona Vatanga,

Muhtaram ona…

 

 

ONAGINAM

 

Tovonimga chaqir tikanakday botuvchi – gʻashlik,

Bedavo sizloviqday sizlatguvchi – gʻashlik.

Jigarimni qiymalab ahyon-ahyon,

Chuchvaraga chekkuvchi – gʻashlik.

Meni oʻylab notavon va nimjon,

gʻashimga tekkuvchi – gʻashlik.

Suyaklarimni sirqiratib,

och tevatday gʻajiguchi,

Koʻzimga yosh tirqiratib,

jigʻildonimda achchiq boʻzaday achiguvchi gʻashlik…

Dunyoga qayta kelishimga koʻzim yetsaydi,

Yigit yoshim toʻlmay turib,

Ayriliq zaylida qoq yogʻochday qurib

Jon bergan onamni koʻrishimga

koʻzim yetsaydi,

Tizzasiga bir nafas bosh qoʻyishimga

koʻzim yetsaydi,

Onalik mehriga oʻbdon toʻyishimga

koʻzim yetsaydi,

Oq sutingni oqlay, deyishimga

koʻzim yetsaydi,

Menda gʻashlik netardi?

Yantoq oʻtinidek,

Tamaki tutunidek,

Tong paytida taralgan badbaxtlik tunidek –

Cheksiz fazolarga tarqab ketardi!

Onaginam!

Odam boʻldimmi menam?

Yigit yoshimgacha bir chelak suv keltirib

bermagan boʻlsam,

Yo tashnaligingda bir kosa sharbat toʻldirib

bermagam boʻlsam,

Yo non yopishing uchun,

Hatto bir yoʻla, bir kun

Sahrodan oʻtin orqalab kelmagan bolangman…

 

Ogʻzingdan soʻz chiqmay, yelmagan bolangman…

Sening arzimas bir yumushingni ado etolmaganim,

Sening bir ishorangga yuz oʻmbaloq oshib ketolmaganim!

 

Seni jindak xushvaqt qilgani,

Seni jindak xushbaxt qilgani –

Tagsiz jarlardan oʻtolmaganim,

Seni soʻnggi yoʻlga oʻzim kuzatolmaganim –

Togʻday zil.

Abadiyatday cheksiz armon boʻlib qoldi dilimda,

onaginam!

 

Odam boʻldimmi menam?

Ha, odam sanashar meni elimda,

Senga qilolmagan xizmatim,

Sen deb chekolmagan zahmatim –

Jindak zehnim, jindak sheʼrim, jindak gʻazalxonligim

Onalik mehriga toʻymagan mehrim,

jindak yaxshilik va yomonligim

Meni odam sanagan elimga baxshida,

jafodiyda onaginam!

Elga xizmatim – senga xizmatim emasmi axir,

El meni farzandim demasmi axir!

Rozi boʻl, odam sanalay menam…

Dunyoga qaytib kelurman,

Lekin boshqa oʻgʻil boʻlib…

 

 

ONAGINAM

 

… Ona bagʻrin qoʻmsab oʻtdi goʻdaklik,

Taqdir olib ketmish edi yiroqqa.

Goh oʻksuklik, gohi shoʻxlik, tentakli,

Tagʻin bir yoz qaytib keldim qishloqqa.

 

Ne koʻrayin? Ketmon yotur zang bosib,

Sopi siniq, qarab boʻlmas oʻroqqa.

Ogʻil, chetan, quduq boshi chang bosib,

Onam shoʻrlik oʻxshar jonli qurchoqqa.

 

Koʻz yoshini artib roʻmol uchida,

Manglayimdan oʻpib, tutar soʻroqqa.

Singlim koʻzi milt-milt, hovli burchida,

Hovli oʻxshar hozir yuz bir quroqqa.

 

“Koʻz oydin!” deb olis-yaqin kelishar:

“Kelding chogʻi tagʻin toʻrt kun qoʻnoqqa?”

Vaqt tigʻiz-da, bular qaydan bilishar,

Biri uyga, biri chorlar ovloqqa.

 

“Tulpor toʻgʻri chortoq tomon choparmish,

Sen ham axir chopib kelgung chortoqqa.

Ot aylanib, qozigʻini toparmish,

Sen ham axir topib kelgung shu yoqqa…”

 

Biri u der, biri bu der, xushvaqtlik,

Sakrab ketgum kelar oʻxshab tayloqqa.

Yaxshi tilak, yaxshi orzu, xushbaxtlik,

Mayli borsam borib kelay yayloqqa.

 

Vaqt tigʻiz-ku, lekin ancha turgim bor,

Tagʻin tushgum, qaydam, qanday soʻqmoqqa.

Onaginam koʻz oldida yurgim bor.

Ketmam, toʻlqin itgʻitganday qirgʻoqqa.

 

Tong otmayin oʻroqni ham soplagum,

Ketmonni ham duch qilgayman qayroqqa.

Loy qilaman, loyga somon qoplagum,

Erta bilan doʻstlar kelur shuvoqqa.

 

Qaydan bilsin ne savdolik yosh boshim,

Ona qalbi oʻxshar oydin buloqqa.

Xayollarda sovib qolar soʻk oshim…

 

***

Onaginam oʻtin qalar oʻchoqqa…

 

Mirtemir

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.