“Olam intiq yashar yaxshi niyatga”

0
141
marta koʻrilgan.

Omonlik

 

Qanot qoqqan kushday ucharkan fursat,

Ezgu niyatlarim qalbimda nihon.

Omonlik tilayman senga tabiat,

Ey, dunyoyi qadim, omon boʻl, omon!

 

Omon boʻl, bosh ustim – sirli koinot

Va yana begʻubor osmon, omon boʻl!

Omon boʻl, men sevgan mustaqil hayot,

Va yana osuda zamon, omon boʻl!

 

To, mening koʻzimdan toʻkilmasin yosh,

To, gavdam chang boʻlib uchmasin yiroq.

Omon boʻl, murabbiy, ey, saxiy quyosh,

Omon boʻl, ona yer va tanti tuproq!

 

Yildirim yillaru chopagʻon kunlar.

Kecha-kunduzlarga omonlik boʻlsin.

Nurafshon tonglar va durafshon tunlar,

Oyu yulduzlarga omonlik boʻlsin!

 

Shoʻr suvli dengizlar va moviy koʻllar,

Oq qorli togʻlar, hey, sizga omonlik!

Qurigan daryolar, suvga zor choʻllar,

Shahar, qishloqlar, hey, sizga omonlik!

 

Shu tilak yor boʻlsin chechak-gullarga,

Buloq suvlariga shudir tilagim.

Shu tilak yor boʻlsin shoʻx bulbullarga,

Yil fasllariga shudir tilagim.

Olam yuragida hali koʻp armon,

Olam intiq yashar yaxshi niyatga.

Men jumla jahonga tinchlik tilarman,

Omonlik istarman bashariyatga!

 

To, inson qolmasin gʻam kunjida hech.

Toki, umidlarni yengmasin qaygʻu.

Omon boʻl, baxt-iqbol, omon boʻl, sevinch,

Omon boʻl, muhabbat atalgan tuygʻu!

 

Hasad tark etmagan hali dunyoni,

Tish qayrab yashaydi hali koʻp gʻanim.

Omon boʻl, toabad hurlik maskani,

Ona Oʻzbekiston – mening Vatanim!..

 

Isming

 

Qizik-ku… men uygʻonar boʻlsam,

Chehrang nari ketmas koʻz oldimdan.

Tilim qaysi soʻzga shaylanar boʻlsa,

Isming chiqib ketar ogʻzimdan.

 

Gʻalati-ya… Ochqab, qurisa sillam

Yo chanqasam, olov chiqsa boʻgʻzimdan.

Non bering, suv bering, deyolmam, illo,

Isming chiqib ketaverar ogʻzimdan.

 

Ajab… juda qiziq, juda gʻalati,

Doʻst, tanishlar chikib kolar oldimdan.

Salom berib, hayron-hayron qoladi,

Isming chiqib ketaverar ogʻzimdan.

 

Kirdim doʻkonlarga, idoralarga,

Uzun navbatlarda intiq turdim, men.

– Nima kerak? – deya soʻraganlarga,

Ismingni takrorlab aytaverdim men.

 

Ey, sen – malaksiymo,

Ey, mehri nodir,

Tuproq olar boʻlsa bir kun jismimni.

Dunyoga men xayru xoʻsh aytayotib,

Takrorlab ketaman goʻzal ismingni.

 

Naqadar

 

Qaragin, osmonning yulduzlariga,

Naqadar dilbardir, naqadar chaqnoq!

Qaragin, qamarning yuz-koʻzlariga,

Naqadar goʻzaldir, naqadar porloq!

 

Nazar sol, suvlarning jimirlariga,

Naqadar yoqimli, naqadar mavjli!

Quloq tut, barglarning shivirlariga,

Naqadar hassosdir, naqadar avjli!

 

Qarasang-chi, tollar senga egilar,

Naqadar taʼzimkor, naqadar maftun!

Sendan boʻsa tilab shabboda yelar,

Naqadar sargardon, naqadar Majnun!

 

Koʻkragimga birpas qoʻyib tur boshing,

Naqadar oshiqman, naqadar intiq!

Sen qalbimni tingla, men oʻpay soching,

Naqadar sevaman men seni qattiq!

 

* * *

 

Sevishmadik bizlar chinakam,

Qadrimizni oshirib keldik.

Yuraklarda yongan oʻtni ham

Ne uchundir yashirib keldik.

 

Mana, endi, turibmiz besoʻz,

Ahvolimiz bir-birga ayon.

Mening yuragimda bir afsus,

Sening yuragingda bir armon.

 

Duo

 

Hayot shunday dono!

Oʻz hikmatlarin

Insonlar koʻngliga joylayveradi.

Moziy va kelajak bashoratlarin

Momolar tilidan soʻylayveradi.

 

Jim qol, ey, tabiat,

Jim qol, ey, bashar,

Tomosha qil hikmat jilolarini.

Quloqqa sirgʻaday taqsang yarashar

Oʻzbaki kampirlar duolarini!

 

Balogʻat

 

Quvvatga kirganday palapon qanot,

Turibsiz bamisli toʻda-toʻda qush.

Qani, bagʻringni och, bagʻri keng hayot,

Salom, ey, sir toʻla serjarang turmush!

 

Men jim turayinmi, shodumon koʻzim

Shamshod qaddingizdan quvongan kezda?

Mening tilaklarim, mening ovozim

Sado bergay toza yuragingizda.

 

Hayajon sigʻsinmi ushbu on ichga,

Koʻkka tegib turar aziz boshingiz.

Tashbeh izlamasman ushbu quvonchga,

Bahorga egizdir joʻshqin yoshingiz.

 

Chamanda yuz ochgan nozik gʻunchaning

Atri ham, umri ham jonga toʻtiyo.

Siz pisand qilmassiz uncha-munchani,

Farhodsiz, Shirinsiz, Tohirsiz, Zuhro!

 

Turibsiz istiqbol gulini ushlab,

Mustaqil hayotga saqlab chin ixlos.

Siz-ku, goʻzallikka, poklikka esh qalb,

Sof tuygʻu, olov his, inja ehtiros.

 

Sinfga, ustozlarga xayru xoʻsh endi,

Bolalik, oʻsmirlik ketgandir oʻtib.

Ongga ong, kuchga kuch, boʻyga boʻy mindi,

Eng ulkan maktabga keldingiz yetib.

 

Bundadir yashashning asl maʼnosi:

Mehnat bor, zahmat bor, tashvish bor, gʻam bor,

Baxt bor, halovat bor, ishqning havosi,

Muruvvat va nafrat – barchasi bisyor.

 

Shikasta hislarga aslo bermay dil:

Intiling, intiling istiqbol sari.

Eng yaxshi ukamsiz, eng yaxshi singil,

Oliy tilaklarim sizgadir bari.

 

Sizga erkin tole, porloq kelajak,

Baxtingiz hech qachon boʻlmasin yarim.

Sizdan Oʻzbekiston quvvat olajak,

Balogʻatga yetgan vatandoshlarim!

 

Muzaffar AHMAD

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–8

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.